menu
Frontdagi vaziyat: Rossiya armiyasi Avdiyivkadan keyin ham muvaffaqiyatga erishmoqda - shahar atrofidagi muhim qishloqlar egallandi.
Bu yurish qachon to‘xtashi mumkin? Frontdagi voqealar rivojini endi nima belgilaydi? Ekspertlar yil boshidagi asosiy janglar sarhisobini qildi.

Rossiyaning Avdiyivkaga yurishi shuni ko‘rsatdiki, RF qurolli kuchlari harbiy harakatlar olib borishdagi yondashuvini o‘zgartira oladi. Rossiya frontning tor uchastkasiga ikkita harbiy okrug (Janubiy va Markaziy)dan iborat yirik guruhni jamladi, janglarda uchta umumqo‘shin armiyalari kuchlari ishtirok etdi. Bu yo‘nalishda katta miqdorda o‘t ochish vositalari ham to‘plangandi — artilleriya brigadalari va dron operatorlari otryadlaridan tortib kuchli aviatsiya guruhigacha.

Aynan kuch va vositalar konsentratsiyasi Avdiyivkadagi amaliyotni RF qurolli kuchlarining o‘tgan yildagi ko‘p sonli yurishlaridan (agar Baxmut uchun janglar hisobga qo‘shilmasa, bu yerda ham «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi hamda RF qurolli kuchlarining unga biriktirilgan qismlari ham yirik kuchlarni bir joyga jamlay olgandi) farq qiladi. Natija ham farq qildi. Agar Rossiyaning boshqa yurishlari eng yaxshi holatda faqat taktik yutuqlar keltirgan bo‘lsa, Avdiyivka atrofida RF qurolli kuchlari butun amaliyotning maqsadlariga deyarli erishdi: mustahkam himoyaga ega shahar egallandi, uning atrofidagi qishloqlar ham va endi ukrain mudofaasi ichkarisidagi pozitsiyalar uchun janglar ketmoqda.

Shu tariqa, rossiyaliklar yurishi Ukraina qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning bu urushda kuchlarni bir joyga jamlash imkonsiz ekani, shunday ekan, «front chizig‘ini yorib o‘tish» ham bo‘lmasligi haqidagi tezisini inkor etdi. Ammo bu shuning uchun ro‘y berdiki, raqib — Ukraina qurolli kuchlari — kurash olib borish vositalari, birinchi navbatda o‘q-dorilar taqchilligini boshdan kechirmoqda.

Bundan tashqari, Rossiya qo‘shini muvaffaqiyatga erishish uchun katta to‘lov qilishiga to‘g‘ri keldi. Hujum qilayotgan guruh texnika va shaxsiy tarkibda katta yo‘qotishlarga uchradi va yo‘qotishlarga uchrashda davom etmoqda (boshqa tomondan, ochiq manbalarga ko‘ra, mudofaalanayotgan Ukraina qurolli kuchlarining yo‘qotishlari ham so‘nggi oylarda oshgan). Bunday to‘lov RF qurolli kuchlari operativ muvaffaqiyatga erisha oladimi, degan savolni ochiq qoldiradi.

Avdiyivka uchun janglar qanday rivojlandi?

2023 yil oktyabrida Rossiya qo‘shini Avdiyivkani shimoldan aylanib o‘tib, shahar ichkarisidagi garnizon, jumladan Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivka kokskimyo zavodidagi asosiy tayanch punktini ta’minotdan uzib qo‘yish uchun behuda urindi. Bu hududda rossiyaliklar Stepove qishlog‘i atrofidagi o‘rmonzor hamda dalalar bo‘ylab yurish qilishiga to‘g‘ri kelgandi. Ochiq maydonlar orqali hujumlar faqatgina texnika va jonli kuchdagi katta yo‘qotishlarga olib keldi — bu qurbonliklar evaziga eng yaxshi holatda haftasiga bir necha yuz metr masofaga ilgarilash kuzatildi.

Yangi yilda RF qurolli kuchlari saflari zaxira kuchlar bilan to‘ldirildi. Yurishning so‘nggi oyida juda yirik kuchlar ishtirok etdi; Rossiya armiyasi urushning ilk oylaridan beri bunday ko‘lamdagi guruhni yig‘magandi. Operatsiyada ikkita harbiy okrug — Janubiy va Markaziy harbiy okrugning uchta umumqo‘shin armiyalarining 10 ta brigadsi, shuningdek Markaziy harbiy okrugning kamida beshta alohida motoo‘qchilar polklari hamda 90-tank diviziyasi tank polklari qatnashdi. Markaziy okrug qo‘shinlari o‘tgan yil davomida butunlay boshqa yo‘nalishda — Avdiyivkadan yuzlab kilometr masofadagi Kreminna o‘rmonzorlari va Svatove yo‘nalishlarida jang qilgan — va faqat 2023 yil oxirida bu yo‘nalishga tashlangandi. Oxirgi bosqichga kelib janglarda (maxsus topshiriqli bo‘linmalarning turli qismlari, ta’minot qismlari va «ko‘ngillilar» bo‘linmalari qo‘shib hisoblanganda) jami 50 minggacha rossiyalik harbiy qatnashgan. Ularga Ukraina qurolli kuchlarining to‘qqiz brigadasi qismlari (shtat tarkibi 30–35 ming kishi) qarshi turgan. Shu bilan birga, bu harbiylarning kattagina qismi Avdiyivka yo‘nalishiga rossiyaliklarning yurishi boshlanganidan keyin olib kelingandi.

Yanvarda RF qurolli kuchlari asosiy zarba yo‘nalishini o‘zgartirishdi: dala hovlilar oralab yurish qilib, ular ukrainlar mudofaasini kokskimyo zavodi va shahar o‘rtasida kesib qo‘yishdi, Ukraina qurolli kuchlarining Industrial prospekti bo‘ylab o‘tuvchi asosiy ta’minot liniyasi kesildi. Dala hovlilardan iborat posyolka, ochiq dalalardan farqli o‘laroq, yurish qilayotgan guruhlarga ukrainlarning razvedkachi dronlari va kamikadze dronlaridan yashirinish imkonini berdi. Shuningdek, rus qo‘shiniga ushbu hududda tushgan quyuq tuman qo‘shimcha maskirovka sifatida yordam berdi. Ushbu hal qiluvchi zarbadan keyin Ukraina qurolli kuchlari qismlari hozircha xavfsiz bo‘lgan qishloq yo‘llari bo‘ylab shoshilinch ravishda chekinishiga to‘g‘ri keldi.

Keyin RF qurolli kuchlari muvaffaqiyatni rivojlantirdi: ular kokskimyo zavodini (Ukraina qurolli kuchlari ta’minotdagi muammolar tufayli bu yerni tark etdi) va shahar atrofidagi — Severne, Stepove va Lastochkino qishloqlarini egalladi. Hozirda rus qo‘shini Tonenke, Orlivka va Berdichi qishloqlarida Ukraina qurolli kuchlarining navbatdagi mudofaa chiziqlarini shturm qilmoqda.

Katta ehtimol bilan, yurish Rossiya qo‘shini ushbu qishloqlarni ham egallaganidan keyin to‘xtaydi. G‘arbroqda Ukraina QK tabiiy mudofaa chizig‘iga — g‘arbiy sohillari tik bo‘lgan Volchyu daryosi taqdim etadigan to‘siqqa tayanishi mumkin. Bu vaqtga borib bir oydan buyon tinimsiz hujum qilayotgan rus qo‘shini ham holdan toyadi. Ukraina QK shimolda Ocheretinodagi tepaliklarda, janubda esa Pervomayskda qanotlarni ushlab turibdi. Bu orqali Rossiya qo‘shinining kelgusidagi harakatlarini ham to‘xtatish mumkin.

RF qurolli kuchlari qaysi omillar evaziga Avdiyivkani egallashga erishdi? Ular frontning boshqa uchastkalarida ham o‘z muvaffaqiyatini takrorlashi mumkinmi?

Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivkadagi yo‘qotishlarining katta qismiga Rossiya aviatsiyasi bombardimonlari sabab bo‘lgan. Yurishni harbiy-havo kuchlarining 11-armiyasi va havo hujumidan mudofaa kuchlari qo‘llab-quvvatlab turgan. Ushbu armiya samolyotlari ba’zi kunlarda shturm guruhlariga ko‘maklashish uchun yuztagacha jangovar parvozlarni amalga oshirgan va bunda yuqori texnologik qurollar — sun’iy yo‘ldosh navigatsiya signali bilan boshqariladigan, rejalashtirish va korreksiya moduliga ega bombalar qo‘llangan. Bombardimonlar Ukraina qurolli kuchlariga Avdiyivkadagi uzoq muddatli beton istehkomlarini hamda shahardan chekinilgach, atrofdagi qishloqlarda shoshilinch tarzda barpo etilgan mudofaa chiziqlarini ushlab turishga imkon bermadi. Ammo aviatsiya raqib mudofaasini butunlay parokanda qila olmadi: avvaliga ukrain qo‘mondonligi Avdiyivkaga zaxira kuchlarni tashladi, keyin esa qo‘shin shahardan nisbatan uyushgan holda olib chiqildi.

Jangning keyingi bosqichlarida Ukraina qurolli kuchlari uzoq masofaga harakatlanuvchi vositalari, jumladan Patriot zenit-raket komplekslarini front chizig‘iga yaqin olib kelish orqali RF havo-kosmik kuchlariga bombali zarbalar yo‘llashga xalaqit qilmoqda. Ukrain qo‘mondonligiga ko‘ra, fevral oyida mamlakat hududi bo‘ylab rossiyaliklarning kamida 10 ta qiruvchi va bombardimonchi samolyotlari urib tushirilgan. Rossiyadagi manbalar faqat ikkita samolyot qulaganini tan olgan (RF mudofaa vazirligi esa bu mavzuda umuman izoh bermagan). Shu bilan birga, Rossiya tomoni Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimidagi bir qancha qurilmalar, jumladan NASAMS zenit-raketa kompleksiga zarba berilgani aks etgan videolarni namoyish etgan.

Katta ehtimol bilan, bu yildagi bo‘lajak janglarning kechishi havodagi hukmronlik uchun jangga bog‘liq: agar Ukraina qurolli kuchlari RF havo-kosmik kuchlariga jiddiy yo‘qotishlar yetkaza olmasa, unda Rossiya aviatsiyasi quruqlikda ukrain qo‘shinlari holatini sezilarli darajada yomonlashtiradi. Hozircha Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlarining harakatlari rus aviatsiyasining Avdiyivka ustidagi faolligini kamaytira olgani yo‘q: rossiyaliklarning samolyotlari atrofdagi qishloqlar bo‘ylab yopirilma zarbalar berishda va Ukraina qurolli kuchlarining shoshilinch barpo etilgan mudofaa chiziqlarini vayron qilishda davom etmoqda.

Rossiya qo‘shinlari muvaffaqiyatiga geografiya ham ta’sir ko‘rsatdi. Avdiyivka 2023 yil martida, rus qo‘shini (ilk bor — yuqori texnologiyali bombalar bilan qurollangan aviatsiya orqali) shahar shimoli va janubidagi qanotlarga yorib kirganidan buyon yarimqurshov holatida edi. Shundan buyon Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivkada yirik guruh ta’minotini yo‘lga qo‘ya olmadi, yaqin hududga yetarli miqdorda artilleriya va havo hujumidan mudofaa kuchlarini joylashtira olmadi: shaharga olib keluvchi barcha yo‘llar rus qo‘shini zarbasi ostida edi. Bir yil muqaddam shunday sabablar tufayli yarimqurshov holatidagi Baxmut mudofaasida ham muvaffaqiyatga erishilmagandi. Ukrain qo‘mondonligi, agar dushmanga zarar yetkazish va o‘zi katta yo‘qotishlardan saqlanishni istasa, noqulay sharoitlarda jang qilishdan qochishi kerak.

RF qurolli kuchlari lokal yutuqqa erishishi uchun qo‘qqisdan hujum qilishi va rejani maskirovka qilishiga hojat bo‘lgani yo‘q: Avdiyivkani shturm qiluvchi guruh ochiqchasiga yig‘ildi. Qo‘shinlar jamlanganini ko‘rib turgani Ukraina qurolli kuchlariga raqibga ko‘proq yo‘qotish yetkazishda qo‘l keldi, ammo bu yurishni barbod qilish uchun yetarli darajada emasdi.

Avdiyivka atrofidagi janglar ukrainlar mudofaasi ichkarisiga chuqur yorib kirishga va harbiy harakatlar manyovr fazasiga o‘tishiga olib kela olmadi. Rus qo‘shinining ildamlash sur’ati shahardagi ukrain guruhini qurshovga olish uchun yetarli darajada bo‘lmadi. RF qurolli kuchlari bir necha kilometr ichkariga kirib borib hal qiluvchi zarbani berishi uchun bir hafta vaqt ketdi. Bu esa Ukraina qurolli kuchlari qo‘shinlarning asosiy qismini shahardan olib ketishiga imkon berdi.

Urush hamon raqibni holdan toydirish xarakteriga ega bo‘lib qolmoqda. Bunday urushda yo‘qotishlar nisbati muhimdir. Oktyabr oyidan buyon RF qurolli kuchlari Avdiyivka atrofida bir necha yuz tank va zirhli mashinalaridan ayrilgan. Ukraina qurolli kuchlarining videolar bilan tasdiqlangan yo‘qotishlari o‘nlab mashinalardan iborat. RF qurolli kuchlari yurishning ilk oylarida zirhli mashinalar kolonnalari bilan hujum qilishni afzal ko‘rgandi va bu to‘qnashuv chizig‘iga yetib kelmasdanoq katta yo‘qotishlarga uchrashga olib keldi. Yangi yil boshida esa ular vagnerchilarning Baxmutda sinalgan taktikasini qo‘llab, artilleriya (va aviatsiya) ko‘magidagi kichik guruhlar bilan harakatlana boshladi. Bu taktika shturmchi guruhlarda yashirinish imkoni bo‘lgan ko‘cha janglarida ayniqsa muvaffaqiyatli edi.

«Meduza» va «Mediazona» tadqiqotiga ko‘ra, janglar faollashgan oktyabr oyining ikkinchi haftasidan buyon RF qurolli kuchlarining shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlari miqdori kamida ikki barobar ortgan. Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlarining yo‘qotishlari ham keskin ko‘paygan — ammo aynan qanchaga ekani noma’lum.

Frontdagi keyingi voqealar Rossiya qo‘shini hujum qilish salohiyatini yo‘qqa chiqaradigan darajada ko‘p yo‘qotishlarga uchramasdan oldinga siljiy olishiga bog‘liq. Ukraina esa Rossiyaga qarshi turish uchun bostirib kelayotgan armiyaga jiddiy zarar yetkazish salohiyatini yo‘qotmasligi kerak bo‘ladi. G‘arbdan artilleriya uchun yuz minglab snaryadlar yetkazib berilishi tiklanmasa, buni uddalash dargumon.

Avdiyivka uchun jang yakunlari haqida qisqacha

Rossiya qo‘mondonligi Ukraina qurolli kuchlarining mustahkam mudofaasini buzish imkonini topdi. Ammo, bu urushga raqibni qurshovga olish va tor-mor etish amaliyotlari bilan kechadigan manyovrli xarakter berish imkonini bermadi. Bundan tashqari, bu usul ko‘p resurslar sarflashni talab etdi.

Agar Ukraina G‘arbdan oldingi ko‘lamlarda yordam ola boshlasa, unda hech bo‘lmaganda holdan toydirish urushida yutqazmaslik uchun barcha imkoniyatlar bo‘ladi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!