qarashlar
Qoʻshimcha funksionallar
Jahon | 23:40 / 22.12.2024 356 11 daqiqa o‘qiladi Ginnesning rekordlar kitobini zabt etgan qo‘shiqchi – Maykl Jyeksonning hayoti haqidaBu yil mashhur qo‘shiqchi Maykl Jyekson vafot etganiga 15 yil bo‘ldi. Doim omma e’tiborida bo‘lgan qo‘shiqchining hayoti oson kechmagan. Tinimsiz qo‘yilgan konsertlar tufayli og‘ir charchoqlar va tanasidagi dardlar oxiri uni yiqitadi. Asli qora tanli bo‘lgan dunyo yulduzining tana rangini qanday o‘zgartirgani haqidagi baxslar hali uzoq yillar davom etsa ajab emas.
Maykl Jyekson 1958 yil 29 avgustda AQShning Indiana shtati Geri shahrida ko‘p bolali qora tanlilar oilasida tug‘ilgan.
Mayklning 5 nafar aka-ukalari, 3 nafar opa-singillari bo‘lgan. U oilada yettinchi farzand edi. Otasi zavodda oddiy ishchi bo‘lgan va bo‘sh vaqtlarida o‘zi tuzgan havaskor guruh bilan konsertlar qo‘yib turgan.
Keyinchalik bolalarida musiqiy iste’dodni ko‘rib ota The Jackson 5 nomi bilan musiqiy guruh tashkil etadi. Maykl bu guruhga qo‘shilganida 5 yoshda edi.
Jyeksonlar avvaliga mahalliy klublarda, tilga tushgach turli shoularda qo‘shiq kuylashadi. Tez orada ular mamlakatdagi taniqli guruhga aylanishadi.
1972 yilda hali 14 yoshga to‘lmagan Maykl o‘zining birinchi to‘plamini chiqaradi. Yil oxirigacha ikkinchi albom taqdimoti ham o‘tkaziladi.
Xonaanda undan o‘rin olgan “Ben” deb nomlangan qo‘shiqni shu nomdagi filmda saundtrek sifatida kuylaydi. Qo‘shiq 1973 yilda “Film uchun eng yaxshi saundtrek” deb topiladi va hali 14 yoshga ham to‘lmagan bolakay Oskar mukofoti bilan taqdirlanadi.
Shundan so‘ng u birin-ketin yangi albomlarni taqdim etib boraveradi va dunyo miqyosidagi taniqli qo‘shiqchiga aylanadi.
Oilasi, bolalari va do‘stlari
Maykl Jyekson 1994 yilda mashhur qo‘shiqchi Elvis Preslining qizi Liza Mari Presliga uylanadi.
Ularning nikoh to‘yi Dominikan Respublikasida yashirin tarzda bo‘lib o‘tadi va oradan ikki oydan so‘ng bu nikoh ommaga oshkor qilinadi.
Ammo bu nikoh ko‘pga cho‘zilmaydi: 1996 yilda ular ajrashishadi. Ko‘p o‘tmay qo‘shiqchi Debbi Rouga uylanadi. Bu ayol avval hamshira bo‘lib ishlagan va ommaga uncha tanish emasdi.
Maykl va Debbi ikki nafar farzand ko‘rishadi. 1997 yilda o‘g‘li Prins Maykl Jyekson, 1998 yilda qizi Peris-Maykl Ketrin Jyekson tug‘iladi. 1999 yilda bu juftlik ham ajrashadi.
2002 yilda Mayklning uchinchi farzandi Kichik Prins Maykl Jyekson tug‘iladi. Bu bola surrogat yo‘li bilan tug‘ilgan va qo‘shiqchi uning onasini oshkor qilmagan.
Maykl Jyekson har doim farzandlarini OAV va omma e’tiboridan uzoqda ushlagan. Omma oldiga ular asosan niqob taqqan holda chiqishgan. Qo‘shiqchining o‘limidan so‘ng bolalarni Mayklning onasi Ketrin Jyekson o‘z qaramog‘iga oladi.
Maykl dunyoga taniqli shaxs sifatida boshqa mashhur shaxslar, jumladan, qo‘shiqchilar Uitni Xyuston, Dayana Ross, Layonel Richi, Stivi Uander, aktrisalar Bruk Shilds, Elizabet Teylor, aktyorlar Marlon Brando, Eddi Myorfi, Mark Lester, Kris Taker, Makoley Kalkin bilan do‘st bo‘lgan.
Shuningdek, u malika Diana bilan do‘stona aloqalarda bo‘lgan. Queen guruhi va qo‘shiqchi Freddi Merkyurining konsertlariga borib turgan.
Teri rangining o‘zgartirilishi
Maykl Jyekson 1980-yillar boshlarida plastik operatsiya qildirib, terisining rangini oqartiradi. Habashlarga xos bo‘lgan qalin lablarini ingichkalashtiradi, burni shaklini ham o‘zgartiradi. Bu amaliyot qo‘shiqchini umrining oxirigacha plastik jarrohlarga qaram qilib qo‘yadi.
Chunki teri rangi o‘zgartirilgandan so‘ng ko‘p marotaba tananing turli qismlarida yana qora rang paydo bo‘lishi kuzatilaveradi. Bundan tashqari unda teri kasalliklari ham paydo bo‘la boshlaydi. Shu sababli Maykl muntazam teri rangini bir xilda ushlab turadigan yoki ko‘rsatadigan kuchli pardoz vositalaridan foydalanib yurgan.
Keyinchalik qo‘shiqchi teri rangini ataylab oq rangga o‘zgartirganini inkor qilgan. U o‘zining afroamerikalik ekanini va bu bilan faxrlanishini, kasalliklar tufayli terisiga uni oqartiruvchi kremlar surtib yurganini aytgan.
Biroq uni yaqindan taniganlar boshida u aynan terisi rangini oqqa o‘zgartirishni xohlab plastik jarrohlikka murojaat qilganini aytishadi.
Hayotining so‘nggi yillari
Maykl Jyekson hayotining so‘nggi yillari birmuncha og‘ir kechdi. Sog‘ligidagi muammolar uni ancha qiynab qo‘ydi. Shunda ham qo‘shiqchi konsert berishni to‘xtatmadi.
2009 yilda o‘zining oxirgi marta konsert turini e’lon qiladi. Konsert o‘sha yili iyulda boshlanishi va 40 kun davom etishi rejalashtirilgandi. Biroq uni o‘tkazishga ulgurmaydi.
U so‘nggi konsertini avvalroq e’lon qilingan reja bo‘yicha 2009 yil 23 iyun kuni o‘tkazadi va oradan ikki kun o‘tgach, 25 iyunda vafot etadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra Mayklning o‘limiga dorilarni haddan ziyod ko‘p iste’mol qilgani sabab bo‘lgan.
25 iyun kuni shifokor Konrad Myurrey qo‘shiqchi tanasiga propofol yuboradi va uni yolg‘iz qoldiradi. Oradan ikki soat o‘tgach Mayklning yoniga qaytgan shifokor uning og‘ir holatda yotgani ustidan chiqadi.
Shifokor darhol qo‘shiqchiga yordam berishga urinadi, biroq foydasi bo‘lmaydi. Mahalliy vaqt bilan soat 12:21 da 911 qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilishadi. Shifokorlar 3 daqiqada yetib keladi.
Yo‘lda uning to‘xtab qolgan yuragini ishlatishga urinishadi. Jarayon shifoxonada ham davom etadi. Biroq qo‘shiqchining hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmaydi. Soat 14:26 da Maykl Jyeksonning o‘limi qayd etiladi.
Hayotlik chog‘ida juda ko‘p rekordlar o‘rnatgan va har doim omma e’tiborida bo‘lgan qo‘shiqchining o‘limi internetni “qotirib qo‘yadi”.
Uning vafoti haqidagi xabar dunyo bo‘ylab tarqalar ekan, Google, Facebook, Yahoo!, Twitter va Vikipediyaga bir vaqtning o‘zida bir necha o‘n millionlab insonlar kiradi va ularning ish faoliyatida uzilishlar, to‘xtab qolishlar kuzatiladi.
Maykl Jyeksonning dafn etilishi ancha payt ortga surilib keladi va uni 3 sentabr kuni tuproqqa qo‘yishadi. Qo‘shiqchining o‘limi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishida shifokor Konrad Myurrey aybdor deb topilib, u 4 yilga qamaladi.
Rekordlari
Maykl Jyekson o‘z faoliyati davomida 80 dan ortiq dunyo rekordini o‘rnatgan. Ulardan eng ahamiyatlilari quyidagilar:
Barcha davrlarning eng ommabop qo‘shiqchisi. Maykl Jyeksonning konsertlariga jami 17 million odam kirgan va bu mutlaq rekord hisoblanadi.
1988 yilda Londondagi Wembley stadionida o‘tkazilgan 7 ta konsertiga 504 ming odam kelgan va bu konsertlarda eng ko‘p odam to‘plash bo‘yicha mutlaq rekorddir.
Konsertlar qo‘shiqchiga yaxshi daromad keltirgan. U 1989 yilda 100 mln dollar ishlab topgan birinchi qo‘shiqchiga aylanadi.
2009 yilda uning This Is It deb nomlangan konsertiga bir daqiqada 1,5 ming dona chipta sotilgan va bu ham rekord hisoblanadi.
Barcha davrlarning eng muvaffaqiyatli musiqachisi. Maykl Jyekson brendi ostida qariyb 400 mln dona disk sotilgan. Bu uning disklarini tayyorlovchi musiqa industriyasiga 5 mlrd dollar daromad keltirgan.
1991 yilda u Sony/Epic/Warner bilan shou-biznes tarixida eng yirik – 890 mln dollarlik shartnoma imzolaydi.
Barcha davrlarning eng ko‘p mukofot sohibi bo‘lgan qo‘shiqchi. Maykl Jyekson faoliyati davomida 372 ta turli rasmiy mukofotlarni qo‘lga kiritgan.
Eng ommabop albom. 1982 yilda chiqarilgan Thriller albomi 110 mln nusxada sotilgan va bu ham mutlaq rekord hisoblanadi.
Dunyodagi eng mashhur insonlardan biri. Maykl Jyekson dunyodagi eng taniqli insonlardan biri bo‘lgan. Uni dunyoning barcha joylarida, hatto Amazonka o‘rmonlarida yarim yovvoyi holda yashayotgan qabilalargacha bilishgan. Hatto Mikki Maus va qorboboning kimligini bilmaydiganlar ham Maykl Jyeksonni tanigan.
Eng saxovatli musiqachi. Maykl Jyekson ko‘p marta juda katta miqdorda xayr-ehson qilib turgan. 1985 yilda kuylangan We Are The World qo‘shig‘i sotuvidan kelgan 67 mln dollarni u Afrikadagi ocharchilikdan qiynalayotganlarga yordam beruvchi tashkilot hisobiga o‘tkazgan.
2000 yilda Maykl Jyekson dunyodagi 39 ta xayriya kompaniyasini qo‘llovchi shaxs sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Vafotidan so‘ng eng ko‘p daromad keltirayotgan shaxs. Maykl Jyekson vafotidan so‘ng ham juda katta daromad keltirayotgan shaxs hisoblanadi. 2010 yilda u vafotidan so‘ng eng ko‘p daromad keltirayotgan shaxslar ro‘yxatida birinchi o‘rinda bo‘lgan.
Maykl Jyeksonning qo‘shiqlarini xonandaning o‘limidan so‘ng uning merosxo‘rlaridan Sony Music 750 mln dollarga xarid qilgan. Hozirda Maykl Jyeksonning qo‘shiqlariga va ular keltirayotgan foydaga shu kompaniya egalik qiladi.
2000 yilda Maykl Jyekson Ginnesning rekordlar kitobida eng ko‘p eslangan shaxs sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan.
Yana bir qiziq ma’lumot – Maykl Jyeksonning konsertlarida o‘nlab tez tibbiy yordam mashinalari navbatchilikda turgan. Bunga sabab kuchli hayajon tufayli uning ayrim muxlislari hushini yo‘qotardi va bunday paytlarda tibbiyot xodimlarining yordami lozim bo‘lardi.
Maykl Jyeksonning to‘ng‘ich o‘g‘li Prins Maykl Jyekson va qizi Peris Jyekson aktyorlik bilan shug‘ullanib kelishmoqda. Kichik Prins Maykl Jyekson prodyusser va rejissyorlik qilmoqda.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
15:20 / 17.09.2024
13:05 / 24.08.2024
22:57 / 25.12.2023
18:30 / 16.11.2023
“KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.
Comments
0 comment