qarashlar
Qirg‘izistonda mijozlarga davlat tilida xizmat ko‘rsatmaydigan muassasalar javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu haqda Davlat tili bo‘yicha milliy komissiya rahbari Merlis Murtaliyev xabar berdi.
Komissiya Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqdi. Qirg‘iz tilida xizmat ko‘rsatishni rad etgan muassasalarni javobgarlikka tortish taklif etilmoqda. Bunga fuqarolardan kelib tushgan ko‘plab shikoyatlar sabab bo‘lgan. Shikoyatlarda kafe, restoran va boshqa muassasalarda xodimlar mijozlarga faqat rus tilida xizmat ko‘rsatayotgani ta’kidlangan.
Murataliyev har qanday qonunni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilganini aytdi. Biroq davlat tili to‘g‘risidagi qonunda u mavjud emas. Bunday norma hech qachon bo‘lmagan va hech kim javobgarlikka tortilmagan.
Murotaliyevning ta’kidlashicha, qonun loyihasi bo‘yicha davlat va xususiy tashkilotlar, xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlari ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Qirg‘iz tilining maqomi oshirildi: davlat xizmatlarida majburiy qo‘llanadi
Amaldagi davlat tili qonuniga ko‘ra, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish qirg‘iz tilida bo‘lishi shart, biroq buning barobarida aytilganlarni rasmiy yoki boshqa tilda ham takrorlash mumkin. Shu bilan birga, tovarlar haqidagi reklama har ikkala tilda ham taqdim etilishi lozim.
Iyul oyida prezident parlament 31-may kuni qabul qilgan “Davlat tili to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Yangi hujjatda davlat tilining qo‘llanish sohalari aniq belgilangan.
Shu tariqa, qirg‘iz tili davlat hokimiyati organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralari va davlat korxonalarining ish tili bo‘lib belgilandi. Asosiy o‘zgarishlardan biri — davlat xizmatchilari, deputatlar, o‘qituvchilar, sudyalar, prokurorlar, advokatlar va tibbiyot xodimlari uchun qirg‘iz tilini bilish majburiy etib belgilandi.
Comments
0 comment