menu
Harorat pasayishi, yomg‘irli kunlar: hafta davomida qanday ob-havo bo‘lishi ma’lum qilindi
Seshanba va chorshanba kunlari O‘zbekistonga nam havoning yana bir qismi kirib kelishi boshlanadi

“O‘zgidromet” hafta davomida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 6-may, dushanba kuni O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida va Farg‘ona vodiysining ba’zi joylarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati 23-28 daraja atrofida bo‘ladi.

Seshanba va chorshanba kunlari respublikaning g‘arbiy hududlariga nam havoning yana bir qismi kirib kelishi boshlanadi. 7—8-mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida, 8-mayda Buxoro, Navoiy viloyatlarining ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Respublikaning qolgan hududlarida 7—8-may kunlari quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu kunlarda havo harorati 30-33 darajagacha ko‘tariladi.

9—10-may kunlari nam havo massalari O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi. Aksar viloyatlarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bo‘ladi. Faqat 9-mayda Farg‘ona vodiysida, 10-mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmaydi. Bu kunlarda havo harorati pasayadi va 10-mayga kelib 20-25 darajagacha bo‘ladi.

Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15-20 metr/sekundgacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatiladi.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 6-mayda kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 7—8-mayda yog‘ingarchilik kutilmaydi. 9—10-mayda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Baland tog‘larda (2000 metrdan yuqorida) 10-may kuni yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor. Qor ko‘chish xavfi saqlanib turadi.

Toshkentda 6-mayda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 26-28 daraja bo‘ladi. 7—8-may kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 30-33 darajagacha ko‘tariladi.

9-mayda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 30-32 daraja bo‘ladi. 10-mayda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 22-25 darajagacha pasayadi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!