qarashlar
Qoʻshimcha funksionallar
O‘zbekiston | 15:23 1522 6 daqiqa o‘qiladi Nukus voqealarini o‘rganish bo‘yicha komissiya parlamentga hisobot berdi2022 yil iyul oyida Nukus shahrida ro‘y bergan tartibsizliklar oqibatida 6 mingdan ortiq kishiga shaxsga ma’muriy jarima qo‘llangan, 2,6 mingdan ortiq qatnashchiga esa ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Foto: Senat va Qonunchilik palatasi
26 dekabr kuni Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti Oliy Majlisga taqdim etildi. Ma’lum qilinishicha, Oliy Majlis palatalari kengashlarining 2022 yil 15 iyuldagi qo‘shma qarori bilan Ombudsman Feruza Eshmatova boshchiligida 14 nafar deputat, senator, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillaridan tashkil topgan komissiyaning Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealar yuzasidan axboroti Parlament palatalari kengashlari qo‘shma yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan.
Komissiya Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealarning kelib chiqish sabablari, xronologiyasi va oqibatlari, ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etishda davlat idoralari va huquq-tartibot organlarining harakatlariga baho bergan. Shuningdek, voqealar ishtirokchilariga nisbatan sud majlislarini kuzatib, 30 nafar sudlanuvchi komissiya iltimosiga ko‘ra sud zalidan ozod etilgan. «Sudlanuvchilar saqlanayotgan tergov hibsxonalariga monitoring tashriflarini amalga oshirdi, shuningdek voqealardan keyin Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni kuzatib bordi», deyiladi axborotda.
Komissiya faoliyatida fuqarolardan kelib tushgan jami 600 dan ortiq murojaat ijobiy hal etilgan, 50 dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlarga tashrifi davomida 590 nafar xodim, 334 nafar qamoq jazosini o‘tab chiqqan shaxslar bilan suhbatlashilgan.
«Jinoyat ishi doirasida sudgacha qamoqqa olingan jami 168 nafar shaxsning 107 nafari (2 nafar ayol) Komissiya iltimosnomasiga ko‘ra oilasiga qaytarildi. Komissiya BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qildi, shuningdek xalqaro nohukumat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bilan muloqotda bo‘lib turdi».
Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealarning ishtirokchilaridan 943 nafari huquqbuzarliklar sodir etgani uchun ogohlantirilgan, 6 135 nafariga ma’muriy jarima, 2 639 nafariga ma’muriy qamoq jazosi belgilangan, 61 nafari jinoyatlar sodir etgani aniqlangan.
«Tartibsizliklar natijasida fuqarolar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining og‘ir tan jarohati olishi va halok bo‘lishi, shuningdek, fuqarolar va davlat idoralarining mol-mulkiga katta miqdorda (6,8 mlrd so‘m) moddiy zarar yetgani ma’lum bo‘ldi», deyiladi komissiya xabarida.
Shuningdek, komissiya huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ommaviy tartibsizliklarni ma’muriy binolardan uzoqlashtirish, va tarqatib yuborish, ma’muriy bino va strategik obektlarni egallashga urinishlarni bartaraf etish maqsadida xalqaro amaliyotda qo‘llanadigan vositalar – suv va rangli suyuqlik purkovchi texnika, ko‘zdan yosh oqizuvchi maxsus granatalardan foydalanilganini bildirgan.
Ommaviy tartibsizliklar davomida 21 nafar fuqaro, shu jumladan 2 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari vafot etgan va 413 nafari jarohatlangan, shundan 183 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari.
Tergov va sud jarayonida ishtirok etgan gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari (advokat, tibbiy yordam, telefonda so‘zlashish va h.k.) to‘liq ta’minlangan, sud qarorlari ustidan shikoyat kiritish imkoniyati berilgan. Barcha sud jarayonlari ochiq va shaffof o‘tkazilgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish jarayonlarida inson huquqlari va ularning qonuniy manfaatlarini buzishga yo‘l qo‘ygan ichki ishlar organlari xodimlarining 3 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, davlat organlariga komissiya quyidagi tavsiyalarni bildirdi:
– kelgusida davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim qarorlarni qabul qilish jarayonida umumxalq muhokamasi bosqichida mazmun-mohiyatini, unda ishtirok etish mexanizmlarini fuqarolarga to‘laqonli tushuntirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
– barcha darajadagi davlat hokimiyati organlariga muhim siyosiy va boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida ehtimoliy haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, chalg‘ituvchi va noxolis ma’lumotlar tarqalishi (dezinformatsiya) holatlariga o‘z vaqtida ta’sirchan munosabat bildirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
– fuqarolarga o‘z ijtimoiy faolliklarini amalga oshirish jarayonida o‘zga shaxslarning huquqlarini poymol qilishga yo‘l qo‘ymaslik va jamoat tartibiga rioya qilishning muhimligini izchil tushuntirib borish;
– aholi ko‘p to‘planadigan va ko‘ngilochar joylarda bo‘luvchi fuqarolarning jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi salbiy xatti-harakatlari yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan doimiy profilaktik va tushuntirish kabi ta’sirchan chora-tadbirlarini amalga oshirib borish;
– ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan foydalaniladigan maxsus vositalarni qo‘llash va tartibbuzarlarni tarqatish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni muntazam yetakchi xorijiy davlatlar tajribasi asosida takomillashtirib borish.
Komissiyaning axborotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Oliy Majlis palatalari kengashlarining tegishli qarori qabul qilindi.
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
21:24 / 05.08.2023
21:48 / 12.06.2023
17:22 / 05.06.2023
09:36 / 04.06.2023
“KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.
Comments
0 comment