qarashlar
Shu hafta ichida DMR Kishinyov tomonidan bosimlar bo‘layotgani sababli Rossiyaga yordam so‘rab murojaat qildi. Forbes nashri hududda nimalar bo‘layotgani, hammasi nimadan boshlangani va nima bilan tugashi mumkinligi haqida tahliliy material e’lon qildi.
Bu qanday hudud?
Dnestrbo‘yi — Sharqiy Yevropadagi hudud bo‘lib, Moldova chegarasi ichida joylashgan. Biroq, 30 yildan oshiq vaqt o‘tibdiki, hudud tan olinmagan davlat — Dnestrbo‘yi Moldaviya Respublikasi (DMR) deb atab kelinadi. BMTning barcha a’zolari, jumladan, Rossiya ham uni rasman Moldovaning bir qismi, deb hisoblaydi. Uning Moldovadan mustaqilligini faqat o‘ziga o‘xshagan ikkita tan olinmagan davlat — Janubiy Osetiya va Abzaxiya Respublikasi tan olgan. Dnestrbo‘yi mustaqilligini o‘zi-o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi ham tan olgan edi — toki 2023 yili Ozarboyjon tomonidan to‘la-to‘kis yo‘q qilingunga qadar.
Dnestrbo‘yida kirill alifbosidan foydalaniladi, Moldova esa 1989 yildayoq lotin imlosiga o‘tib ketgan. Respublika aholisi 465 ming kishi deb baholanadi, ularning ko‘pchiligi uchun rus tili ona tili, aksariyat odamlar ikki va hattoki uch davlat (Moldova, Ukraina va Rossiya) fuqarosi. Tan olinmagan respublikaning hattoki o‘z valutasi bor — dnestrbo‘yi rubli.
XVIII asrda bu hudud Rossiya imperiyasiga tegishli bo‘lgan, hudud Rossiya va Usmoniylar imperiyasi o‘rtasidagi Yass sulhiga ko‘ra ruslarga o‘tgan. DMRning hozirgi hududlaridan bir qismi bir paytlar Turkiya qo‘l ostida bo‘lgan. XX asr mobaynida hududda sanoat rivojlanishi fonida SSSRning boshqa respublikalaridan bu yerga rus tilida gaplashuvchi aholi ko‘chib o‘tgan.
O‘shanda moldovan tili shakllantirilishi boshlangan va uni rumin tilidan farqli deb e’lon qilib, rus grafikasi asosidagi alifboga o‘tkazishgan. 2023 yilda Moldovada rasman «moldovan tili» atamasidan voz kechishdi va endi ular o‘z tilini rumin tili deb atashmoqda. Aholining bir qismi moldovan tilida gaplashuvchi Dnestrbo‘yida esa hozircha o‘zlarini rumin deb hisoblashayotgani yo‘q.
Tan olinmagan respublikaning bayrog‘i va gerbida sovet davridan buyon o‘roq va bolg‘a saqlanib kelmoqda. Sovetlar davrida Dnestrbo‘yi avval Ukraina SSRning bir qismi (1924 yildan Moldaviya avtonom SSR tarkibida), 1940 yildan esa Moldaviya SSR qismi bo‘lgan. Rossiya va Dnestrbo‘yining umumiy chegarasi yo‘q. Ularning o‘rtasida Ukraina joylashgan.
Mojaro tarixi
1989 yilda, hali SSSR tarqashga ulgurmay turib, Moldaviya SSR oliy kengashi moldovan tilini yagona rasmiy til deb e’lon qildi va rus tili millatlararo muloqot tili statusiga ega bo‘ldi. Biroq bu rus tilida so‘zlashuvchi aholi bilan kelishmovchilikka sabab bo‘ldi. 1990 yilning 2 sentabrida referendum yakunlariga ko‘ra Dnestrbo‘yi xalq vakillarining ikkinchi syyezdi Dnestrbo‘yi Moldaviya Sovet Sotsialistik Respublikasi tuzilganini e’lon qildi.
1991 yilda hozirgi Moldova o‘z mustaqilligini e’lon qilib, SSSR tarkibidan chiqishi haqida qaror qabul qilganida, Dnestrbo‘yi ham Moldovadan mustaqillik e’lon qildi va o‘z nomini Dnestrbo‘yi Moldaviya Respublikasi deb almashtirdi (Matnda Moldova va Moldaviya atamalari birdan qo‘llanayotganiga hayron bo‘lmang: Moldova — bu respublikaning hozirgi rasmiy nomi. Moldaviya — Rossiya hamda dnestrbo‘yilik ayirmachilar tomonidan hanuz ishlatiladigan eski nomi).
Bo‘linish qonsiz o‘tmagan, albatta. 1990 yilda Kishinyov DMRga militsiya otryadini jo‘natadi. Dubossaridagi miting qiluvchilarga qarshi o‘qotar qurol ishlatiladi: uch kishi otib tashlanadi, 16 kishi yarador bo‘ladi. 1991 va 1992 yillar davomida Kishinyovning hudud ustidan nazoratni qaytarishga urinishi va qurolli to‘qnashuvlar davom etadi. 1992 yil o‘rtalariga kelib, har ikki tomonning yo‘qotishlari mingga yaqinlashadi.
1992 yilning 21 iyulida Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin va Moldova Resspublikasining birinchi prezidenti Mircha Snegur «Moldova Respublikasining Dnestrbo‘yi hududida qurolli mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish prinsiplari to‘g‘risida»gi kelishuvni imzolashadi. Kelishuvga o‘sha paytdagi dnestrbo‘yilik yetakchi Igor Smirnov ham qo‘l qo‘yadi.
Nima bo‘lganda ham, 1992 yilda mojaro to‘xtatiladi, hududga rossiyalik tinchlikparvar kuchlar kiritiladi. Biroq status-kvo mojaro tomonlarining hech birini to‘liq qoniqtirmasdi — Dnestrbo‘yi o‘shandan buyon tan olinmagan respublika statusida qolib ketgan, Moldova hukumati esa uni o‘z nazoratiga ololmay kelmoqda.
2002 yilda Dnestrbo‘yi bo‘yicha «3+2» formatida (bu yerda «uch» — Rossiya, Ukraina va YeXHT, «ikki» esa — mojaro tomonlari Moldova va DMR) muloqotlar boshlanadi. 2005 yilda format «5+2»ga aylanadi — muzokaralarga Yevropa Ittifoqi va AQSh kuzatuvchi sifatida qo‘shiladi. Biroq bu muzokaralar samarasiz tugaydi, mojaro saqlanib qoladi.
Voqealarning yangi rivoji va Rossiyaning roli
2006 yilda tan olinmagan Dnestrbo‘yi Moldaviya Respublikasi hukumati Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilish to‘g‘risida referendum o‘tkazdi va uni 97 foiz aholi yoqlab ovoz berganini e’lon qilishdi. Lekin hozircha ular Rossiya tarkibiga qo‘shib olishni so‘rab murojaat qilmagan. Lekin 2014 yilda ular Rossiya prezidentiga mustaqilligini tan olishni so‘rab murojaat qilishgan. Bu iltimos qanoatlantirilmagan. Murojaatni ko‘rib chiqishning aniq muddatlari hali noma’lum, degan edi o‘shanda RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Shundan so‘ng bir necha yil mobaynida Dnestrbo‘yining Rossiyaga qo‘shilish mavzusi informatsion maydonda vaqti-vaqti bilan paydo bo‘lib turdi, lekin siyosatchilarning populistik bayonotlari ko‘rinishida. Masalan, «Roskomos»ning sobiq rahbari Dmitriy Rogozin RF prezidentining Dnestrbo‘yi bo‘yicha maxsus vakili sifatida u yerda Rossiya konsulxonasini ochishga niyatini bildirgan. Rasman 2012 yilda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Dnestrbo‘yi Moldova tarkibida bo‘lishi, biroq xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan alohida statusga ega bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida bayonot bergan. 2014 yili RF prezidentining Qrim federal okrugidagi vakolatli vakili Oleg Belavensev Dnestrbo‘yi vaqti kelib Rossiya tarkibiga kirishini aytganida, Kreml shosha-pisha bu Moskvaning rasmiy pozitsiyasi emasligi, mulozimning shaxsiy fikri ekani to‘g‘risida bayonot bergandi.
2022 yil 15 martida Yevropa kengashining Parlament Assambleyasi qabul qilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Moldovaga qilinayotgan agressiyalar doirasida Dnestrbo‘yi «Rossiya okkupatsiyasi ostidagi zona» deb e’lon qilindi. Rossiya va tan olinmagan respublika hukumati bunday ayblovlarni rad etib, o‘z ayblovlarini ilgari surdi. Rossiya TIV o‘shanda bunday so‘z qurilmasi «ishlarning real ahvoliga mos kelmaydigan va qabul qilib bo‘lmas» ekanini ta’kidladi, DMR esa hududda xalqaro tashkilotlar bilan kommunikatsiya zaruratini qayta ko‘rib chiqish bilan tahdid qilib, respublika mustaqillik to‘g‘risidagi referendum natijalariga ko‘ra mavjud ekanini eslatdi.
DMR prezidenti Vadim Krasnoselskiy keyinroq Moldova respublikaga qo‘poruvchilik amalga oshiruvchi guruhlarni jo‘natishga tayyorlanayotgani, mamlakat safarbarlikni faol amalga oshirayotganini ta’kidlab, YeXHTga yordam so‘rab murojaat qildi. Moldova bosh vaziri Dorin Rechan, o‘z navbatida, Dnestrbo‘yidagi Rossiya harbiy kontingenti va texnikasini chiqarib, u yerda demilitarizatsiya o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.
2023 yilda Moldova Respublikasi hukumati mamlakat jinoyat kodeksiga bir nechta o‘zgartirishlar kiritdi, jumladan separatizm uchun. Bu moddaga ko‘ra, separatistik harakatlar, ya’ni, Moldova Respublikasining bir qismini milliy qonunchilik va xalqaro shartnomalarga zid tarzda ajratib olishga bo‘lgan urinishlar uchun ikki yildan olti yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan. Shunday harakatlarga undovchi narsalar, materiallar va informatsiyalar tarqatish uchun ikki yildan besh yilgacha qamalish mumkin. Dnestrbo‘yi o‘zgaritirishlarga negativ munosabat bildirdi — hududning tashqi siyosiy idorasi rahbari Vitaliy Ignatev bu moddalar tan olinmagan respublika aholisi uchun dushmanona harakat ekani va «butun muzokara jarayoni uchun vayronkor samaraga ega bo‘lishi mumkinligi»ni ta’kidladi.
Biroq Moldova hukumati qonun Dnestrbo‘yi aholisiga qarshi qaratilgani to‘g‘risidagi ta’kidlarni rad etmoqda. Parlament vitse-spikeri Mixail Popshoy qonunga itoatkor fuqarolar hech narsadan qo‘rqmasligi kerakligini qayd etdi: «Qayerda yashashidan qat’i nazar, tinch aholi vakillari separatist bo‘la olmaydi, ya’ni oddiy fuqarolar bu qonun ostiga tushmaydi». Hozircha o‘zgartirishlar doirasida shov-shuvli jinoyat ishi ochilganicha yo‘q.
Hozir nimalar bo‘lyapti?
So‘nggi ikki yil ichida, Ukrainada boshlangan urush fonida Ukraina va Yevropa davlatlari hukumatlari Dnestrbo‘yidagi vaziyatdan odatdagidan ko‘proq tashvishlana boshlashgan. Vaziyat chuqurlashishiga sabab, Dnestrbo‘yi hududida Rossiya harbiylari bor, endi esa tan olinmagan respublika ochiqchasiga Rossiyadan yordam so‘ramoqda. DMRdagilar buni respublika iqtisodiyotiga Moldova tomonidan bosim oshirilgani bilan tushuntirmoqda.
Dnestrbo‘yi avval ham Moldova tomonidan qamal qilinayotganidan shikoyat qilib keladi, o‘zini mustaqil deb e’lon qilib olgan respublika rasmiylari fikricha, so‘nggi yillarda Moldova hukumati dnestrbo‘yiliklarga bevosita yoki bilvosita tahdid soluvchi yoki zarar yetkazuvchi bir qator qonun loyihalarini qabul qilgan. Vadim Krasnoselskiyning matbuot xizmati 2024 yil yanvarida Dnestrbo‘yi Moldova 1 yanvardan joriy etgan yangi bojxona bojlari tufayli 5 mln dollar yo‘qotishi mumkinligini ta’kidlagan. 2023 yilda Moldova bu ayirmachi hududdagi «Elektromash», «Moldavizolit», «Potensial», «Pribor» kabi korxonalar eksportini bloklagan, bojxona rasmiylashtiruvi uchun to‘lov joriy qilgandi. Bu choralar sabab Dnestrbo‘yining tashqi savdo aylanmasi 108 mln dollargacha tushib ketgan, budjet esa oyiga 92 ming dollar yo‘qotmoqda.
Dnestrbo‘yidagi kompaniyalar bojlarni Moldova markaziy budjetiga to‘lashi to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilingach, DMR barcha darajadagi deputatlar syyezdini o‘tkazdi. Syyezd doirasida qabul qilingan rezolyutsiyada respublikani Kishinyovning tobora oshib borayotgan bosimidan qutqarish uchun Rossiya parlamentining har ikki palatasiga murojaat qilish belgilandi. Rezolyutsiyada shuningdek Dnestrbo‘yi o‘zining o‘zligi, dnestrbo‘yiliklarning huquqlari va manfaatlari uchun sabot bilan kurash olib borishi, har qanday shantaj va tashqi bosimlarga qaramasdan, himoyadan chekinmasligi qayd etilgan.
Dnestrbo‘yilik deputatlar to‘planayotgani to‘g‘risidagi yangiliklardan ko‘p o‘tmay shu syyezdda ular respublikani Rossiya tarkibiga qo‘shib olish bo‘yicha murojaat bilan chiqish qilishadi, degan mish-mishlar tarqala boshladi. Mish-mishlar darhol rad etildi — avval Dnestrbo‘yi oliy kengashi raisi o‘rinbosari Galina Antyufeyeva shunday dedi: «Bugungi qiyin sharoitda, yonimizda «maxsus harbiy amaliyot» o‘tayotgan bir paytda, boshqa muammolar tiqilib yotganda, bu masalani ko‘tarib murojaat qilish — misli ko‘rilmagan ahmoqlikdir». Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Rossiyaning «Dnestrbo‘yini anneksiya qilish» bo‘yicha rejalari haqidagi gaplarni «vaziyatdan kimlarningdir o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga urinishi» va «asabiy reaksiyalar» deb atadi.
Tan olinmagan respublika TIV rahbari Vitaliy Ignatev Rossiya nashrlariga bergan intervyusida Dnestrbo‘yi birinchi navbatda «5+2» formatidagi muzokaralarda vositachilardan biri bo‘lgan Rossiyaning diplomatik qo‘llovidan umid qilayotganini aniqlashtirib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, DMR nafaqat Rossiyaga, Yevropa Ittifoqiga, Qizil Xoch tashkilotiga, YeXHT va BMTga ham murojaat qilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi RBK nashri uchun bergan izohida «tan olinmagan Dnestrbo‘yi Moldaviya Respublikasi aholisining manfaatlarini himoya qilish Rossiyaning ustuvor vazifalaridan biri» ekani qayd etilgan.
G‘arb davlatlari vakillari Dnestrbo‘yidan kelgan murojaatga ko‘p ham xayrixohlik bilan reaksiya bildirishmagan. AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller «Rossiyaning Yevropadagi tobora agressiv siyosatini hisobga olib» AQSh Rossiyaning Dnestrbo‘yidagi harakatlari sinchkovlik bilan kuzatilayotganini aytgan. Teneo Intelligence konsalting kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha eksperti Andryus Tursa ushbu vaziyat «Dnestrbo‘yini Rossiya tomonidan anneksiya qilinganini e’lon qilishga urinish uchun bahona» bo‘lishi mumkinligidan tashvishlanayotganini bildirdi, biroq bu hududning geografik joylashuvi tufayli «nihoyatda qiyin ish» ekanini ham qayd etdi — Dnestrbo‘yi va Rossiya o‘rtasida Ukraina joylashgan.
Moldova hukumati e’lon qilgan bayonotda Dnestrbo‘yida eskalatsiya va beqarorlik uchun biror tahdid yo‘qligi bildirilib, Dnestrbo‘yi hukumatining harakatlari «propaganda» va «jamiyatda yana vahima uyg‘otishga navbatdagi urinish» deb baholangan.
Comments
0 comment