menu
Sergelidagi omonat ko‘prik aholi noroziligiga sabab bo‘lgach, hokimlik muammoni hal qilishga kirishdi (video)
Ma’lum qilinishicha, “Daryo”da e’lon qilingan maqoladan so‘ng, ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan

Poytaxt Toshkentning Sergeli tumanidagi mahallada maktab o‘quvchilari loy kechib, kanalizatsiya quvurlaridan kelgan chiqindi suvlar oqib o‘tuvchi kanal ustidagi omonat ko‘prikdan o‘qishga qatnaydi. Bu haqda “Daryo”ga hududda yashovchi aholi vakillari gapirib berdi.

Murojaatchining aytishicha, hokimlik mazkur ko‘prikni yangilab, yo‘llarni asfaltlashni vaʼda qilgan.

Masʼullar, aynan rahbarlar farzandining shu yo‘ldan o‘tib, maktabga qatnashiga ruxsat beradimi? Ular ham men kabi bolalarini juda yaxshi ko‘rishsa kerak, albatta. Bu yo‘ldan o‘tishga nafaqat bolalarim, shaxsan o‘zim ham qo‘rqaman. Shu bois mashinamda o‘taman, mashinada oqizib ketmasa kerak, deydi To‘ra Xushvaqtov.

Ushbu ko‘prikdan maktabga qatnovchi o‘qituvchilarning aytishicha, muammo anchadan beri bor va yechimini topmayapti.

“Yangi qo‘shnilar” turar joy majmuasida yashaymiz. Shu hududdagi 76-maktabda ishlayman. Shu yo‘ldan har kuni o‘tishga majbur bo‘lamiz. Oyoqlarimiz loy bo‘lib ketadi. Biz-ku amallarmiz, ammo bu yerdan o‘tuvchi 1-sinf bolalari juda qiynalishadi. Loyda yurish judayam qiyin. Oyoq kiyimlarimiz tizza bo‘yi loyga botadi. Bu holatda maktabga borish ham juda noqulay, o‘quvchilarimizning oldida ham ancha hijolat bo‘lamiz. Qor yog‘gan kunlari bu yerdan umuman o‘tib bo‘lmaydi. Baʼzida kanal suvi to‘lib oqadi. Bu bizga yanayam xavf tug‘diradi, deydi loyli ko‘prikdan o‘tib ishga qatnovchi o‘qituvchi Go‘zal Begaliyeva.

Sergeli hokimligining mazkur holatga munosabat bildirishicha, tumanning “Yuqori Darxon” mahallasida joylashgan metro bekati yaqinidagi “Yangi qo‘shnilar” turar joy majmuasi 2022-yilda qurila boshlangan bo‘lib, kanal ustidagi qo‘lbola ko‘prik ham o‘sha paytda qurilish tashkiloti texnikalari o‘tib-qaytishi uchun vaqtincha barpo etilgan.

Qurilish obyektiga yuk mashinalarining kirishi uchun “Junariq” va “Yuqori Darxon” mahallalari orasidan o‘tuvchi Jun kanaliga vaqtinchalik ko‘prik o‘rnatilgandi. Ushbu yo‘ldan “Yangi qo‘shnilar” turar joy majmuasining qurilishi yakunlangunga qadar foydalanilgan. Joriy yilda ushbu xonadonlarga aholining 30 foizi ko‘chib kelgan bo‘lib, ular orasida farzandlarini umumtaʼlim maktabiga joylashtirish ehtiyoji yuzaga kelgan. Yaqin atrofda umumtaʼlim maktabining yo‘qligi sabab mazkur hududdagi bolalar shu yo‘ldan foydalanib, 76-maktabga qatnay boshlagan. Bugungi kunda mazkur turar joy majmuasidan 28 nafar o‘quvchi ushbu maktabga qatnaydi, deyiladi hokimlik munosabatida.

76-maktabda ishlovchi yana bir o‘qituvchi Gulnora Matyoqubova masʼullar maktab o‘quvchilari uchun ham bu muammoga eʼtibor qaratishlari lozimligini aytmoqda.

Har kuni mana shu yo‘ldan o‘tib, maktabga kelamiz. Yo‘limiz juda yomon. Bemalol o‘tib-kaytish imkoni yo‘q. Masʼul xodimlardan yo‘limizni to‘g‘rilab berishlarini iltimos qilgan bo‘lardik. Bolalarimizga ham yaxshi bo‘lar edi, chunki yangi domlar qurilgach, bu yerda yashovchi bolalar 76-maktabga qatnashiga to‘g‘ri kelyapti, deydi Gulnora Matyoqubova.

Hokimlikning qayd etilishicha, ular aholi murojaatlarini inobatga olib, “Yangi qo‘shnilar” turar joy majmuasidan 76-sonli maktabgacha bo‘lgan yo‘l taʼmirini boshlab yuborgan.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!