qarashlar
Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroilning 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida davom etib kelayotgan agressiyasi qurbonlari soni 30 mingdan oshdi va 30 ming 228 kishiga yetdi.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, qamal qilingan eksklavdagi urushning 147-kuniga kelib 71 ming 377 kishi turli darajada yarador qilingan.
So‘nggi sutka ichida Isroil qo‘shinlari 16 marta ommaviy qirg‘in o‘tkazgan, unda 193 kishi halok bo‘lgan, 920 kishi jarohatlangan.
G‘azo shahri janubidagi Nablusi chorrahasida ro‘y bergan fojia qurbonlari soni 112 kishiga yetgan.
AQShdagi Isroil elchixonasi oldida o‘ziga o‘t qo‘ygan harbiy AQShning davlat sirlariga ruxsati bo‘lgan.
New York Post gazetasi G‘azo sektoridagi genotsidga hamda AQShning Isroilni qo‘llab-quvvatlayotganiga isyon sifatida o‘ziga o‘t qo‘ygan harbiy Aaron Bushnell haqida yangi ma’lumotlar tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 25 yoshli uchuvchi harbiy razvedkaning mutlaqo maxfiy ma’lumotlari bilan tanishishga ruxsati bo‘lgan. Bushnellning do‘sti tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, u Isroil tomonidan G‘azoda qo‘llanayotgan genotsidda AQShning roli tafsilotlari bilan tanishib chiqqach, chiday olmagan.
Rossiyaning Ukrainaga shartlari
2022 yilning bahorida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi sulh muzokaralari chog‘ida Rossiya tomoni Ukraina oldiga qo‘ygan shartlari tafsilotlari Wall Street Journal nashri tomonidan oshkor qilindi.
Nashr 2022 yilning 15 aprel sanasi bilan imzolangan 17 betli hujjat bilan tanishib chiqqan.
Urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay Moskva va Kiyev tomonidan muzokara jarayonida muhokama qilingan bu yangi sulh shartnomasida Rossiya Ukrainadan yangi agressiyadan mutlaqo himoyalanmagan davlatga aylanishni talab qilgan. Garchi Ukrainaga Yevropa Ittifoqi a’zosiga aylanish uchun monelik qilinmagan bo‘lsa-da, boshqa davlatlar bilan harbiy hamkorlik qilish taqiqlangan. Ukraina qurolli kuchlari soni 85 ming kishi, 342 ta tank va 519 artilleriya qurollari bilan cheklanish so‘ralgan. Kiyev qurolli kuchlari soni 250 ming, 800 tank va 1900 ta artilleriyaga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan. Shunda ham Ukraina faqat o‘z resurslaridan foydalanishga majbur qilingan.
Rossiya, shuningdek, anneksiya qilingan Qrimni to‘liq o‘ziniki qilib olmoqchi bo‘lgan. Rossiya tomonidan 2014 yildan buyon okkupatsiya qilingan Ukraina sharqidagi hududlar kelajagi shartnomaga qo‘shilmagan. Uni Putin va Zelenskiy shaxsan kelishishi nazarda tutilgan. Biroq ular uchrashuvi sodir bo‘lmagan.
Ukrainadagi urush
Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni bas qilgan bo‘lishi mumkin, deb yozadi NK Pro nashri.
Nashrga ko‘ra, qurol-yarog‘ni dengiz orqali tashish nihoyalangan bo‘lishi mumkin, chunki sun’iy yo‘ldoshlardan tushirilgan fotosuratlar dalolat berishicha, Rossiya kemalari har ikki mamlakat portlari o‘rtasida qatnamay qo‘ygan.
Bu narsa KXDRning qurol-yarog‘ zavodlarida ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolar tufaylimi yoki boshqa sababdanmi, bunisi noma’lum bo‘lib turibdi.
Argentinaning yangi saylangan prezidenti Xaviyer Miley 2011 yilda Rossiyadan sotib olingan Arktika modifikatsiyasidagi ikkita Mi-17 vertolyotlarini Ukrainaga topshirdi, deb yozmoqda Financial Times.
«Miley «erkinlikni himoya qiluvchi» davlatlar bilan alyans tuzishni ustuvor vazifa deb belgiladi va Ukrainaga ikkita Rossiya harbiy vertolyotlarini topshirdi», — deb yozadi nashr.
Argentina bu vertolyotlar borasida 2010 yilda Rossiya bilan shartnoma imzolagan. Avvaliga kontrakt ko‘proq sondagi vertolyotlar uchun tuzilgan, biroq ikkitasi yetkazib berilgach, qolganlaridan voz kechilgan.
Shuningdek, ayrim nufuzli ommaviy axborot vositalari Miley shu yilning ichida Ukrainani qo‘llab-quvvatlab «Lotin Amerikasi qo‘llovi sammiti»ni o‘tkazishni rejalashtirayotganini xabar bermoqda.
Rossiyaga qarshi cheklovlar
Yevropaning so‘nggi davlati Rossiya neftini dengiz orqali import qilishdan voz kechdi. Novinite portalining yozishicha, 1 martdan e’tiboran o‘tgan yili Rossiyaning neft haydash quvurlariga embargo joriy etilgach dengiz orqali neft xarid qilib turgan Bolgariya butunlay rus neftidan voz kechgan.
Garchi Bryussel Bolgariga imtiyoz berib, 2024 yil oxirigacha Rossiyadan neft xarid qilishga ruxsat bergan bo‘lsa-da, rasmiy Sofiya neft embargosiga muddatidan avval qo‘shilishga qaror qilgan. O‘z qarorini Bolgariya parlamenti «davom etayotgan siyosiy taranglik vaziyatida Rossiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirishni bas qilish» zaruriyati bilan tushuntirgan.
2023 yil oxirida Bolgariya Burgasda joylashgan mamlakatdagi yagona neftni qayta ishlash zavodi uchun kuniga 200 ming barrel Rossiya neftini xarid qilib turgan. Rossiya nefti o‘rniga Bolgariya Qozog‘iston, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdan neft xarid qiladi.
«Psixologik dag‘dag‘a»
NATOdagilar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yadroviy quroldan foydalanishga tayyor ekani to‘g‘risidagi bayonotini safsata deb atagan.
Shimoliy alyansdagilar Putinning yangi yadroviy tahdidlarini navbatdagi qo‘rqitish deyishmoqda. NATO Rossiya prezidentining Federal kengashga murojaatnomasi asnosida aytgan so‘nggi fikrlarini real niyat emas, psixologik qo‘rqitish mantig‘iga to‘g‘ri keluvchi mulohazalar deb hisoblamoqda. Bu haqda Ispaniyaning El País nashriga bergan intervyusida NATO bosh kotibi o‘rinbosari Mircha Joane aytib o‘tgan.
Putin o‘z murojaatnomasida Rossiyaning yadroviy qurollari «to‘liq shay» holatda ekani, agar NATO qo‘shinlari Ukrainaga kiritilsa undan foydalanish mumkinligini ta’kidlagan edi.
«Biz Rossiya tomonidan bu qurollardan foydalanishga doir bevosita tahdid ko‘rmayapmiz», – degan Joane bu so‘zlarga javoban. Biroq bunday bayonotlar «juda xavfli, chunki ishonchga putur yetkazadi», degan u.
NATO qo‘shinlari Ukrainada?
Putinning dag‘dag‘alariga qaramasdan NATO davlatlaridan beshtasi Ukrainaga qo‘shin kiritishga tayyor ekanini ta’kidlagan. Masalan, Fransiya Ukrainaga maxsus maqsadli qo‘shinlar jo‘natishi mumkin.
Le Monde nashriga ko‘ra, fransuz hokimiyati maxsus qo‘shinlar va harbiylarga Ukraina chegarasini kesib o‘tishga ruxsat berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Nashr manbalariga ko‘ra, Parij Rossiyani «strategik ikkilanish»ga duchor qilish uchun bu ishga qo‘l urmoqchi. Nashr manbalari fransuz bo‘linmalarining kiritilishi Ukrainaning ayrim hududlarini Rossiya tomonidan nishonga olinishidan asrashda yordam beradi.
Kanada esa Ukrainaga o‘z harbiylarini Ukraina qo‘shinlariga mashg‘ulot o‘tkazish uchun jo‘natishga tayyor. Faqat bu ishlar front chizig‘idan uzoqda bo‘lishi, jangovar harakatlarga aralashmaslik nazarda tutilishi kerak, — degan Kanada mudofaa vaziri Bill Bler.
Bungacha Niderlandiya, Belgiya va Daniya ham o‘z qo‘shinlari Ukrainaga kiritilishiga rozi ekanini bildirgan edi.
Bu hafta so‘ngida sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning so‘nggisi edi. Dushanbada ko‘rishguncha.
Comments
0 comment