menu
Aldanib qolmang: Turkiyadagi “kelinchak biznesi”.
2023 yilda Turkiyaga eng ko‘p kelin bo‘layotgan xorijliklar ro‘yxatida o‘zbekistonliklar 1-o‘ringa chiqdi. Afsuski, bunda o‘zbek va turk xalqlarining tili, dini va qadriyatlari yaqinligidan tashqari, ko‘ngilni xira qiladigan yana bir omilning ham o‘rni bor: odam savdosining bir turiga aylangan “kelinlar biznesi”.

2023 yilda Turkiyaga eng ko‘p kelin bo‘layotgan xorijliklar ro‘yxatida o‘zbekistonliklar 1-o‘ringa chiqdi. Afsuski, bunda o‘zbek va turk xalqlarining tili, dini va qadriyatlari yaqinligidan tashqari, ko‘ngilni xira qiladigan yana bir omilning ham o‘rni bor: odam savdosining bir turiga aylangan “kelinlar biznesi”.

2023 yilda Turkiyada turmush qurgan har 10 nafar xorijlik kelindan bittasi o‘zbekistonlik bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Turkiyaga 31 029 nafar xorijlik kelin kelgan bo‘lsa, shundan 12 foizini o‘zbekistonlik xotin-qizlar tashkil etgan. 2022 yilda biz bu ro‘yxatda 2-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsak, 2023 yilda 1-o‘ringa chiqdik. Ro‘yxatda 2– va 3-o‘rinlarda suriyaliklar va ozarboyjonliklar turishibdi.

O‘zbek-turk nikohlarining ko‘payishiga ikki millat vakillarining tili, dini, qadriyatlari o‘xshashligi sabab bo‘lishi mumkin. Lekin ko‘z yumib bo‘lmaydigan ba’zi ma’lumotlar ham bor. Bugun turk mediasida “Xorijlik kelinlar qurboni bo‘lgan kuyovlar” sarlavhasi ostida ko‘rsatuvlar ekranga chiqmoqda. Unda “o‘zbek kelinlari biznesi” paydo bo‘lgani haqida so‘z yuritiladi. Turkiyalik jurnalist Zohida Yetish o‘zbek kelinlar, ularga uylangan turk kuyovlar va ularni o‘zaro tanishtirgan o‘rtachilar haqida bir nechta turkum ko‘rsatuvlar e’lon qildi.

“Ular bu yerda shunday ishlarni qilishadiki, bo‘ydoq janoblarni topib, ularga o‘zbek qizlarining rasmlarini ko‘rsatishadi. Yoqtirgan qizlarini olib kelish uchun esa 120 ming lira olishadi. Aslida esa qizlar allaqachon kelishgan va ularni bir nechta uylarda saqlashadi. Bu uylarni ham aniqladik, bizda barcha ma’lumotlar bor. Ular tanishtiriladi va turmush qurishga ko‘ndiriladi. Bir muddat birga yashashgandan keyin, ayollar kuyovdan to‘yda beriladigan sovg‘alar, pullar va tillalarni qo‘lga kiritib yana o‘sha uyga qochib ketishadi. Endi ular boshqa shaharga yo‘l olishadi va u yerda yana bir boshqa kuyovga turmushga chiqishadi. Ular shunday qilib kuyovlar orasida aylanib yurishadi. O‘rtachilar kuyovlarga bu qizlarning birinchi marta turmushga chiqishi deb aytishadi. Lekin vaqt o‘tib qaralsaki, ularning hatto farzandlari ham borligi ma’lum bo‘ladi.

Ular ayollarni Istanbulga pullash uchun olib kelishadi, ammo ular buni bilishmaydi, bu yer ko‘zlariga go‘zal ko‘rinadi. Ishlagani keldim deb o‘ylashadi. Ammo bu ular o‘ylagan ish bo‘lib chiqmaydi. Biz hammaga mikrofon tutdik. Shunday ayollarga aldangan o‘nlab erkaklar kelishdi, men bunga ishonolmadim”, deydi jurnalist o‘z ko‘rsatuvida.

Ko‘rsatuvlarning birida kuyovlar o‘rtachilar ularga o‘zbek kelin topib berishlari uchun yaxshigina pul olishganini va 20ga yaqin qizlarning suratlarini ko‘rsatishganini aytishgan. Ular orasida 68 yoshli kuyovlar ham bor. U Barno ismli o‘rtachiga 2 ming yevro bergan, lekin oradan 4 yil o‘tsa hamki, u ayolni topa olmayotganini ma’lum qilgan.

Eng yomoni, bu o‘rtachilar orqali turmush qurgan kelinlarning ko‘pchiligi kuyov bilan bir necha kun yoki bir necha oy yashab, ajrashib ketishgan. Ketib qolishgan desak ham to‘g‘ri bo‘ladi. To‘ygacha anchagina pul va tillalar sarflagan kuyovlar kuyib qolishganini aytishadi. Kelinlarni 3 nafar namanganlik ayollar, ya’ni o‘rtachilar topib berishgani haqida gapirishadi. Jurnalist ko‘rsatuvga murojaat qilgan erkaklarning qancha zarar ko‘rgani haqida gapirib bergan:

“Mustafa o‘zbekistonlik kelin bilan 180 kun birga yashagan va 990 ming lira yo‘qotgan, Go‘kxan 54 kun, 350 ming lira, Serkan 3 kun, 250 ming lira, Veysel 28 kun, 460 ming lira, Hasan Huseyn 5 kun, 250 ming lira, Devlet 16 kun, 250 ming lira, Kadir 10 kun, 400 ming lira, Mevlud 45 kun, 600 ming lira”.

Murojaatchilar jami 3 mln 550 ming turk lirasi sarflashgan. Bu 120 ming dollardan oshadi. Jurnalist bir guruh o‘rtachilar tomonidan “kelinlar guruhi” turk kuyovlar o‘rtasida aylantirilayotganini, ya’ni bir kuyovdan ketib qolgan kelin boshqa bir kuyovga yana shunday pullanishi haqida aytadi.

Turkiyada yashovchi vatandoshimiz Nargiza O‘nal bu holatning juda achinarli ekanini aytdi:

“Bu turmush qurgan fuqarolarning orasida yolg‘ondan turmush qurgan, pul evaziga, majburlanib turmush qurdirilganlar bor. Bundan 2-3 oy muqaddam o‘zbek ayoli Istanbulda o‘z hamqishloqlarini pul evaziga turklarga turmushga chiqishga undagan va ikkala tomondan ham – qiz tomondan ham, erkak tomondan ham pul olgan edi. Ya’ni buni biznesga aylantirib qo‘ygan. Bu juda achinarli va jahlni chiqaradigan holat.

Qiz bola uyidan chiqib ketayotganda otasining, yaqinlarining sha’nini yelkasida olib chiqib ketadi. Chet elga chiqib ketayotganda esa butun vatanining sha’ni uning yelkasida bo‘ladi. Har bir xorijga turmushga chiqayotgan qizlarimiz shunga yarasha ish qilishlari kerak. Lekin buni ko‘pchilik tushunib yetmaydi”, – deydi u.

Bundan 2 yil oldin Kun.uz'ga xuddi shunday o‘zbekistonlik ayollar tomonidan turk erkaklariga ikki marta sotib yuborilgan qiz murojaat qilgan edi. Uni ikki marta ham o‘z vatandoshlari 1000 dollardan “pullashgan”.

Yaqinda Turkiyadagi “O‘zbek ayollari huquqini himoya qilish” jamiyatiga 20 yoshli O‘zbekiston fuqarosi yordam so‘rab murojaat qildi. Murojaatga ko‘ra, tanish ayollar uni Turkiyada ishlash uchun chaqirishadi va borganidan keyin pasportlarini olib qo‘yib, turk erkakka turmushga chiqishga majburlashadi. “Unga tegib, 3-4 kun yashab, keyin ketaverasan” deyishgan.

Turkiyalik jurnalist Zohida Yetishning ko‘rsatuvida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Robiyaxon ham aldangan. U uch farzandi bilan yolg‘iz qolgach, Turkiyadan ish qidiradi va o‘rtachilarga uchrab, turk erkakka turmushga chiqadi.

“Men aslida Turkiyadan ish izlagan edim. Bir odam bor, bir farzandi bilan ajrashgan, seni bolalaring bilan qabul qiladi, deyishganda, yaxshi odam ekan deb o‘yladim. Boshida kichkina farzandimni o‘zim bilan olib ketaman, keyinchalik kattalarini ham olib kelaman deb o‘yladim. Lekin erim menga qul kabi munosabatda bo‘ldi. Ichib kelib urar, zo‘rlardi. Har kuni ichardi, bolam bilan och qolardik. O‘zlari issiq suvda yuvinib, menga faqat sovuq suvda yuvinishga ruxsat bor edi. Hatto bosh yuvishimga shampun bermasdi. Bolamga qo‘shnilar eski-tuski kiyimlarini berishardi. O‘zbekistonda qolgan farzandlarim bilan gaplashish uchun telefon bermasdi hatto. Qochib ketmoqchi bo‘ldim, lekin uddasidan chiqa olmadim. Qochaman deb bozorga borib qoldim, menga u yerda vatandoshlarimiz yordam berishdi. Lekin meni yana uyga qaytarishdi va ahvolim battar og‘irlashdi. Meni uning qo‘lidan jandarma qutqardi va hujjatlarimni undan olib berishdi. U xonadonda o‘tkazgan kunlarimni, azoblarimni bir umr unuta olmayman”, – deydi Robiya.

Ko‘rib turganingizdek, bu yerda ayollar ham erkaklardan kam jabr ko‘rmayapti. Ayni paytda, bu mauammo odam savdosining bir ko‘rinishi sifatida yuzaga chiqqach, turk deputatlari va Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘rganilmoqda.

Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!