qarashlar
Qoʻshimcha funksionallar
Jahon | 13:18 794 9 daqiqa o‘qiladi Otashkesimga yaqin kelgan G‘azo, pulini o‘zgartirayotgan Eron va nemis jurnalistlariga bosimlar - kun dayjestiO‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Falastinning G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘linmasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 10 kunda Isroil hujumlari natijasida sektorda 422 falastinlik halok bo‘ldi, 1738 kishi jarohatlandi.
G‘azo sektoridagi genotsid 442 kundan beri davom etmoqda.
Xon-Yunusda insonlar humanitar yordam tarqatilish jarayonida issiq ovqat uchun soatlab navbatda turmoqda. Bolalar va kattalar tovoq, chelak va qo‘liga ilingan boshqa idishlar bilan o‘ziga tegishli ulushni olishga harakat qilishgan. Tekin ovqat uchun navbat kattaligi tufayli odamlarning qisilib qolishi yuzaga kelgan.
Birgina so‘nggi sutka ichida Isroil harbiy havo kuchlarining G‘azoning turli hududlariga hujumlari 21 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, 61 kishi turli darajada jarohatlandi.
2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda davom etayotgan hujumlar natijasida jami 45 ming 227 kishi halok bo‘lgan, 107 ming 573 kishi jarohatlangan. Falastin manbalari buni Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan genotsid deb baholamoqda.
G‘azoda otashkesim kelishuvi yaqin
HAMAS harakati vakillari Qohirada FATH va Falastin ozodlik fronti yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazib, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvda urush jarayoni, o‘t ochishni to‘xtatish va uchinchi tomon vositachiligida asirlarni almashish muhokama qilindi.
HAMAS ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilishda G‘azo sektori boshqaruvi uchun jamoatchilik qo‘mitasini tuzish loyihasi hamda uni tashkil etishga qaratilgan aniq qadamlar ko‘rib chiqilgan.
HAMAS, FATH va FOF yetakchilari Isroilning falastinliklarga hujumlari va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar yuzasidan hamkorlik va muvofiqlashuv yuzasidan kelishib olgan.
HAMASning bildirishicha, agar Isroil yangi shartlarni qo‘yishdan voz kechsa, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati juda yaqin.
Suriya Turkiya bilan hamkorlik qilmoqchi
Suriyaning yangi hukumati rahbari Ahmad ash-Shara’ Turkiyaning tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan uchrashuvida mamlakat kelajagi va o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Ash-Shara’ Turkiyani Suriya inqilobini dastaklagan do‘stona mamlakat sifatida e’tirof etdi va bu yordamni unutmasliklarini ta’kidladi.
Ahmad ash-Shara’ Turkiyadan infratuzilma, bank sektori va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda yordam kutayotganini ma’lum qildi. Yaqin kunlarda yangi hukumatni shakllantirish va barcha qurolli guruhlarning qurol-yarog‘ini Suriya mudofaa vazirligiga topshirish ishlari amalga oshirilishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Asad rejimi sabab joriy etilgan sanksiyalar tugatilishi kerak, chunki endi Asad yo‘q va Suriya xalqini jazolash adolatsizlik bo‘ladi. Shuningdek, kam sonli millatlarga nisbatan alohida e’tibor qaratishlarini ta’kidlab, Asad davrida ular katta tazyiqqa uchraganini esladi. Ash-Shara’ inqilob Asadga qarshi yo‘naltirilganini, lekin kam sonli millatlarga qarshi emasligini ta’kidladi.
Eron puli o‘zgaradi
Eron o‘z milliy valutasi riyolni denominatsiya qilishni rejalashtirmoqda va banknotlardan to‘rtta nolni olib tashlaydi. Shuningdek, endi rasmiy valuta «Eron riyoli» o‘rniga «Eron tumani» deb atala boshlaydi.
Loyiha 2019 yilning yozida Eron hukumati tomonidan taklif qilingan va ma’qullangan, biroq bugungi kunga kelib mamlakat prezidenti Mas’ud Pizishkiyon uni parlamentga tezkor tartibda amalga oshirishga buyruq berdi.
Islohotning maqsadi — surunkali inflatsiya va valutaning past xarid qobiliyatidan kelib chiqadigan muammolarni hal qilish.
Qonun loyihasi matnida aytilishicha, Eronning milliy valutasi «tuman» bo‘lib, u hozirda amalda bo‘lgan 10 ming riyolga teng bo‘ladi. Yangi tizimga o‘tishni yengillashtirish maqsadida ikki yil davomida «o‘tish davri» amal qiladi, bu davrda hisob-kitoblarda ham tuman, ham riyol ishlatilishi mumkin bo‘ladi, deyiladi xabarda.
Hozirda Eron riyoli juda arzon valuta hisoblanadi: Eron Markaziy banki kursiga ko‘ra, bir dollar 420 ming riyoldan ortiq, bozorda esa dollar narxi rekord darajada 770 ming riyolga yetgan.
To‘rtta nolni olib tashlash hisob-kitoblarni osonlashtirishi kerak.
Trampning Panama kanaliga tahdidi
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Panama tomonidan AQShdan Panama kanali foydalanishi uchun undiriladigan boj miqdoridan norozilik bildirdi. Uning fikricha, Panama «noqonuniy» ravishda yuqori tariflar belgilamoqda.
Tramp o‘zining Truth Social sahifasida: «Prezident Jimmi Karter bu kanalni bor-yo‘g‘i bir dollarga berib yuborgan, faqat Panama boshqaruvi uchun. Hech qanday boshqa davlat, jumladan Xitoy, unga aralashmasligi kerak edi», — deb yozdi.
U AQSh kanaldan eng faol foydalanuvchi davlat ekanini va uning mamlakat iqtisodiyoti hamda milliy xavfsizligi uchun ahamiyatini ta’kidladi.
Tramp: «Agar Panama kanal bo‘yicha qonun va axloq qoidalariga amal qilmasa, biz uni qaytarib olish talabini qo‘yamiz», — deya qo‘shimcha qildi. U Panama rasmiylarini tegishli choralar ko‘rishga chaqirdi.
AQSh JSSTdan chiqishi mumkin
Tramp bilan bog‘liq yana bir xabar.
AQShning yangi saylangan prezidenti mamlakatni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti a’zoligidan chiqarishni niyat qilgan. Financial Times xabariga ko‘ra, tashkilotdan chiqish haqidagi e’lon 20 yanvardagi inauguratsiya vaqtida qilinishi mumkin.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu qaror Jahon sog‘liqni saqlash tizimi uchun «halokatli» bo‘lishi mumkin. AQSh JSSTning eng katta moliyaviy donorlaridan biri bo‘lib, u sog‘liqni saqlashga har yili katta mablag‘ ajratadi.
Tramp jamoasining bir qismi JSSTni Vashington nazorati ostida isloh qilmoqchi bo‘lgan, ammo tashkilot bilan aloqalarni butunlay uzish tarafdorlarining ta’siri kuchliroq bo‘lib chiqqan.
Tramp birinchi prezidentlik muddatida ham tashkilotdan chiqishga uringan edi. O‘shanda Tramp tashkilotni Xitoy manfaatlariga xizmat qilishda va koronavirus tarqalishiga qarshi ishonchli choralarni ko‘rmaganlikda ayblagandi.
AQSh rasman 2021 yil iyulda tashkilotni tark etishi kerak edi, ammo Jo Bayden prezidentligining birinchi kunidanoq Trampning bu qarori bekor qilingan.
Deutsche Welle jurnalistlariga bosim
Germaniyaning Deutsche Welle teleradiokompaniyasi G‘azo sektorida Isroilning harakatlarini oqlashga urinishda ayblanmoqda. Kompaniya xodimlari DW rahbariyatidan Falastinga nisbatan tanqidiy, Isroil uchun esa ma’qul materiallar tayyorlash bo‘yicha bosim o‘tkazilganini ma’lum qildi.
DWning 13 xodimi va sobiq jurnalisti Martin Gak Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida bu haqda bayonot bergan.
Ular DW rahbariyati jurnalistlarga «Falastin» atamasini qo‘llamaslikni buyurganini va bu hududning davlat maqomiga ega emasligini ta’kidlaganini aytishdi. Ular bundan tashqari, efirlarda foydalaniladigan barcha tezislar avvaldan tasdiqlanishini aytishgan.
DW rahbariyatining bunday harakatlari xalqaro maydonda katta tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Magdeburgdagi yarmarkaga hujum tafsilotlari
Germaniyaning Magdeburg shahrida rojdestvo yarmarkasida sodir bo‘lgan shov-shuvli terrorchilik akti qurbonlari soni 5 kishiga yetdi. 205 kishi tan jarohati olgan: shundan 41 kishi og‘ir ahvolda qolmoqda, bundan tashqari, 86 kishida jiddiy jarohatlar qayd etilgan, yana 78 nafarining jarohati yengil.
Hujumni amalga oshirgan gumonlanuvchi Saudiya Arabistonidan kelgan 50 yoshli qochqin Tolib Abdulmuhsin bo‘lib, u internetda islomga qarshi chiqishlari, sionistlarni qo‘llab-quvvatlashi bilan ma’lum bo‘lgan.
Ar-Riyod Germaniya hukumatini bu kabi terrorchilik xavfi haqida bir necha bor ogohlantirgan.
Hodisa 20 dekabr kuni sodir bo‘ldi. BMW X3 avtomobilini boshqargan shaxs uni maxsus ravishda yarmarkadagi odamlar orasiga haydagan. Hujum sodir etilganidan keyin politsiya tezkor ravishda harakat qilib, gumonlanuvchini qo‘lga oldi. 50 yoshli terrorchining qonida narkotik moddalar bo‘lgani ham aniqlangan.
Uning nemis ultrao‘ng fashistlari tarafdori ekanligi haqida taxminlar ilgari surilmoqda. U migrantlarga nisbatan o‘ta salbiy kayfiyatdagi «Germaniya uchun muqobil» ultrao‘ng populist partiyasiga ochiqdan ochiq simpatiya bildirgan.
13:59 / 21.12.2024
14:33 / 20.12.2024
13:16 / 19.12.2024
13:45 / 18.12.2024
“KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.
Comments
0 comment