qarashlar
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hokimligi 14—24-dekabr kunlari kartoshka sotib olish bo‘yicha boshlang‘ich narxi 189 million 750 ming so‘m bo‘lgan tender o‘tkazgan. “Daryo” muxbiri lot ma’lumotlarini ko‘zdan kechirish jarayonida buyurtmachi va g‘olib o‘rtasida bog‘liqlik borligini aniqladi.
Platformada joylangan, hokimning birinchi o‘rinbosari – xarid komissiyasi raisi U.Usmonov imzolagan hujjatda, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan “Tuman ichki bozorida narxlarning barqarorligini saqlash va aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini tashkil etish uchun” 34500 kilogramm kartoshka sotib olish belgilangan. G‘olib 90 kun muddatda mahsulotni yetkazib berishi kerak. Taklif qilingan boshlang‘ich narxi 189 million 750 ming so‘m.
Tender joriy yil 14-noyabridan 23-dekabriga qadar muddatda o‘tkazilgan va bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Lotni yutib olish uchun ikkita – asosiy ulushdor hokimlik bo‘lgan “Dehqonobod” dehqon (oziq-ovqat) bozori mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Afsona Time” xususiy korxonasi raqobatlashgan. Ikki ishtirokchi ham 186 million 300 ming so‘m taklif qilgan.
Yakuniy natijaga ko‘ra, 95,8 ball bilan “Dehqonobod” dehqon bozori g‘olib deb topilgan. Bayonnomaga 5 nafar komissiya a’zolarining uch nafari roziligini bildirgan.
E’tiborli jihati, tenderda ishtirokchilarni bank, soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan qarzdorligi mavjud emasligi mezoni bo‘yicha baholashda xarid komissiyasi “Dehqonobod” dehqon bozoriga 23 ball, xususiy korxonaga esa 22 ball qo‘ygan.
Vaholanki, bozorning 24-dekabr holatiga MIB ijrosida bo‘lgan 714 ming so‘mlik qarzi bor edi. (Hozirda bu qarzdorlik bartaraf etilgan). Xususiy korxonaning qarzdorligi esa mavjud emas.
Bundan ko‘rinib turibdiki, tenderni o‘tkazish jarayonida xaridlarni amalga oshirishda raqobat muhiti buzilgan yoki manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.
Comments
0 comment