qarashlar
Tirband shaharlar bo‘ylab harakatlanishni osonlashtirish uchun uchar taksi yaratildi. Tez orada bizni to‘g‘ridan to‘g‘ri sun’iy yo‘ldosh orqali suratga olib, kuzatib turishlari mumkin. Mart oyidan Telegram-kanal egalariga reklama uchun pul to‘lashni boshlaydi. Ammo bir shart bor: daromadni faqat Toncoin kriptovalutasida olish mumkin. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa yangiliklari – Kun.uz texnodayjestida.
XXI asrning har kuni yangiliklarga boy. Xo‘sh, bu hafta texno olamida nimalar bo‘ldi?
Uchar taksi
Tirbandliklardan charchadingizmi? Kuniga soatlab “probka”da qolib ketyapsizmi? Xavotir olmang, uchar transport vositalari erasi boshlanishiga ham oz fursat qolganga o‘xshaydi. Amerikaning ixcham samolyotlar ishlab chiqaruvchi Joby Aviation kompaniyasi havoda harakatlanadigan uchar taksi loyihasini namoyish etdi.
Janubiy Koreya hukumati bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan mazkur konsepsiya odamlarning tirband shaharlar bo‘ylab harakatlanishini osonlashtirishga qaratilgan.
Elektrda harakatlanadigan uchar taksi 4 nafar yo‘lovchi va 1 nafar uchuvchi sig‘imiga ega, soatiga 321 km tezlikda harakatlana oladi va oddiy vertolyotga qaraganda 100 martagacha shovqinsizroq.
Rasm-1
Odamlarni kuzatadigan sun’iy yo‘ldosh
Tez orada bizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sun’iy yo‘ldosh orqali suratga olib, kuzatib turishlari mumkin. Albedo Space kompaniyasi mana shunday loyiha ustida ish olib boryapti.
Sun’iy yo‘ldosh Yerdan 160 km uzoqlikda orbitaga joylashtiriladi va falokat zonalarini xaritalash, infratuzilmani kuzatish, shaharsozlik va mudofaa maqsadlarida foydalaniladi. Eng asosiysi, sun’iy yo‘ldosh yer yuzidagi har bir insonning yuzini ko‘rish imkonini berishi mumkin.
New York Times’ning xabar berishicha, birinchi sun’iy yo‘ldosh keyingi yil uchiriladi va asta-sekin ularning soni 20 taga yetkaziladi.
Kiber kuchukcha
Ko‘p qavatli uylarda yashovchilar ma’lum sabablarga ko‘ra, it boqish imkoniyatiga ega emas. Ammo Xiomi kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan robot kuchukchaning yangilangan modeli sizga o‘zgacha hissiyotlarni berishi mumkin. Shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan Cyberdog 2 kuchli protsessor, turli datchiklar, kameralar va sun’iy intellekt tizimi bilan jihozlangan. 19 ta sensor esa unga haqiqiy itning harakatlari, tashqi ko‘rinishi va o‘zaro ta’sirini takrorlash imkonini beradi. Cyberdog o‘z egasiga ergashish, u bilan o‘ynash va boshqa turli vazifalarni bajara oladi.
Shaffof ekranli noutbuk
Lenovo g‘ayrioddiy mahsulot – 17,3 dyuymli shaffof ekranga ega noutbuk ishlab chiqarmoqchi. Kompaniya MicroLed texnologiyasidan foydalangan holda displey ishlab chiqdi va bu bilan ekran 55 foizgacha shaffoflashadi. Noutbukda nima ishlar qilayotganingizni, qanday video ko‘rayotganingizni ekranning u tomonidan ham, bu tomonidan ham ko‘rish mumkin. Aytgancha, nafaqat ekran, klaviatura ham shaffof va u maxsus ruchkada ishlaydi.
Shaffof ekran panelidan foydalanish bir qator cheklovlarga ega. Eng asosiysi noutbukda piksellar soni atigi 720 p bo‘ladi. Biroq matnning ravshanligi yaxshi, uni o‘qish oson.
Hozircha bularning bari loyiha ko‘rinishida xolos. Kompaniya yaqin 5 yillikda bunday texnologiyalar noutbuklarda ommaviy ravishda qo‘llanishiga ishonmoqda.
Qo‘lga taqiladigan smartfon
So‘nggi yillardagi Xitoy kompaniyalari bilan kuchli raqobat fonida Samsung original ishlanmalar ustida ishlashni boshladi. Kompaniya MWC 2024 texnologik ko‘rgazmasida bilaguzukka aylanadigan moslashuvchan smartfon konsepsiyasini namoyish etdi. Yangi mahsulot Cling Band deb nomlanadi.
Samsung Cling Band bu – bir qurilmaga birlashtirilgan smartfon va aqlli soat bo‘lib, oddiy smartfon hajmidagi egiluvchan OLED displey bilan jihozlangan. Yig‘iladigan mexanizm tufayli uni bilakka o‘rash va ulkan displeyli soatga aylantirish mumkin. Ma’lumotlar faqatgina shu, uning narxi va texnik imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tilmagan.
Telegram-kanal egalariga pul to‘lamoqchi
Mart oyidan Telegram platformasi 1000 dan ortiq obunachisi bor kanal egalariga reklama uchun pul to‘lashni boshlaydi. Ammo bir shart bor: daromadni faqat Toncoin kriptovalutasida olish mumkin.
Telegram platformasida reklama 2021 yilda paydo bo‘lgan. Foydalanuvchilar uni Premium obunasi bilan o‘chirib qo‘yishi mumkin, biroq kanal egalari reklama ustidan nazoratga ega emas: ular reklama blokini o‘chira olmaydi yoki uning mazmuniga ta’sir qila olmaydi.
Qordayurar Cybertruck
Avtoixlosmandlar Tesla’ning Cybertruck‘i ustida tajriba qilib, uni qorda yuradigan ko‘rinishga keltirishdi. Bu ishlanmada Tesla’da ishlaydigan injyenerlarning o‘zi ham qatnashgani aytilmoqda.
Comments
0 comment