qarashlar
Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori e’lon qilindi.
Qarorda keltirilishicha, Toshkent shahrini kompleks rivojlantirish va qurilishni rejalashtirish hamda qurilishni rejalashtirish sifati va darajasini oshirish, shaharning me’moriy-rejalashtirilgan qiyofasini hamda infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsad qilingan.
Bosh rejaning asosiy ko‘rsatkichlarini belgilovchi xaritalar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimida ochiq ma’lumot sifatida joylashtiriladi.
Har qanday qurilish ishlarini amalga oshirish tasdiqlangan bosh reja asosida belgilangan tartibda ushbu hududning master rejasi, batafsil rejalashtirish loyihasi yoki qurilish loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlagan holda amalga oshiriladi.
Bosh rejaning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi bo‘yicha Toshkent shahar hokimining hisoboti har chorak yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisida eshitib boriladi.
Bosh rejani ishlab chiqishdan asosiy maqsad:
Bosh rejada quyidagi muammolarni hal qilishga alohida e’tibor qaratilgan:
Prezidentning 2023-yil 11-sentyabrdagi qaroriga muvofiq shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan ko‘rinishda ishlab chiqishga ruxsat etilgan.
Soddalashtirilgan ko‘rinishdagi bosh reja Toshkent shahrining hududlarini quyidagi zonalarga ajratib beradi:
Konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar o‘zgarishsiz qoladi. Bu zonada qo‘shimcha turar va noturar bino hamda inshootlar qurish taqiqlanadi. Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qo‘shimcha qurilishlar qilish mumkin bo‘ladi. Renovatsiya zonasida eskirgan uy-joy, binolar o‘rnida yangi qurilishlar va taʼmirlash amalga oshiriladi.
Hujjatda belgilanishicha, poytaxt hokimligi 3 oy muddatda Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘jjallangan bosh rejasini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.
Qurilish uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bosh rejaga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshiradi.
Toshkent bosh rejasi haqida
Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 9-oktyabr kuni Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishgandi. Davlat rahbari poytaxtni kamida 7,5 million odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantirish zarurligini taʼkidlagandi.
Bugungi kunda shahar hududi 43 ming 822 gektarni tashkil qiladi, aholi soni 3 milliondan ziyod. Kelgusida bu miqyos yanada oshib borishi tayin. Shu bois Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi loyihalashtirildi. Davlat rahbari bu boradagi ilk ishlanmalar bilan 2022-yilda tanishgan edi. Unda berilgan ko‘rsatma va tavsiyalar asosida loyiha takomillashtirildi.
Bosh rejani tayyorlash muddati bir necha bor qoldirilgan edi
2012-yil yozida Toshkent shahri va uning atrofi bosh rejasining 2030-yilgacha hisoblangan texnik-iqtisodiy asoslari muhokama qilingani haqida xabar berilgan. 2018-yilning avgustidagi prezident farmonida poytaxtning tasdiqlangan bosh rejasi mavjud emasligi “tartibsiz qurilishlarga olib kelmoqda, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada kengaytirishga imkon bermayapti, shuningdek, poytaxtni faol ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda”, deya qayd etilgandi.
Shahar hokimiga 2018-yil 1-oktabrga qadar bosh reja konsepsiyasining loyihasi hamda bosh rejaning o‘zini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazish topshirilgan.
2019-yilning fevral oyida poytaxt hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha sobiq birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov (hozirgi Chirchiq shahar hokimi) Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi o‘sha yilning apreliga qadar 3D formatda tayyorlanishi haqida ma’lum qilgandi. Shuningdek, u loyihani yaratish ustida Xitoy, Turkiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ish olib borayotganini qayd etgan edi.
Keyinchalik belgilangan muddatlar ortga surildi — ishlab chiqishda turk kompaniyasi ishtirok etgan hujjat 2020-yilda taqdim etilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
O‘sha vaqtda Qurilish vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Sherzod Xidoyatov 2020-yil dekabr oyida Toshkentning bosh rejasini ishlab chiqish 2022-yil oxirigacha yakunlanib, aholiga taqdim etilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Ushbu muddat hukumat tomonidan tasdiqlangan muddatga mos keladi.
Prezidentning 2020-yil noyabrdagi qarori bilan 2025-yilgacha O‘zbekistonning barcha shaharlari va shahar posyolkalarining to‘rtdan bir qismini bosh rejalar bilan qamrab olish belgilangan. Bunda loyiha hujjatlari jamoatchilik muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda tasdiqlanishi lozim edi.
Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 18-oktabr kuni “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasiga borib, Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishgandi. O‘shanda Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi loyihasi “Yangi Toshkent” konsepsiyasi bilan mutanosib tayyorlangani aytilgan. Bu yangi shahar poytaxtning sharqiy qismida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etiladi. 500 ming aholiga mo‘ljallangan bo‘ladi.
2023-yil 16-yanvar kuni prezident Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni ishdan olgandi. Yig‘ilishda davlat rahbari poytaxtning bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani natijasida ruxsatsiz qurilgan obyektlar soni 250 dan oshib ketgani, qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, bozorlarda oziq-ovqat muzlab qolmasligi uchun, narx-navo oshib ketmasligi uchun chora ko‘rilmayotgani uchun poytaxt mutasaddilariga qat’iy e’tiroz bildirilgandi.
Comments
0 comment