qarashlar
Avvaliga mahalliy organlar qurbonlar orasida faqat bir nafar uch oylik chaqaloq borligini xabar qilishgandi, ammo keyin Odessa politsiyasi aniqlik kiritishicha, u uch yoshda bo‘lgan.
Kun oxiriga kelib Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko xarobalar ostidan bir ayol va uning uch oylik chaqalog‘i ham topilgani haqida xabar berdi.
«Hozirgina Odessada qutqaruvchilar ona va uch oylik chaqaloq jasadiga yetib borishdi. So‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan hissiyotlar. Qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildiraman… Rossiyaliklarning ko‘p qavatli uyga tungi zarbasi oqibatida halok bo‘lganlar yetti kishiga yetdi», — deya yozgan u.
«Qidiruv-qutqaruv amaliyoti bir daqiqa ham to‘xtamayapti va xarobalar ostida boshqa hech kim qolmaganiga ishonch hosil qilinguniga qadar davom ettiriladi», — deya qo‘shimcha qilgan u.
Keyinroq Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati sakkizinchi jasad topilgani haqida xabar berdi. Yana to‘qqiz kishi jarohatlangan.
Avvalroq qutqaruv xizmatlari o‘z telegram-kanallarida xarobalar ostidagi chaqaloq jasadi aks etgan fotosuratni e’lon qilgandi. «Yuraklarni tilkalovchi fotosurat», — deyilgandi xabarda.
Odessa shahri meri Gennadiy Truxanov qurbonlar orasida yana bir yosh yigit ham bo‘lganini aytgan.
«Aholi gavjum yashaydigan hudud. Bu yer shunchaki dahshatli. Qutqaruvchilar, munitsipal va avariya xizmatlari voqea joyida ishlamoqda. Xarobalarni tozalash ishlari amalga oshirilmoqda», — degan mer. — Shuningdek, muhandislik tarmoqlari va qozonxona shikastlangan, yaqin atrofdagi uylar issiqlik ta’minotidan uzilgan».
Jabrlanganlar orasida uch yoshli bola ham bor, uning jarohati yengil darajada; homilador ayolning jarohat darajasi o‘rta og‘irlikda, 26 yoshli qiz esa og‘ir ahvolda, deya xabar bergan rasmiylar.
Xarobalar ostida qancha odam qolayotgani haqida hozircha rasmiy ma’lumotlar yo‘q.
Odessa oblasti ma’muriyati 3 martni rossiyaliklar zarbasi qurbonlari xotirasiga motam kuni deb e’lon qilgan.
«O‘z yaqinlarini yo‘qotganlarga chin dildan hamdardlik bildiraman», — deya yozgan oblast ma’muriyati rahbari Oleg Kiper o‘z telegram-kanalida.
Bir necha kishi qutqarilgan. Kamida bir kishi xarobalar ostidan omon chiqqan. Qutqaruvchilarning videoyozuvlaridan xulosa qilish mumkinki, bu erkak mast holatda bo‘lgan; oblast ma’muriyati zarba vaqtida u bino yerto‘lasida bo‘lganini taxmin qilgan.
Qidiruv amaliyoti va xarobalarni tozalash ishlari davom ettirilmoqda.
Rossiya tomoni hozircha Odessa o‘qqa tutilishi yuzasidan izoh bermagan.
Ukraina QK havo kuchlarining ertalabki hisobotida aytilishicha, shanbaga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga Shahed tipidagi 17 ta dron, shuningdek X-59/X-35 rusumli uchta boshqariluvchi aviatsiya raketalari bilan hujum uyushtirgan.
Ukrain harbiylariga ko‘ra, 17 ta kamikadze dronlardan 14 tasini urib tushirishga muvaffaq bo‘lingan, shundan Odessa oblastiga uchib kelgan sakkiz qurilmadan yettitasini.
Odessadan tashqari Xarkiv va Sumi oblastidagi shaharlar ham dronlar hujumidan jabrlangan, deb xabar bergan Zelenskiy. Xarkiv oblasti politsiyasi yozishicha, Velikiy Burluk posyolkasida dron zarbasi oqibatida 76 yoshli kishi halok bo‘lgan.
«Bizga hamkorlardan ko‘proq havo hujumidan mudofaa tizimlari kerak. Odamlarimizni Rossiya terroridan himoyalash uchun Ukrainaning havo qalqonini mustahkamlash lozim. Ko‘proq havo hujumidan mudofaa tizimlari va bu tizimlar uchun ko‘proq raketalar — odamlar hayotini saqlab qoladi», — deya yozgan Ukraina prezidenti.
Comments
0 comment