menu
Alisher Qodirov Rossiya rasmiysiga muammolarga to‘la o‘z ichki ishlari bilan shug‘ullanishni maslahat berdi
Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchini urgani yuzasidan O‘zbekistondan tushuntirish so‘ragandi

Alisher Qodirov Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchini urgani yuzasidan O‘zbekistondan tushuntirish so‘raganiga munosabat bildirdi.

Unda bola huquqi O‘zbekiston maktabida, O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzilganini va chorasi O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘rilishini ta’kidladi.

O‘zi nima gap?

Toshkentning Chilonzor tumanidagi 188-maktabda rus tili fani darsida o‘qituvchi 6-sinf o‘quvchisini urdi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhida yozilishicha, o‘qituvchi rus sinfiga darsni o‘zbek tilida o‘tgan. O‘quvchi darsni rus tilida o‘tishni so‘ragan. Shundan so‘ng videoda aks etgan holat yuz bergan.

Mariya Zaxarova Rossiya O‘zbekistondan yuz bergan hodisaga huquqiy baho berishni va bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan aybdorga qarshi choralar ko‘rishni so‘raganini aytdi.  “Bu masalani diqqat-e’tiborimiz markazida tutamiz”, dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bolani urgan ayol sinov muddati bilan maktabga ishga taklif qilingan, videodagi voqea uning dastlabki ish kunida sodir bo‘lgan. Voqeadan xabar topgan o‘quvchining ota-onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Ayni paytda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu ayol boshqa bir qancha huquqbuzarliklar sodir etgani aniqlandi. Qizi o‘qiydigan boshqa maktabda maktab direktori o‘rinbosari bo‘lgan ayolga jismoniy kuch ishlatgan, Milliy gvardiya va IIO xodimlariga nisbatan g‘ayriijtimoiy munosabatda bo‘lib, ularining qonuniy talablarini bajarmasdan keskin qarshilik ko‘rsatgan.

Bunday qilmishi uchun unga 25-sentyabr kuni 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi, BHMning 3 baravari (1 020 000 so‘m) va BHMning 7 baravari (2 380 000 so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!