qarashlar
3 mart kuni AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi. Bu haqda UzReport xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, ularning ko‘pchiligi Meksika orqali Amerikaga o‘tgan. Shuningdek, bir qancha boshqa davlatlar orqali borgan fuqarolar ham bor. AQShga borgan fuqarolar o‘z boshidan o‘tgan qiyinchiliklarini so‘zlab berdi.
«Bagajimni yo‘qotib, to‘satdan Madridga uchganman. Ushbu shaharda chipta yo‘qolib qolib, 14 kun davomida 400 o‘zbek Madridda „xor bo‘lgan“. Shu yerdan Turkiyaga deport qilinganmiz. Keyinchalik Guatemalaga bordik va yana harakat qilib ko‘rdik. Ikki marta chegaradan qaytarilib, immigratsion joyda ikki sutka yotganman.
Venesuela fuqarolari bilan piyoda 3 kun yurganmiz. U yerda ham qochdik, yurdik, o‘liklarni ham hamma narsani ko‘rdik. Maslahat bermayman, Amerika shunchaki reklama», — deya ta’kidladi ulardan biri.
U bu yo‘lda 10 ming dollarga yaqin puli ketganini ta’kidlagan.
«Iyulda uyimdan chiqqan bo‘lsam, avgust oyida men ushbu davlatga yetib bordim. Lekin ishlay olmadim. Pul sarflab, sarflab qaytdik. Bormoqchi bo‘lganlarga maslahatim –bormanglar. Bu shunchaki reklama. Kasallik orttirib qaytasiz. Hammasi yolg‘on», — deydi u.
Ma’lumot uchun, 2021 yildan 2023 yilgacha AQSh hukumati tomonidan «alohida qiziqish uyg‘otuvchi shaxslar» sifatida tasniflangan o‘n minglab muhojirlar Meksika orqali AQShga noqonuniy kirishga harakat qilishgan. Qo‘lga olinganlarning 13 mingdan ortig‘i O‘zbekiston fuqarolaridir.
Bundan avvalroq AQSh hukumati O‘zbekistonning mamlakatga noqonuniy kirib kelgan 119 nafar fuqarosini vataniga qaytargani haqida xabar berilgandi.
Comments
0 comment