menu
Toshkent viloyatidagi maktabda Milliy gvardiya xodimiga jarohat yetkazildi.
Holat yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida yuzaga kelgan o‘zaro janjalda sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan maktabda Milliy gvardiya xodimiga jarohat yetkazilgan. Milliy gvardiya matbuot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 1 mart kuni tush paytida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Zangiota tumani, “Bog‘ishamol” MFYdagi 4-sonli maktabda xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimi yuqori sinf o‘quvchilarining maktabni orqa taraf hovlisida o‘zaro janjallashayotganini ko‘rib qolib, holatni bartaraf etishga kirishgan.

Shu vaqtda profilaktika inspektori ham yetib kelib, Milliy gvardiya xodimi bilan birgalikda o‘quvchilarni tinchlantirishga kirishganda, ushbu maktabning 10-sinf o‘quvchisi M.B.ning chaqiruvi bilan tashqaridan yetib kelgan akasi hamda uning ikki sherigi xodimlarning ogohlantirishiga qaramasdan janjalga aralashgan.

Janjallashayotganlarning xatti-harakatlarini va qarshiliklarini to‘xtatish chorasini ko‘rgan Milliy gvardiya xodimiga shu joyda tan jarohati yetkazilgan.

Maktabdagi tashvish tugmasi orqali chaqirilgan hamda tezkorlik bilan yetib kelgan Qo‘riqlash tezkor guruhi tomonidan holat to‘liq bartaraf etilgan holda Milliy gvardiya xodimining xizmat vazifasini bajarishiga qarshilik qilganlar qo‘lga olinib, tuman ichki ishlar bo‘limiga topshirilgan.

Dastlabki surishtiruvda tashqaridan maktab hududiga kirib, janjalga aralashgan va xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgan fuqaro ushbu maktabning 10-sinf o‘quvchisi M.B.ning akasi Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli I.B. ekani ma’lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat bo‘yicha Zangiota tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro I.B. JPKning 221-moddasi asosida ushlangan. Unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal qilinmoqda.

Shuningdek, ushbu holat yuzasidan jinoyatga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash borasida ham tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Ma’lumot uchun, fevral oyi boshlarida prezident boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tarbiya va ma’naviyat maktablardagi og‘riqli masalalardan biri ekanligi qayd etilgan. Maktablardagi inspektor-psixologlar shtati IIVdan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilishi aytilgandi. O‘shandan buyon maktablardagi vaziyatni Milliy gvardiya tomonidan biriktirilgan xodimlar nazorat qilmoqda.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!