menu
Ozarboyjon samolyotining halokati, G‘azodagi energetik inqiroz va Suriyadan Liviyaga ko‘chayotgan Rossiya bazalari - kun dayjesti.
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Qoʻshimcha funksionallar

  • Tungi ko‘rinish

Jahon | 13:10 1269 11 daqiqa o‘qiladi Ozarboyjon samolyotining halokati, G‘azodagi energetik inqiroz va Suriyadan Liviyaga ko‘chayotgan Rossiya bazalari - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Halokatga uchragan Azerbaijan Airlines samolyoti

25 dekabr kuni Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahrida Azerbaijan Airlines samolyoti halokatga uchradi va 38 kishi halok bo‘ldi.

29 kishi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan uch nafari voyaga yetmagan bola. Jabrlanganlardan 11 nafarining ahvoli og‘ir.

Halokatga uchragan uchoq sahnida jami 67 kishi — 62 yo‘lovchi va ekipajning 5 a’zosi bo‘lgan.

Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 yo‘lovchi uchog‘i Ozarboyjon poytaxti Bokudan Rossiyaning Grozniy shahriga parvoz qilayotgan edi.

Taxminlarga ko‘ra, tuman sharoitida Grozniy aeroportiga uch marta qo‘nishga uringan samolyot havo hujumidan himoya tizimi zarbasiga duchor bo‘lgan, shundan so‘ng samolyot zaxira aerodromi sifatida avval Maxachqal’aga, so‘ngra favqulodda qo‘nishni amalga oshirish uchun Qozog‘istonning Oqtov shahriga yo‘l olib, qo‘nish chog‘ida halokatga uchragan.

Ushbu samolyot avtohalokati tufayli Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyada o‘tayotgan MDH davlatlari sammitidagi ishtirokini yakunlab, vataniga qaytdi.

Shuningdek, Ozarboyjonda aviahalokat qurbonlari xotirasiga bugun, 26 dekabr motam kuni deb e’lon qilindi.

G‘azodagi energetik inqiroz

Isroil armiyasining hujumlari natijasida G‘azo sektoridagi elektr infratuzilmasi jiddiy zarar ko‘rdi, bu esa aholining yashash sharoitlarini nihoyatda og‘irlashtirmoqda. Elektr ta’minotidagi uzilishlar sovuq ob-havo va ocharchilikka olib kelib, aholini qiyin ahvolda qoldirmoqda. 

Xon Yunusdagi lagerlarda, xususan, Al-Mavasiyda kuchli sovuq tufayli Sila ismli bir chaqaloq vafot etgan. UNRWA hisobotiga ko‘ra, Isroilning hujumlari vaqtida har soatda bir falastinlik bola halok bo‘lmoqda. Lagerlarda ocharchilik va sovuq tufayli bolalarning o‘limi ehtimoli yanada ortayotgani qayd etilgan. 

Falastinlik deputat Ahmad Tibiy Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuni tanqid qilib, Isroil parlamenti Knessetda: «Bashar Asad rejimi qulaganidan so‘ng, siz Yaqin Sharqdagi oxirgi diktatorsiz», — dedi.

G‘azoda HAMASdan norozilik oshmoqda

G‘azo sektorida aholi HAMASga nisbatan ochiq norozilik bildirmoqda. 2023 yilning 7 oktyabrda HAMAS Isroilga hujum qilganidan so‘ng sektor butunlay vayron bo‘ldi. Sunday Times nashrining yozishicha, fuqarolar HAMASning harakatlarini tanqid qilishda davom etmoqda. 

Yosir va Badr ismli fuqarolar onlayn platforma yaratib, odamlarga fikr bildirish imkoniyatini berdi. Bir foydalanuvchi: «Bizga Isroilga nisbatan nafratdan ko‘ra, Falastinni sevuvchi yetakchilar kerak», — deb yozdi. Boshqasi: «HAMASning raketa hujumlari G‘azo aholisini aziyatga soldi, ularning o‘zi esa yer ostiga yashirindi», — deb tanqid qildi. 

Aholi oziq-ovqat va resurslar yetishmovchiligida ham sektorni qamalga solgan Isroilni emas, HAMASni ayblamoqda. Tanqidchilar xorijiy faollarni G‘azo qiyinchiliklarini siyosiy manfaat uchun ishlatishda aybladi: «G‘azo ular uchun realiti-shou», — degan Badr. 

Isroil Yamanga hujumlarini kuchaytiradi

Isroil havo kuchlari Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan «Ansorulloh» harakatining pozitsiyalariga havo hujumlarini kuchaytirish niyatida. Bu haqda Isroil Havo kuchlari qo‘mondoni Tomar Bar ma’lum qildi. Unga ko‘ra, havo hujumlarining tezligi va intensivligi zaruratga qarab oshiriladi.

So‘nggi kunlarda Isroil va husiychilar o‘rtasidagi qarama-qarshilik yanada keskinlashdi. Husiychilar Isroilning markaziy qismiga ballistik raketa bilan zarba berishga urindi, ammo Isroil havo hujumidan himoya tizimlari raketani yo‘q qildi.

Bu orada Yamandagi «Ansorulloh» harakati Mossad va AQSh tomonidan yollangan bir nechta josuslarni qo‘lga olgani haqida rasmiy bayonot berdi. Husiychilarning ma’lumotiga ko‘ra, shpionlarga raketa obektlari, dron bazalari, dengiz obektlari va boshqa harbiy nuqtalarni kuzatish kabi razvedka vazifalari yuklatilgan.

Suriya hukumatining Eronga xitobi

Suriya tashqi ishlar vaziri Asad Hasan ash-Shayboniy Eronni Suriya xalqi irodasini hurmat qilishga va mamlakatda beqarorlikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Ash-Shayboniy o‘z bayonotida: «Eron Suriya xalqi irodasini, mamlakat suvereniteti va xavfsizligini hurmat qilishi shart. Har qanday beqarorlik uchun javobgarlik ular zimmasiga tushadi», — dedi. U bu gaplar bilan qaysi bayonotlar nazarda tutilganini ochiqlamadi. 

Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiy o‘zining yaqindagi chiqishida Suriya yoshlarini «beqarorlikka sabab bo‘lgan kuchlarga qarshi qat’iy harakat qilishga» chaqirgan edi. U: «Suriyaliklarning yo‘qotadigan hech narsasi qolmadi», — deya ta’kidlagandi. 

Ukrainaga dastlabki Rossiya milliardi yetkazildi

Ukraina AQSh tomonidan taqdim etilgan Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan 1 mlrd dollarlik ilk transhni qabul qildi. Bu haqda Ukraina bosh vaziri Denis Shmihal ma’lum qildi.

«Bu — Ukraina uchun adolatga erishish yo‘lida muhim qadam. Rossiyaning barcha aktivlari musodara qilinib, mamlakatimizni tiklash uchun yo‘naltiriladi», — dedi Shmihal.

Mazkur mablag‘lar bevosita emas, balki Jahon bankining maxsus fondi orqali taqdim etilgan. Rossiya aktivlari G‘arbda urush boshidan muzlatib qo‘yilgan bo‘lib, ularni musodara qilish masalasi yuridik to‘siqlar tufayli uzoq vaqt hal etilmagan.

«Yettilik» davlatlari bu to‘siqlarni qoplash uchun Ukrainaga $50 mlrd miqdorida kredit berishga kelishib olgan, shundan 20 mlrd dollar AQSh va 18 mlrd dollar Yevroittifoq hissasiga to‘g‘ri keladi.

Rossiya harbiylari Suriyadan Liviyaga ko‘chmoqda

Rossiya o‘z qo‘shinlari va zamonaviy qurollarini, jumladan S-400 tizimlarini, Suriyaning Tartus va Hmeymim bazalaridan Liviyaga ko‘chira boshladi. Hozirda Rossiya Liviyada rasmiy harbiy bazaga ega emas, ammo agar bu amalga oshsa, butun mintaqadagi kuchlar muvozanati sezilarli darajada o‘zgaradi.

NATO Rossiyaning Liviyada o‘z pozitsiyasini mustahkamlashiga qanday choralar ko‘rishi mumkinligi va bu Rossiyaning Suriyadagi harbiy ishtiroki yakunlanganini anglatadimi, hali aniq emas. 

Ekspertlarning fikricha, Rossiyaning Liviyaga o‘tish harakati Markaziy va Shimoliy Afrikada strategik pozitsiyalarni mustahkamlash maqsadini ko‘zlaydi. NATO uchun esa bu Rossiya ta’sirini cheklash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalarni yuzaga keltiradi. 

Rossiyada ko‘pxotinlikka ruxsat bekor qilindi

Rossiya Musulmonlar diniy boshqarmasi ilgari chiqarilgan ko‘pxotinlikka ruxsat beruvchi fatvoni bekor qildi. Bu qaror mamlakat Bosh prokuraturasi tomonidan qonun buzilishini ta’kidlaganidan so‘ng qabul qilindi. 

Fatvoda musulmon erkaklarga ma’lum shartga rioya qilgan holda bir nechta ayolga uylanishga ruxsat berilgandi. Shartlar orasida birinchi xotinning farzand ko‘ra olmasligi yoki salomatligi tufayli farzandli bo‘lishdan bosh tortishi kabi holatlar ko‘rsatilgan edi. 

Ammo prokuratura bu fatvo Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga zid ekanligini bildirib, uni bekor qilishni talab qildi. Davlat huquqshunoslari hamda inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev buni «xavfli yo‘l» deb baholab, ekstremizm va jinoyatchilikka olib kelishi mumkinligini ta’kidladi. 

Fatvo RF Musulmonlar diniy boshqarmasi tomonidan bekor qilindi va bu masalada ortiq bahs yuritmaslikka qaror qildi.

Hindiston Rossiya neftidan voz kechadi

Hindistonning yirik davlat neftni qayta ishlash zavodlari Rossiyadan keladigan neft hajmi kamaygani sababli Yaqin Sharqdan neft xaridlarini oshirishni rejalashtirmoqda.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu Hindistonning Rossiya neftiga bo‘lgan talabini pasaytirishi va kelajakda undan to‘liq voz kechishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Rossiya 2022 yil o‘rtalarida Yevropa Ittifoqi sanksiyalaridan so‘ng Hindistonning asosiy neft yetkazib beruvchisiga aylangandi, ammo noyabrdan buyon ob-havo sharoiti va yangi shartnomalar tufayli eksport pasaymoqda.

Daniya mudofaa xarajatlarini oshiradi

Donald Tramp «Grenlandiya AQSh nazoratida bo‘lishi kerak», degach Daniya prezidenti o‘z mudofaa xarajatlarini oshirishini ma’lum qildi. Mudofaa vaziri Troels Lund Poulsenning aytishicha, mamlakat Arktikadagi mavjudligini kuchaytirish niyatida.

Mudofaa budjeti doirasida Grenlandiya uchun maxsus paket ishlab chiqilgan bo‘lib, u ikki patrul kema, uzoq masofaga mo‘ljallangan ikki uchuvchisiz apparat va maxsus it chanalariga ega jamoalarini yo‘llashni o‘z ichiga oladi.

Poulsen mamlakat Arktikaga yillar davomida yetarli sarmoya kiritmaganini qayd etdi va buni o‘zgartirishni maqsad qilganini ta’kidladi. Daniya hukumatining maqsadi mintaqada «kuchliroq ishtirok» etishdir.

Tramp o‘lim jazosini faol qo‘llamoqchi

Donald Tramp lavozimga kirishishi bilan o‘lim jazosini yanada faol qo‘llashni reja qilayotganini e’lon qildi.

«Men prezident bo‘lganimdan so‘ng, Adliya vazirligiga o‘lim jazosini qo‘llashni faollik bilan talab qilishni topshiraman. Bu jinoyat va qotilliklarning oldini olib, qonun va tartibni tiklashga xizmat qiladi», — deb yozdi Tramp.

Bu qaror amaldagi prezident Jo Baydenning 37 mahkumning o‘lim jazosini umrbod qamoq jazosi bilan almashtirganiga javob sifatida bildirildi. Bayden prezidentligida o‘lim jazosi to‘xtatilgan, ammo Tramp o‘zining avvalgi muddatida 20 yillik tanaffusdan so‘ng federal qatllarni qayta tiklagan edi. 

13:45 / 25.12.2024

14:14 / 24.12.2024

13:18 / 23.12.2024

13:59 / 21.12.2024

  • “KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
    Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
    Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
    Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.

    Comments

    http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

    0 comment

    Write the first comment for this!