menu
Nyu-Dehli hindistonliklarni Rossiya Qurolli kuchlari safidan muddatidan oldin bo‘shatishni so‘radi
Hindiston o‘z fuqarolarini ehtiyot bo‘lishga va Rossiya-Ukraina mojarosidan uzoqroq turishga chaqirdi

Nyu-Dehli Rossiya Qurolli Kuchlarida yordamchi ishlarga yollangan Hindiston fuqarolarini muddatidan oldin ishdan bo‘shatish talabi bilan Moskvaga murojaat qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Randhir Jaysval bayonotiga tayanib, The Hindu xabar berdi.

20-fevral kuni Rossiya armiyasida yordamchi ishlar uchun yollangan kamida uch hindistonlik Ukrainada Rossiya uchun jang qilishga majbur bo‘lgani haqida xabar tarqalgan edi.

The Hindu nashrining yozishicha, so‘nggi bir yil ichida 100 ga yaqin hindistonlik Rossiya Qurolli kuchlarida ishlash uchun yollangan. The Hindu’ga ko‘ra, 2023-yil noyabr oyidan beri Rossiya va Ukraina chegarasidagi Mariupol, Xarkov, Donetsk, Rostov-Don shaharlarida 18 ga yaqin hindistonlik qolib ketgan, baʼzi maʼlumotlarga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan.

Hindiston Tashqi ishlar vazirligining 23-fevral kungi bayonotida aytilishicha, vazirlik bir nechta hindistonliklar Rossiya armiyasida yordamchi sifatida ishlash uchun shartnoma imzolaganidan xabardor. Hindiston elchixonasi muntazam ravishda Rossiyaning tegishli organlariga ularni muddatidan oldin ishdan bo‘shatish bo‘yicha murojaat qilmoqda.

“Biz barcha Hindiston fuqarolarini ehtiyot bo‘lishga va ushbu mojarodan uzoqroq turishga chaqiramiz”, deb taʼkidladi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!