menu
Odessa o‘qqa tutilishi oqibatlari va sharqiy frontdagi dron ovlovchilar. Urush suratlari.
Ukrainada urushning 738-kuni o‘tdi.

Ukrainada urushning 738-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

Sankt-Peterburgda dron portlashi

Odessaga zarba oqibatlari

2 martga o‘tar kechasi Rossiya Odessaga uchuvchisiz uchar qurilmalar bilan hujum qildi. Zarba oqibatida ko‘p qavatli uyning bir qismi qulagan, 18 kvartira butunlay vayron bo‘lgan, yana yettitasi shikastlangan. Qutqaruvchilar xarobalar ostidan o‘n kishining jasadini olib chiqishgan, shundan uch nafari bolalar.

2 mart kuni kechqurun ikki bola o‘limi haqida ma’lum edi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kechqurungi videomurojaati vaqtida ularni nomma-nom tilga oldi: «Chaqaloq — to‘rt oylik, uning ismi Timofey. Va bolakay — Mark, hali uch yoshga ham to‘lmagandi». Ukrain nashrlari yozishicha, zarba oqibatida Markning otasi ham halok bo‘lgan, onasi esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. To‘rt oylik Timofeyning onasi Anna Gaydarji ham vafot etgan, ayolning turmush o‘rtog‘i va katta qizi omon qolgan.

3 mart tongiga kelib halok bo‘lgan uchinchi bola haqida ham ma’lum bo‘ldi. «Ayolning jasadi yonidan yana bir chaqaloq jasadi topildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bola hali bir yoshga ham to‘lmagan», — deya yozgan Odessa oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Kiper.

Xarkivda ukrain askarining dafn marosimi

Maryinka yaqinidagi ukrain artilleriyachilar

Maryinka yaqinida dronlarga qarshi kurashayotgan mobil o‘t ochish guruhi

Rossiya Ukraina hududiga deyarli har kuni raketalar va dronlar bilan hujum qilmoqda. Faqat 23 fevralga o‘tar kechasining o‘zida, Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondonligiga ko‘ra, rossiyalik harbiylar Odessa, Mikolayiv, Poltava, Dnipropetrovsk va Xarkiv oblastlaridagi nishonlarga qarata 31 ta dron uchirgan. Dronlarning katta qismi — 23 tasi — mobil o‘t ochish guruhlarini ham o‘z ichiga oluvchi ukrain havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan. Bunday bo‘linmalar «Geran-2»/Shahed 136 yoki «Lanset» dronlari kabi nisbatan yengil havo nishonlarni kuzatish bilan shug‘ullanadi. Bunday guruhlardan biri Ukraina QKning 72- brigadasiga biriktirilgan va Donetsk yaqinidagi Maryinka shahri atrofida ishlamoqda.

Hozirda Maryinka, aniqrog‘i uning xarobalari — shahar to‘liq vayron bo‘lgan — RF qurolli kuchlari nazorati ostida. 2022 yil qishida keng ko‘lamli urush boshlanguniga qadar Donetsk chekkasidagi bu shahar Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Donbassdagi asosiy «qal’a»lardan biriga aylantirilgandi. Rossiya qo‘shini 2022 yil noyabrida Maryinka markaziga yetib keldi va keyingi bir necha oy davomida shahar uchun og‘ir janglar davom ettirildi, bu harbiy harakatlar davomida shahardagi yirik binolarning deyarli barchasi yer bilan bitta bo‘ldi. 2023 yil apreliga kelib RF qurolli kuchlari shaharning ko‘p qavatli binolar joylashgan qismini ham egalladi, ammo ukrainalik harbiylar shahar markazidan g‘arbda joylashgan xususiy uylar va o‘rmonzorlarni o‘zida saqlab qolishda davom etdi. Faqat 2023 yil dekabr oyi oxirida Ukraina qurolli kuchlari o‘z pozitsiyalarini tark etdi va Maryinka xarobalari to‘lig‘icha RF armiyasi tomonidan egallandi.

Mobil zenit-o‘t ochish guruhlari nafaqat Donetsk oblastida, balki butun front chizig‘i bo‘ylab harakatlanmoqda. Xarkiv oblastida ham «dronlarni ovlovchi» xuddi shunday guruh Ukraina Milliy gvardiyasi 5-alohida brigadasi safida xizmat qilmoqda. 

Donetsk oblastidagi ukrain tankchilari

Bu urushda uchuvchisiz uchar apparatlardan keng ko‘llanishi improvizatsiya orqali turli himoya shakllari paydo bo‘lishiga olib kelmoqda, xususan, bunday vositalar eskirgan hamda bunga mo‘ljallanmagan, sovetlar davriga mansub T-64 tanklariga ham o‘rnatilmoqda. Bunday ekranlar yaratish bilan shug‘ullanayotgan jangchilar fikricha, ular zirhli mashina jamoasini «Lanset» kabi uchib yuruvchi o‘q-dorilardan himoya qila olmasa ham, tijoriy dronlardan tashlanadigan granatalardan saqlay oladi — bu urushda ikki tomon ham bunday taktikadan foydalanmoqda. O‘z ko‘rinishiga ko‘ra, T-64 tanki boshqa ko‘plab zirhli mashinalar kabi bunday himoyaga ega emas — so‘nggi yillarga qadar loyihalovchilar shunchaki bunday tahdidni e’tiborga olishmasdi. T-64 1960-yillar boshida Xarkivdagi transport mashinasozlik zavodi konstruktorlik byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Uning seriyali ishlab chiqarilishi 1969 yilda to‘xtatilgan, jami 1192 ta shunday texnika yaratilgan. Rossiya va Ukraina tomonining janglarda boy berayotgan texnikalari hisobini yurituvchi Oryx proyekti ma’lumotiga ko‘ra, mojaro boshlanganidan buyon ishlab chiqarilgan barcha tanklarning katta qismi yo‘q qilingan: Rossiya tomonidan turli modifikatsiyadagi 80 dan ortiq mashina hamda Ukraina tomonidan 300 dan ortig‘i. 

Qizil xochning Xarkiv oblasti aholisini evakuatsiya qilayotgan xodimlari

Xarkiv oblasti Kupyansk rayoni Olxovatka qishlog‘i Rossiya bilan chegaradan atigi to‘qqiz kilometr masofada joylashgan. Bu rayondagi boshqa qishloqlar qatori u ham 2022 yil kuzida Ukraina qurolli kuchlarining Balakliya atrofidagi qarshi hujumi davomida ozod etilgan. Urush boshidan buyon bu hududda faol harbiy harakatlar deyarli olib borilmagan, ammo so‘nggi kunlarda hududga aviazarbalar yo‘llandi. Chegaraga yaqin yashovchi aholi vakillari doimiy zarbalar xavfi ostida evakuatsiyaga majbur bo‘lmoqda. 

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!