qarashlar
Qoʻshimcha funksionallar
Fan-texnika | 11:23 641 6 daqiqa o‘qiladi Dunyo elektrsiz qoladi, sun’iy idrok odamlardan o‘zib ketadi: Ilon Maskning 2025 yil uchun prognozlariMaskning ta’biri bo‘yicha 2025 yilda bizni nimalar kutmoqda?
SpaceX va Tesla asoschisi, tadbirkor va milliarder, dunyoning eng ta’siri kuchli shaxslaridan biri Ilon Mask kelajakka oid fikrlari, taxminlari bilan ham mashhur. Uning hamma aytganlari ham ro‘yobga chiqavermaydi, aksincha, ko‘pchiligi fantastik tuyuladi. Avtonom transport vositalari, robototexnika, kosmos va sun’iy idrok — Ilon Maskni eng ko‘p qiziqtiradigan sohalardir. Hi-Tech Mail nashri tadbirkorning 2025 yilga mo‘ljallangan optimistik prognozlarini o‘rganib chiqdi.
Tesla sotuvi 30 foizga oshadi
Tesla aksiyadorlarining yig‘ilishida kompaniya bosh direktori Ilon Mask 2025 yil uchun juda optimistik bashorat aytdi. Uning ta’kidlashicha, elektromobillar sotuvining hajmi 20-30 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Bunday sezilarli o‘sish arzonroq va ommabop modellarni ishlab chiqarish, shuningdek, Model 3 va Model Y turkumlariga jiddiy chegirmalar taqdim etish hisobiga yuz beradi. Tesla Cybertruck elektr yuk mashinasining arzonroq versiyalarini yaratish va’dasini bajarsa, ushbu model ham yanada arzonlashishi mumkin.
Agar hammasi rejadagidek ketsa, 2025 yilda yangi haydovchisiz Cybercab taksilarini ishlab chiqarish to‘liq yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa yiliga qo‘shimcha 2 million, 2026 yilga kelib hatto 4 million elektromobilni tashkil etadi. Tesla kompaniyasining yaqin kelajakdagi ulkan rejalari ana shulardan iborat.
Sun’iy idrok odamlardan aqlliroq bo‘ladi
Sun’iy idrok sayyoramizdagi eng aqlli insonlarni ortda qoldirish darajasiga tobora yaqinlashmoqda. Kelasi yil oxirigacha istalgan odamdan aqlliroq mashinalar paydo bo‘ladi, 2029 yilga kelib esa butun insoniyatning bilimi jamlanganda ham sun’iy idrokka yetolmay qoladi, degan fikrda Mask.
Odamga xos aqliy qobiliyatlarga taqlid qiluvchi sun’iy idrokni ishlab chiqish sur’atlari jadallashmoqda. Buning oqibatlari butun insoniyat uchun muhim. Kompyuterlar har qanday ma’lumotni qayta ishlashda insonlardan ko‘ra tezroq, samaraliroq va arzonroq ishlashga qodir bo‘ladi. Masalan, sun’iy idrok yangi texnologiyalarni samaraliroq ixtiro qiladi, bolalarni yaxshiroq o‘qitadi, bemorlarga aniqroq tashxis qo‘yadi, inson xatolari ehtimoli esa minimal darajaga tushadi.
Texnik sabablar tufayli bunday kelajak biroz kechikmoqda.
Jahonda elektr energiyasi taqchilligi kutilmoqda
Dunyo sun’iy idrokni o‘qitish uchun chiplar yetishmovchiligi muammosiga allaqachon duch kelmoqda. Nvidia kompaniyasining sotuvlari 265 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, taqchillik kamaygani yo‘q. Mask kelgusi yilga kelib kompyuter chiplari uchun elektr energiyasi yetmay qolishidan ogohlantirdi.
Elektromobillar sonining ko‘payishi ham elektr energiyasi iste’molini sezilarli darajada oshirmoqda. Bunday sur’atlar bilan yaqin kelajakda zamonaviy dunyo sham yorug‘ida yashashga majbur bo‘lishi mumkin.
Qazilma yoqilg‘idan qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish orqali vaziyatdan chiqish mumkin, bu yo‘nalishni rivojlantirish kerak, deb ta’kidlaydi Ilon Mask.
Haydovchisiz taksilar yo‘lovchi tashishni boshlaydi
Maskning va’dalariga ko‘ra, to‘liq avtonom Cybercab robotaksilari 30 ming dollardan arzonroq bo‘ladi. Ular kelasi yildanoq Kaliforniya va Texas ko‘chalarida harakatlanishni boshlaydi. Keyinchalik esa Yevropa va Xitoy yo‘llariga ham chiqadi. Haydovchisiz transportni ishga tushirish vaqti tartibga soluvchi organlarning qaroriga bog‘liq.
Robotaksida rul va pedallar bo‘lmaydi, rozetka o‘rniga esa induktiv zaryadlash qurilmasi o‘rnatiladi. Odamlar yo‘lda ishlashi, uxlashi yoki film tomosha qilishi mumkin. Bundan tashqari, robotaksi haydovchi xatolarini butunlay bartaraf etadi, natijada yo‘l-transport hodisalari, jarohatlanishlar va hatto o‘lim holatlari soni kamayadi.
Mask Cybercab’ni ishga tushirishdan tashqari, kelasi yil Kaliforniya va Texasda Model 3 hamda Model Y avtomobillariga avtomatik boshqaruv funksiyasini joriy etish rejalarini ma’lum qilgan.
Tesla Optimus robotini ishlab chiqarish 2025 yilning oxirigacha boshlanadi
Ilon Mask Optimus robotlarini ishlab chiqarishni 2022 yilga va’da qilgandi. Biroq aqlli mashina hamon ishlab chiqarish bosqichida turibdi. Yangi bashoratga ko‘ra, kelasi yili Tesla kompaniyasi o‘z obektlarida ichki foydalanish uchun humanoid robotlarning kichik guruhlarini yaratishni boshlaydi. 2026 yilga kelib boshqalar ham ulardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Ilon Maskning bashoratlariga ko‘ra, bu Tesla kompaniyasining qiymatini 25 trillion dollargacha oshirishi mumkin.
Bumblebee nomli Optimus robotining birinchi avlodi 2022 yil sentabr oyida yaratilgandi. Uning bo‘yi taxminan 1,7 metr, og‘irligi esa 56 kilogramm. U insonlarni zerikarli, bir xildagi va hatto xavfli ishlarni bajarishdan qutqarishga mo‘ljallangan. Masalan, dastlabki humanoid yordamchilar kompaniya zavodida metall sterjenlarni ko‘tarib yuradi, qutilarnі tashiydi va gullarga suv quyadi.
20:59 / 20.12.2024
20:07 / 16.12.2024
22:55 / 11.12.2024
18:14 / 11.12.2024
“KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.
Comments
0 comment