qarashlar
Ukraina Belgorod yaqinida Il-76 harbiy-transport samolyoti halokatida hayotdan ko‘z yumganlarning jasadlarini qabul qilishga rozi bo‘ldi. Bu haqda 3 mart, yakshanba kuni Rossiyadagi inson huquqlari bo‘yicha vakil Tatyana Moskalkova bayonot berdi. Ombudsmanning so‘zlariga ko‘ra, 29 fevral kuni u bu masalani Oliy rada inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets bilan muhokama qilgan va u Kiyevning jasadlarni qabul qilishga tayyorligini tasdiqlagan.
Moskalkova jasadlarni topshirish qachon amalga oshirilishi mumkinligini aniqlashtirmadi. Rossiya Federatsiyasi tomonidan jasadlar bo‘yicha barcha ekspertiza jarayonlari yakunlandi, deya qo‘shimcha qildi u.
Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») vakili Andrey Yusov avvalroq Kiyev ukrainalik harbiy asirlarning jasadlarini qaytarish masalasida Moskvaga bir necha bor murojaat qilganini bildirgan edi. Rossiya tomoni bu murojaatlarga javob bermadi, dedi Yusov.
Il-76 Belgorod viloyatida halokatga uchragan
Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni Belgorod viloyatining Korochansk tumanida Yablonovo qishlog‘i yaqinidagi dalaga qulab tushdi. Viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, bortdagi barcha odamlar halok bo‘lgan. Telegram’dagi «Vajnyye istorii» va «ChTD» kanallari Rossiya mudofaa vazirligiga tayanib, Il-76 bortida almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik asir, shuningdek, 6 nafar ekipaj a’zosi va 3 nafar hamrohlik qiluvchi shaxs bo‘lganini ma’lum qildi. Rossiya mudofaa vazirligi halokatni «terror hujumi» deb atadi va buning uchun Kiyevni aybladi.
Ukraina harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab 26 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan 65 kishidan iborat ro‘yxatda ukrainalik harbiy asirlar borligini tasdiqladi. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov fevral oyi boshida samolyot bortida ukrainalik harbiy asirlar borligini rad etdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina xavfsizlik xizmatiga samolyot halokati holatini o‘rganishni, Bosh razvedka boshqarmasiga esa asirlar taqdirini aniqlashni topshirdi. Zelenskiy shuningdek, Kiyev voqea yuzasidan xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qilishini aytdi.
Comments
0 comment