menu
Yashirincha xususiylashtirish, metan-shoxobchadagi voqea va yoshlarga yangi imkoniyat - hafta dayjesti.
“O‘zbekneftgaz”ning benzin shoxobchalari yopiq eshiklar ortida xususiylashtirildi. Davlat kompaniyasi Zeromax'ning millionlab yevro qarzlarini to‘lashi mumkin. “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha 23 kishiga hukm o‘qildi. IELs kabi imtihonlarda yuqori ball olgan yoshlarga o‘qish xarajatlari ham qoplab beriladi. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

“O‘zbekneftgaz”ning benzin shoxobchalari yopiq eshiklar ortida xususiylashtirildi. Davlat kompaniyasi Zeromax'ning millionlab yevro qarzlarini to‘lashi mumkin. “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha 23 kishiga hukm o‘qildi. IELs kabi imtihonlarda yuqori ball olgan yoshlarga o‘qish xarajatlari ham qoplab beriladi. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

YTHlar bo‘yicha fojiali raqamlar

Haftaning eng muhim raqami – 263. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aynan shuncha bola o‘tgan yili O‘zbekiston yo‘llaridagi avtohalokatlar oqibatida halok bo‘lgan. Bunga qo‘shimcha yana 1568 ta bola jarohatlangan. Ular orasidan qanchasi mayib-majruh bo‘lib qolgani ma’lum emas. Bu raqamlardan kelib chiqadiki, O‘zbekistonda har kuni o‘rtacha 4 ta bola avtohalokatlarda jarohat olyapti, haftasiga 5 ta bola halok bo‘lyapti.

2023 yilda ro‘yxatga olingan yo‘l transport hodisalari soni 9839 ta tashkil etgan. Ularda 9209 kishi jarohatlangan, 2282 kishi halok bo‘lgan. Yil davomida jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik, xususan 13 milliondan ortiq qo‘pol qoidabuzarlik qayd etilgan. 42 mingta holatda haydovchilar mast holda avtomobil boshqargani aniqlangan.

Bu raqamlar chorshanba kuni Senatning xavfsizlik qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilindi. Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bunday statistikasini ochiqlamay qo‘yganiga ancha bo‘lgan. Bunga boshqarma o‘z oldiga qo‘ygan vazifaning beshdan birini ham bajarolmayotgani sababdir, ehtimol. O‘tgan yili boshida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati 2023 yilda YTHlar va ulardagi o‘limlar sonini 15 foizga kamaytirishni maqsad qilib qo‘ygandi. Amalda esa qurbonlar soni 3 foizga kamaygan bo‘lsa, jami avariyalar sonidagi kamayish 1 foizga ham yetmadi.

Metan-shoxobchada navbat talashish janjalga olib keldi

Seshanba kuni kechqurun internetda tarqalgan video ko‘pchilikni to‘lqinlantirgani bilan haftaning eng ko‘p muhokama qilingan mavzularidan biri bo‘ldi. Videoda ko‘rinishicha, bir guruh erkaklar metan-shoxobchalarning birida 2-3 yigitni do‘pposlagan, ularni yerda yotganiga qaramay ayovsiz tepishda davom etavergan. Jinoyatchilar nariroq ketgach, yigitlardan biri o‘rnidan turolmay qolgani, unda ehtimol konvulsiya holati kuzatilayotgani ayon bo‘ladi.

Video internetda tarqalganidan to rasmiy ma’lumot berilgunga qadar o‘tgan bir necha soat davomida yigitning sog‘ligi haqidagi ma’lumotni butun O‘zbekiston kutdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Rasmiylarga ko‘ra, voqea dushanba kuni Yuqori Chirchiq tumanida ro‘y bergan va unda hech kim vafot etmagan. Rasmiy axborotga nisbatan shubhalarni aritish uchun Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi yigitning sog‘lom holda ko‘ringan videomurojaatini e’lon qildi.

“Zapravkadagi holat ko‘rsatilgan videodagi bola menman. Meni o‘ldi deb tarqatib yuborishibdi. Lekin hamma joyim sog‘. Hammasi yaxshi. Unaqa video tarqatmasligingizni iltimos qilaman”, deydi jabrlanuvchi.

Holat yuzasidan bezorilik moddasi bilan jinoyat ishi ochilgan. Eslatib o‘tamiz, havo haroratining pasayishi ortidan boshlangan metan-shoxobchalardagi odatiy cheklovlar va uzun navbatlar qariyb 2 haftadan beri saqlanib qolyapti. Fevral oyi boshida Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida ham metan-shoxobchada janjal yuz bergan, oqibatda 23 yoshli yigit hushini yo‘qotib, shifoxonaga olib ketilayotganida vafot etgan edi.

Navbatdagi yopiq xususiylashtirish

Gaz yetishmovchiligi sharoitida benzinga bo‘lgan talabning oshishi va bu talabni qondirishdagi muammolar tabiiy ravishda benzin qora bozorini vujudga keltirmoqda. Hafta davomida Toshkent shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar benzinni “qo‘l”da sotib kelayotgan 13 kishini aniqladi. Ulardan jami 5,6 tonna benzin ashyoviy dalil sifatida olingan. Ai-80dan Ai-95gacha bo‘lgan markalardagi bu mahsulotlar qanday to‘plangani, ular aynan qaysi hududlardagi qora bozorda sotilgani ma’lum emas. Lekin benzin masalasida haftaning eng asosiy yangiligi – boshqa.

Juma kuni jamoatchilik davlatga tegishli UNG Petro nomli benzin shoxobchalari tarmog‘i xususiylashtirilganidan xabar topdi. Korxona va tashkilotlar reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, tarmoqqa egalik huquqi “Petroleum Technology Group” MChJga o‘tgan. Bu kompaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli. Unga qarashli kompaniyalar avvalroq MXXning Toshkent markazidagi sobiq binosi va O‘zbekistondagi eng yirik spirt zavodini ham xususiylashtirib olgani bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgandi. OAVda Komilovning Rossiyadagi yirik aktivlari haqida ham ma’lumotlar bor.

Respublika bo‘ylab 80 ga yaqin AYoQShlarga egalik qiladigan “UNG Petro” MChJ qachon va qancha narxga sotilgani ma’lum emas. Kompaniya xususiylashtirilishi haqida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘tgan yili may oyida e’lon qilgan, lekin shundan keyin na savdo jarayoni haqida va na uning g‘olibi haqida hech qanday xabar berilmagandi.

Shunisi aniqki, dushanba kuni UNG Petro shoxobchalarida Ai-80 benzini narxi 6800 so‘mdan 7000 so‘mga oshganida bu borada “O‘zbekneftgaz” rasmiy izoh bergan edi. Shundan kelib chiqib, 26 fevral holatiga shoxobchalar davlatga tegishli bo‘lganini taxmin qilish mumkin. Qolaversa, “O‘zbekneftgaz”ning izohi yana bir jihatga ko‘ra ahamiyatli. Kompaniyaning bildirishicha, hozirda Rossiyadan olib kelinayotgan import benzinning ichki iste’moldagi ulushi naq 40 foizga yetgan. Rasmiylar Ai-80ning qimmatlashishi aynan shu omil bilan bog‘liq ekani, ya’ni import benzinning narxi ko‘tarilgani ichki bozorda ham narx oshishiga olib kelganini ma’lum qildi.

Shu tariqa, Rossiyaga gaz masalasida bog‘liqlik ortayotgani haqidagi xavotirlar yoniga, benzin importining diversifikatsiya qilinmayotgani ham qo‘shildi. Qo‘shimchasiga, Rossiya tomoni AES masalasini ham to‘xtovsiz eslatib turibdi. “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachevning shu hafta ma’lum qilishicha, uning kompaniyasi bir nechta davlatlar, xususan O‘zbekiston bilan ham kichik AESlar qurilishi masalasida muzokaralar boshlagan.

“Dok-1 Maks” ishi. Birinchi instansiya sudi yakunlandi

Toshkent shahar sudi “Dok-1 Maks” ishida ayblanayotgan 23 kishining barchasini bir qator jinoyatlarda aybdor deb topdi. Sudlanuvchilarga shartli jazo, axloq tuzatish, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazolar qo‘llandi.

26 fevral kuni e’lon qilingan hukmga asosan, Quramax Medical'ning hindistonlik direktori Singh Ragvendra Pratap 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U pora berish, hujjatlarni qalbakilashtirish, sifatsiz dori vositalari savdosi va soliqlardan bo‘yin tovlash jinoyatlarida aybli deb topildi. Pratap jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin O‘zbekistondan deportatsiya qilinadi. Quramax'da uning qo‘l ostida ishlagan uch nafar O‘zbekiston fuqarosidan biriga shartli jazo, ikki nafariga esa qariyb 4 yillik ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Qolgan sudlanuvchilarning deyarli barchasi – Farmatsevtika agentligi tizimi vakillari. Agentlikning sobiq rahbari Sardor Kariyev 18 yilga, uning farmnazorat sohasidagi ikki o‘rinbosari 16 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Ishni ko‘rgan sudya Muso Yusupovning aytishicha, Kariyevning boshqa bir sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Egamovning harakatlariga huquqiy baho berish masalasida tergov organiga xabarnoma yuborilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, 7 nafar sudlanuvchidan 80 nafar bolaning ota-onasiga jami 75,6 mlrd so‘m ma’naviy zarar undirish belgilandi. Bunda vafot etgan 68 nafar va sog‘lig‘i o‘ta og‘ir ahvoldagi 4 nafar bola uchun 1 mlrd so‘mdan, sog‘lig‘ining holati qoniqarli bo‘lgan 4 nafar bola uchun 500 mln so‘mdan, sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bola uchun 200 mln so‘mdan undiriladi. Bolalarning ota-onalariga moddiy zarar masalasida fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Zeromax'ning qarzini “O‘zbekneftgaz” to‘laydimi?

Toshkentning “Bunyodkor” klubi braziliyalik futbolchilar Rivaldo va Denilsonga salkam 9,5 mln yevro to‘lashi kerak. Bu haqda FIFAning intizomiy qo‘mitasi qaror chiqardi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yuborilgan qarorga ko‘ra, klubning Rivaldo oldidagi qarzdorligi 8,1 mln yevro, Denilson oldidagi qarzdorligi 1,1 mln yevroga baholangan. Bu summalar ichiga vaqtida to‘lanmagan mukofot pullari, to‘lash kechiktirilgani uchun hisoblangan foizlar, shartnoma bekor qilingani uchun belgilangan tovon pullari va futbolchilarning sud xarajatlari kiradi. Bundan tashqari, shunday holatga yo‘l qo‘ygani uchun “Bunyodkor” 30 ming frank jarimaga tortilgan.

Klub direktori Murod Aliyevning aytishicha, 9,2 mln yevro – bu klubning 2-3 yillik budjetiga teng. Braziliyalik futbolchilar bilan shartnomani o‘sha paytda Zeromax kompaniyasi tuzgan, lekin klub bilan ham qo‘shimcha kelishuv imzolangan. Ayni paytda huquqshunoslar to‘lov miqdorini kamaytirish ustida ish olib boryapti. Aliyevga ko‘ra, bu qarzni to‘lash masalasini klubning egalari, ya’ni “O‘zbekneftgaz” hal qiladi. Uning bu so‘zlari soliq to‘lovchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Chunki “O‘zbekneftgaz” salkam 10 mln dollarlik mablag‘ni “Bunyodkor”ning qarzini to‘lashga ishlatish o‘rniga, dividend qilib davlatga to‘lashi, davlat esa bu pullarni ijtimoiy xarajatlarga yo‘naltirishi mumkin.

14 yildan beri davom etayotgan bu moliyaviy nizo nima bilan tugashi noma’lum, lekin yakunda bu pullarni davlat kompaniyasi to‘lab beradigan bo‘lsa, bu qaror faqat bittagina holatda to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. U ham bo‘lsa, “Bunyodkor”ning boshog‘riq qarzlarini yopib berish evaziga, davlat futbol klublarini boqishi qanchalik xato ekanini tushunishi va professional futbolni moliyalashtirishni to‘xtatishi kerak.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Amudaryo ustidan o‘tuvchi temiryo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigi ochildi. Ochilish marosimida ishtirok etgan prezident Shavkat Mirziyoyev bu ko‘prik o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi og‘zibirlik va hamkorlik ko‘prigi ekanini ta’kidladi. Davlat rahbarining tashrifi davomida Xorazmda 10 mlrd dollarlik gaz-kimyo majmuasi qurilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, viloyatda turizmni rivojlantirish choralari belgilandi. Qoraqalpog‘istonda bo‘lgani kabi, Xorazm tadbirkorlari uchun ham alohida imtiyozlar joriy etiladi.

Toshkentda ilk marta ayol haydovchilar avtobus boshqara boshladi. 28 fevral kuni “Toshshahartransxizmat” tizimida ikki nafar ayol xodim katta sig‘imli avtobuslarda bir oylik amaliyot o‘tay boshladi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ayol haydovchilarning avtobus va og‘ir yuk mashinalarini boshqarishiga doir taqiq fevral oyi o‘rtalarida bekor qilingan edi. Bu – o‘tgan yili poytaxt uchun mingta yangi avtobus sotib olingani, 2024 yilgi davlat dasturiga asosan, yil oxirigacha viloyatlarga 900 ta avtobus olib kelinishi kutilayotgani, ya’ni avtobus haydovchilariga talab oshgani fonida ro‘y bermoqda.

Chet tilini o‘rganish istagidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangilik kiritilmoqda. 2021 yildan boshlab, yuqori ball bilan til sertifikatini olgan yoshlarga imtihon xarajatini qoplab berish yo‘lga qo‘yilgan edi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, bunga qo‘shimcha tarzda endi xususiy kurslarda o‘qib, C1 sertifikatini olgan yoshlarga 6 oylik o‘qish xarajatlari ham qoplab beriladi. Nemis, fransuz, koreys, yapon va xitoy tillari bo‘yicha esa B2 darajasi sertifikatini olish xarajatlari kompensatsiya qilinadi.

Ona tili va tarix o‘qituvchilariga ustama to‘lanishi prezident farmoni bilan tasdiqlandi. 2024 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, milliy sertifikat olgan ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari o‘qituvchilariga 50 foizlik qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Ustama to‘lash 2025 yil 1 yanvardan boshlanadigan bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan davlat dasturi loyihasida bu muddat 2024/25 o‘quv yili boshidan, ya’ni 2024 yil sentabrdan boshlanishi ko‘zda tutilgandi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!