menu
Shavkat Mirziyoyev aviahalokatda ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Ilhom Aliyevga hamdardlik bildirdi
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan

Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevga Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida yo‘lovchi samolyoti halokati oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

Prezident matbuot xizmatining bilidirishicha, davlat rahbari Ozarbayjon yetakchisi orqali halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik va dalda so‘zlarini yo‘lladi, jabrlanganlarning barchasi tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

O‘zbekiston prezidenti samolyot halokatga uchragani munosabati bilan Ozarbayjon va Rossiya prezidentlariga 25-dekabr kuni ham hamdardlik yo‘llagandi.

Qozog‘istondagi aviahalokat

Bokudan Grozniyga uchayotgan Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti 25-dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahrida qulab tushgandi. Samolyot Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli bo‘lib, bortida 69 kishi, jumladan, 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. 

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Kanat Bozumbayev hodisa oqibatida 38 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Qosim-Jo‘mart To‘qayev samolyot halokatini tekshirish bo‘yicha komissiya tuzishni buyurgan.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev aviafojia munosabati bilan Rossiyadagi MDH sammitiga qatnashmay, Bokuga qaytgan. U  Azerbaijan Airlines samolyotining Oqtovda qulashi sabablari nomaʼlumligini, shu bilan birga aviahalokat bo‘yicha turli taxminlar mavjudligini aytdi. Ozarbayjon prezidentining so‘zlariga ko‘ra, hodisa sabablari haqida gapirishga hali erta, masalani to‘liq tekshirish kerak. Aliyev, shuningdek, Ozarbayjon Bosh prokuraturasi aviahalokat yuzasidan jinoiy ish ochganini aytdi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!