qarashlar
Qoʻshimcha funksionallar
Jahon | 14:04 13789 6 daqiqa o‘qiladi Aqtaudagi samolyot halokati. Hozirgacha nimalar ma’lum?Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga uchgan samolyoti Qozog‘istonda qulab tushdi. Uning bortida 69 kishi bo‘lgan, shundan 29 kishi omon qolgan.
Azamat Sarsenbayev / Reuters / Scanpix / LETA
Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga reysni amalga oshirgan Embraer 190 rusumli yo‘lovchi samolyoti 25 dekabr tongida Qozog‘iston g‘arbidagi Aqtau shahri yaqinida aviahalokatga uchradi. Qulagan samolyot bortida 64 yo‘lovchi va ekipajning besh nafar a’zosi bo‘lgan, deb xabar qilgan Qozog‘iston transport vazirligi. Avvaliga «Kazinform» agentligi samolyotda 105 yo‘lovchi va ekipajning besh a’zosi uchganini xabar qilgandi, ammo keyinroq xabariga tuzatish kiritdi. Baza telegram-kanali samolyot bortida bo‘lgan yo‘lovchilar ro‘yxatini e’lon qilgan, unda 67 kishi qayd etilgan.
Qancha odam halok bo‘lgani hozircha noma’lum, lekin omon qolganlar bor. Mang‘istau oblasti sog‘liqni saqlash boshqarmasi «Interfaks»ga voqea joyidan kamida to‘rt kishining jasadi topilganini ma’lum qilgan. Qozog‘iston FVV esa 29 kishi halokatdan omon qolganini tasdiqlagan. Jabrlanganlardan to‘qqiz nafari og‘ir ahvolda, deb xabar bergan RIA Novosti operativ shtab ma’lumotiga asoslanib. Yaradorlarning uch nafari bolalar, deb xabar beradi Shot. FVVdagilar ikki bola shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar qilgan. FVV jabrlanganlar ro‘yxatini tayyorlamoqda.
Halokatdan keyin samolyot parchalangan, dum qismi ajralgan va ag‘darilgan. Fotosuratlar va hodisa videolaridan ko‘rish mumkinki, omon qolganlar aynan samolyotning dum qismida bo‘lgan.
Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi Aqtauga jarrohlar va travmatologlar bilan sanitar aviatsiya bortini yuborgan.
Samolyotda to‘rt mamlakat fuqarolari parvoz qilgan. Qozog‘iston transport vazirligiga ko‘ra, bortda Ozarboyjonning 37, Rossiyaning 16, Qozog‘istonning olti fuqarosi, shuningdek uch nafar qirg‘izistonlik bo‘lgan. Shot telegram-kanali bortda bo‘lgan Rossiya fuqarolari ro‘yxatini e’lon qilgan, unda 15 rossiyalik bor, jumladan, 2011 va 2013 yillarda tug‘ilgan bolalar.
Samolyot halokatga uchrashi videoga olingan. Kadrlarda samolyot balandlikka ko‘tarilishga uringani, ammo boshqaruv tizimlari ishdan chiqishi tufayli pastlagani, qo‘nish yo‘lagiga kirishdan oldin 45 daraja burchak ostida yerga urilgani va shundan keyin portlash ro‘y berganini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda halokatdan keyin olingan videolar paydo bo‘lgan.
Ularda omon qolganlarni va usti yopib qo‘yilgan jasadlarni ko‘rish mumkin.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot Kaspiy dengizi ustida ekanida halokat signalini yo‘llagan, deb xabar beradi Ozarboyjonning APA agentligi. Shundan keyin layner majburiy qo‘nish uchun Qozog‘iston tomon yo‘l olgan.
Sputnik Azerbaijan aviakompaniyadagi manbaga asoslanib, samolyot qushlar galasi bilan to‘qnashib ketganini halokat sababi sifatida keltirgan. Rosaviatsiyadan ham shunday ma’lumot berishgan. Orda.kz esa Qozog‘istonning Mang‘istau oblasti sog‘liqni saqlash boshqarmasiga asoslanib, samolyot bortida ballon portlaganini xabar qilgan. Guvohlar nashr bilan suhbatda havo kemasi dvigateliga qush tiqilib qolgani, shundan keyin bortda kislorod balloni portlaganini aytib berishgan. «Kislorod balloni portlab ketdi, odamlar hushini yo‘qota boshladi», — deyishgan guvohlar.
Samolyot Aqtau aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi yaqinidagi dalaga qulagan. Flightradar servisi ma’lumotlariga ko‘ra, halokatdan oldin samolyot aeroport ustida aylangan. AZAL’dagilar layner «Aqtau shahridan uch kilometr masofada avariyaviy qo‘nishni amalga oshirgani»ni aytishgan.
Samolyot tuman tufayli Grozniyga qo‘nish uchun ruxsat ololmagan. Layner avvaliga Mahachqal’aga, keyin esa Aqtauga yo‘naltirilgan, deb xabar bergan RIA Novostiga Grozniy aeroporti matbuot xizmati.
Qozog‘iston hukumati aviahalokat sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzgan.
Checheniston rahbari Ramzon Qodirov samolyot halokati yuzasidan hamdardlik bildirgan. «Azerbaijan Airlines laynerining Bokudan Grozniyga parvoz qilgan va Aqtauda halokatga uchragan reysi yo‘lovchilarining yaqinlariga hamdardlik bildiraman», — deya yozgan u telegram-kanalida. Qodirov jabrlanganlar tezda sog‘ayib ketishini tilagan.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev samolyot halokati munosabati bilan Rossiyadagi MDH sammitidagi ishtirokini muddatidan oldin yakunlab, Bokuga qaytishga qaror qilgan.
Qozog‘iston FVV samolyot halokatida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar haqida ma’lumot olish mumkin bo‘lgan ishonch telefonlarini e’lon qilgan: FVV boshqaruv markaziniki 8-96.55.7172-21 va Aqtau shahrida 8-90.31.7292-91.
Halokatga uchragan Embraer E190AR bundan 11 yil muqaddam foydalanishga topshirilgan. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu vaqt davomida bort AZAL va unga aloqador Buta Airways kompaniyalariga tegishli bo‘lgan.
12:27
12:37 / 14.12.2024
15:29 / 25.11.2024
11:56 / 02.11.2024
“KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.
Comments
0 comment