menu
Rossiya TIV Xitoyning Ukraina bo‘yicha delegatsiyasi rahbari bilan uchrashuv haqida ma’lum qildi.
Xitoy Rossiyani «Ukraina tinchlik formulasi»ga munosabatida qo‘llab-quvvatladi, deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Moskvada Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin va XXR hukumatining Yevrosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili, shuningdek, Ukrainadagi inqirozni hal qilish bo‘yicha XXR delegatsiyasi rahbari Li Xue o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy saytidagi press-relizda xabar berildi.

Idora bayonotiga ko‘ra, Rossiya va Xitoy «Ukraina inqirozi mavzusida» - Xitoy Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini shunday ataydi - fikr almashgan. «Siyosiy-diplomatik kelishuv bo‘yicha har qanday muhokamani Rossiya ishtirokisiz va uning xavfsizlik sohasidagi manfaatlarini hisobga olmasdan turib amalga oshirish mumkin emasligi ta’kidlandi», — deya Rossiya tashqi ishlar vazirligi uchrashuv natijalarini izohladi.

Uchrashuvda, shuningdek, Moskvaga qo‘yilgan «yakuniy talablar» hamda Kiyev va G‘arb davlatlari tomonidan taklif qilingan «muloqot formatlari» «tinchlik istiqbollariga faqat zarar yetkazishi va uning asosi bo‘la olmasligi ta’kidlandi», deb yozadi Rossiya TIV. Idora qaysi tomon yuqorida qayd etilganlarni keltirib o‘tganini aniqlashtirmadi. Shu bilan birga, Xitoy «Ukraina tinchlik formulasi»ni muhokama qilishda ishtirok etmasa-da, Pekin, Moskvadan farqli ravishda, tegishli uchrashuvlarni tanqid qilmaydi. 

Ukraina Xitoydan «tinchlik formulasi» muhokamasida ishtirok etishini kutmoqda 

O‘z navbatida, Kiyev avvalroq «Ukraina tinchlik formulasi» muhokamasi chog‘ida, jumladan, yanvar oyida Davosda 80 ta davlat vakillari tegishli yig‘ilishda ishtirok etgan iqtisodiy forumda XXR vakillari qatnashmaganidan afsusda ekanini bildirgan edi.

OAV Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy sammit doirasida Xitoy bosh vaziri Li Tsyan bilan shaxsan uchrashishga uringani, biroq Xitoy delegatsiyasi rad javobini bergani haqida xabar tarqatgan. Zelenskiy bunday xabarlar e’lon qilinganidan keyin Xitoy bosh vaziri bilan uchrashmasligini aytdi, chunki davlat rahbari sifatida u mamlakat rahbari darajasida - Xitoy raisi Si Jinping bilan uchrashuvdan manfaatdor. 

Zelenskiy taklif qilgan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tinch yo‘l bilan hal etish rejasi muhokama qilinadigan navbatdagi yig‘ilish bahorda Shveytsariyada o‘tishi kutilayotgan global tinchlik sammiti bo‘ladi. Ukraina Xitoy rahbari Si Jinpingni ushbu sammitga taklif qildi, biroq Rossiya Federatsiyasidan vakillarni taklif etmoqchi emas. Shveytsariya bunday muzokaralarga Rossiyani jalb qilish zarurligini qayd etadi. 

Moskva Zelenskiyning «tinchlik formulasi» asosida hech qanday muzokaralar olib borish niyatida emasligini bir necha bor ta’kidlagan, uning asosiy bandlaridan biri Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududidan to‘liq olib chiqib ketish talabidir. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bunday muzokaralarni «Rossiya Federatsiyasini Ukrainadagi yutuqlardan voz kechishga undashga urinish» deb atadi. 

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!