menu
Pokistonda turmushga chiqishdan bosh tortgan qizini o‘ldirganlikda ayblangan ona hibsga olindi
2021-yili Italiyada jinoyat sodir etib, mamlakatdan qochib ketgan ona, Kashmir atrofidagi qishloqda aniqlangan

Pokiston politsiyasi 31-may kuni turmush qurishdan bosh tortgan o‘smir qizini o‘ldirishda ayblangan ayolni hibsga oldi. Bu haqda Pokistondagi mahalliy nashrlarga tayanib, BBC xabar berdi.

18 yoshli Saman Abbos 2021-yilda turmushga chiqishdan bosh tortgani uchun onasi tomonidan o‘ldirilgani xabar qilingan. Bu paytda qiz, uning onasi Nazia Shahin hamda otasi Shabbar Abbos Italiyada yashayotgan bo‘lgan.

Sodir bo‘lgan ayanchli hodisadan so‘ng Nazia Shahin hamda Shabbar Abbos Italiyadan qochib ketgan. Italiya sudi Nazia Shahinni 2023-yilning dekabrida qotillikning bevosita ishtirokchisi sifatida ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan.

Vafot etgan qizning otasi Shabbar Abbos 2023-yilning avgustida Pokistonda mahalliy politsiya tomonidan ushlangan. Keyinchalik esa Italiyaga ekstraditsiya qilingan. Qizning onasi esa hali-hanuz ozodlikda qolib kelayotgan edi.

51 yoshli Nazia Shahin Interpol va Pokiston federal politsiyasi hamkorligidagi operatsiya davomida Kashmir chegarasidagi qishloqda aniqlangan. U hibsga olinib, juma kuni mamlakat poytaxti Islomoboddagi sudga ekstraditsiya jarayonlari uchun olib kelingan.

Manbada aytilishicha, vafot etgan o‘spirin qiz Saman Abbosning oilasi 2020-yilda Italiyadan Pokistonga ko‘chib ketishni rejalashtirgan. Bundan maqsad qizni turmushga berish bo‘lgan.

Bir muddat qochib yurgach, Novellaradagi oilaviy uyiga qaytgan qiz to‘satdan g‘oyib bo‘lgan. Bu holatdan shubhalangan qizning amakisi uni izlashga kirishgan.

Ekspertiza qiz qattiq bo‘g‘ish oqibatida bo‘yin suyagi sinib, vafot etganini ko‘rsatgan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!