menu
Ispaniyada mojaro, «Liverpul»da aql bovar qilmas yakun. Yevropada kun o‘yinlari.
Hakam «Real»ni g‘alaba golisiz qoldirdi va uni urgan Bellinghemga qizil ko‘rsatdi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.

Ispaniya: mavsumning bahsli o‘yinlaridan biri

«Valensiya» — «Real» 2:2

Gollar: Duro (27), Yaremchuk (30) — Vinisius (45+5, 76).

«Valensiya» – Mamardashvili, Fulke, Diakabi (O‘zkajar, 89), Moskera, Gayya, Fransisko Peres (Peter Federiko, 73), Kanos (Gilyamon, 57), Pepelu, Gerra (Amalla, 73), Yaremchuk (Diyego Lopes, 57), Duro.

«Real» – Lunin, Karvaxal, Ryudiger, Chuameni, Mendi (Fran Garsiya, 72), Kroos (Modrich, 63), Valverde (Nacho, 86), Kamavinga (Xoselu, 72), Bellinghem, Vinisius, Rodrigo (Dias, 63).

Ogohlantirishlar: Yaremchuk (4), Vinisius (72), Valverde (80), Diakabi (83), Xoselu (90+9).

Chetlatish: Bellinhem (90+9).

Ispaniya chempionatida mavsumdagi eng aql bovar qilmas o‘yinlardan biri bo‘lib o‘tdi. Istalgan jamoa oxirgi daqiqalarda g‘alabani ilib ketishi mumkin edi, ammo o‘yinda mojaroli durang qayd etildi.

Bir yilcha oldin «Mestalya»da irqchilik mojarosi ro‘y berib, Vinisius Juniorni haqoratlagan fanatlar uni yig‘lashga majbur qilgandi. O‘shanda aybdorlar jazosini olgan, ammo forvard va Karlo Anchelottining butun stadion manziliga qaratilgan qat’iy so‘zlari yodda qolgandi. Shunday ekan, shanba kungi o‘yinda madridliklarka tinmasdan hushtakbozlik qilishdi. Ayniqsa Vinisius ortida «ko‘rshapalaklar» jamoasining ashaddiy fanatlari o‘tiradigan darvoza yaqinida penaltiga umid qilib yiqilganida har qachongidan qattiqroq hushtak chalishdi.

Lekin futbol barchasini bosib ketdi va «Valensiya» yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Futbolchilar yaqinda ikki qavatli uyda yong‘in chiqib, insonlar o‘limi kuzatilgan shahar uchun o‘ynashdi. Bu hodisa tufayli «Granada»ga qarshi o‘yinni qoldirishga ham to‘g‘ri kelgandi. Bu o‘yinda esa maksimal darajada ishtiyoqqa ega bo‘lgan mezbonlar Valverdening riskli diagonalidan maksimal natija chiqarib olishdi. Himoyachilarga yordamga qaytgan Vinisius o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida to‘pni yo‘qotdi, Ugo Duro esa Fran Peresning muvaffaqiyatsiz chiqqan zarbasidan keyin to‘pni darvozaga kiritib yuborishni uddaladi. Ko‘p o‘tmay Karvahal orqaga to‘p uzatishda xatoga yo‘l qo‘yib, Yaremchuk yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketishiga sababchi bo‘ldi.

«Real» esa odatdagi kabi Vinisiusning golidan keyin o‘ziga kela boshladi, braziliyalik hujumchi mezbonlar fan-sektori qarshisiga kelib, qo‘lini musht qilib ko‘tardi. Tabiiyki, uning bu jyesti darhol ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Mavzu tushunarli va hatto sportdan uzoq bo‘lgan resurslar ham bunga e’tibor qaratdi.

O‘yin davomida boshqa e’tiborli pallalar ham ko‘p bo‘ldi. Maydonga qaytgan Bellinghem bir fint bilan himoyachini yo‘lidan oldi, ammo shu kuni yorqin o‘yin ko‘rsatgan Mamardashvilini alday olmadi. O‘z navbatida Luninda ham ajoyib seyvlar bo‘ldi.

Vinisius «Valensiya» darvozasiga o‘zining yettinchi golini urgach, bu jamoa statistika nuqtayi nazaridan uning uchun sevimli raqibga aylandi. 72-daqiqada braziliyalik futbolchining sariq kartochkasini mezbon fanatlar xuddi gol urilgandek nishonlashdi. Keyin esa u mezbonlar darvozasiga sakkizinchi golini ham urdi, u yana raqib muxlislar tomonga borib, qo‘llarini quloqlariga qo‘ydi va tilini ko‘rsatib, tribunadagilarni quyushqondan chiqardi.

Bunday o‘yinlarda «Real» ko‘p marta raqiblarni taslim etgan. Bu safargi o‘yinda esa mag‘lubiyatga uchrash xavfi yuzaga keldi, qo‘shimcha bo‘limlar vaqtda arbitr «nuqta»ni ko‘rsatdi. Chempionat peshqadamini halokatdan VAR qutqarib qoldi va monitorda Duroning zarbasidan oldin Fran Grasiya to‘pga ulgurgani, keyin esa forvard o‘zi yiqilganini ko‘rish mumkin edi.

Haqiqiy ehtiroslar esa final hushtagi yangrashi bilan qaynadi. Madridliklar «Real»ning golli hujumi vaqtida o‘yinni to‘xtatgan Xesus Hil Mansanoni tilka-pora qilishga tayyor edi. Burchak to‘pi ijro etilgach to‘p jarima maydonidan qaytib chiqqanida hakam o‘yinni yakunlovchi hushtagini chaldi, ammo Fran Garsiya o‘yinni davom ettirib, qaytgan to‘pni jarima maydoniga uzatdi va Bellinghem bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi, hakam esa golni inobatga olmadi. Golni hisoblashni talab qilib, qiziqqonlik qilgan angliyalik futbolchi esa yakunda qizil kartochka oldi.

O‘yindan keyin munozaralar davom etmoqda. «Men hakam uzatma amalga oshirilishidan oldin hushtak chalayotganini aniq ko‘rdim. U raqibga ham besh daqiqa o‘ynashga imkon bergandi va ular shu tufayli birinchi bo‘lim oxirida gol urishgandi. Referi shunday qaror qildi va mening boshqa aytar so‘zim yo‘q», — dedi mezbonlar bosh murabbiyi Ruben Baraxa.

«Real» versiyasiga ko‘ra, barchasi boshqacha bo‘lgan va hushtak to‘p havodaligida chalingan. Klub rasmiy saytidagi materialda madridliklar g‘alabaga haqli bo‘lgani, ammo faqat birgina ochko olgani yozilgan. Anchelotti esa bu borada shunday dedi: «Hech narsa deya olmayman, bu yerda misli ko‘rilmagan holat sodir bo‘ldi. Men bilan bunaqasi hali bo‘lmagandi».

Murabbiyning ishonch bilan aytishicha, Bellinghem hakamni haqorat qilmagandi. Ko‘p o‘tmay angliyalik futbolchi nima degani ma’lum bo‘ldi: «Bu sharmandalik! To‘p havoda edi, bu aniq gol! Sen nima qilyapsan?». Umuman olganda, hakamga bunday munosabat uchun qizil beriladi. Yaqin orada uning diskvalifikatsiyasi uzaytirilishi haqida ham xabar chiqib qolishi mumkin. «Real» esa apellyatsiya bergan.

Bu voqea atrofidagi gaplar hali davom etadi. Shu bilan birga, Anchelotti aytganidek, «Mestalya»dagi durangdan keyin xotirjam uxlash mumkin, chunki «Real» hamon birinchi o‘rinda.

Angliya: mersisaydliklarning irodasi va Emeri uchun triller

«Nottinghem Forest» – «Liverpul» 0:1

Gol: 0:1 – 90+9 Nunes.

«Nottinghem Forest» – Zels, Uilyams, Omobamidele, Murillo, Toffolo, Yyeyts, Gibbs-Uayt, Dominges (Danilo, 79), Hadson-Odoi, Elanga, Origi (Avoniyi, 65).

«Liverpul» – Kelleher, Bredli (Tsimikas, 84), van Deyk, Konate, Roberson (Nunes, 60), Gomes, Mak Allister, Klark (Endo, 60), Elliott (Soboslai, 76), Dias, Gakpo (Denns, 84).

Hafta o‘rtalarida «Liverpul» yoshlari Angliya Kubogi o‘yinida barchani hayratga solib, yirik hisobda g‘alaba qozongandi. Bu safar qizillarning APLdagi o‘yini boshlang‘ich tarkibida ilk bor 19 yoshli Bobbi Klark o‘rin oldi — u «Nyukasl»ning sobiq futbolchisi, hozirda esa murabbiy bo‘lib ishlayotgan Li Klarkning o‘g‘li hisoblanadi. Bu, albatta, e’tiborga molik voqea, ammo sovrin uchun poygada Yurgen Kloppga tajribali jangchilar darkor. Navbatdagi turgacha faqat Nunes safga qaytishi mumkin, u hozircha faqat o‘yin oxirida maydonga tushishga tayyor.

Lekin «Liverpul» bu mavsumda aynan o‘yinning so‘nggi qismida kuchli o‘yin ko‘rsatmoqda. Hatto raqib darvozasi sehrlab qo‘yilgandek ko‘ringan o‘yinlarda ham. Ikkinchi bo‘lim boshida Roberson o‘ta qulay vaziyatdan gol ura olmagach, jamoa bu o‘yinda hisobni ocha olmaydigandek ko‘rina boshladi. «Nottinghem» darvozaboni Zels o‘z futbolchilaridan rikoshet orqali kelgan qiyin to‘plarni ham qaytardi. O‘yin golsiz durang bilan yakunlanayotgan mahalda esa «o‘rmonchilar» tushunarsiz xatoga yo‘l qo‘yishdi.

Hech qanday tavakkalchilik qilmasdan, soddaroq o‘ynash talab etilgan vaziyatda mezbon jamoa futbolchilari o‘z jarima maydoni oldida qizillar pressingi qurboni bo‘lishdi. Keyin Mak Allisterdan namunali uzatma va Nunesdan bosh bilan yo‘llangan namunali zarba. Bu vaqtda sekundomerda 98:38 raqamlari yonib turgandi va «Liverpul» tarixidagi eng kech urilgan gol raqiblarning natijalaridan qat’i nazar peshqadamlikni saqlab qolish imkonini berdi. Jamoa jokerlari zaxiradan tushib 21 gol urganda — buni chempionlik poygasidagi katta kuzir deyish mumkin. Mersisaydliklar qirq yillik tavqi la’natga chek qo‘yib, Nottinghemda 1984 yildan buyon ilk bor g‘alaba qozondi.

«Tottenhem» – «Kristal Pelas» 3:1

Gollar: 0:1 – 59 Eze, 1:1 – 77 Verner, 2:1 – 80 Romero, 3:1 – 88 Son Hyon Min.

«Tottenhem» – Vikario, Emerson, Romero, van de Ven, Udoji, Meddison (Xeyberg, 82), Bentankur (Jonson, 63), Bissuma (Lo Chelso, 90), Kulusevski, Son Hyon Min (Skarlett, 90), Verner (Sarr, 82).

«Kristal Pelas» – Jonston, Munos, Uord, Andersen, Richards, Mitchell, Lerma, Eze (Mateus Fransa, 66), Uorton (Hyuz, 71), Ayyu (Eduar, 71), Mateta.

Bu mavsumda chempionlar ligasi to‘rtligi yo‘llanmasi uchun kurashdagi qizg‘inlik bosh sovrin uchun kurashdagidan kam bo‘lmayapti. To‘g‘ri, bu poygdagi ishtirokchilar kamroq, chunki o‘tgan turda «Fulhem»ga sensatsion ravishda mag‘lub bo‘lgan «MYu» kuchli to‘rtlikka kirishdan umid uzmoqda. Lekin «Tottenhem» va «Aston Villa» so‘nggi oylarda bir necha bor o‘rin almashishdi. Hozirda «shporlar» ortda quvuvchi maqomida, jamoa so‘nggi turlarda besh ochko yo‘qotdi.

Bu safargi o‘yinda ham ochko yo‘qotish xavfi bor edi, bu esa umuman o‘yin mantig‘iga mos kelmasdi. Shunga qaramay, Angelos Posteko‘g‘li jamoasi 77-daqiqaga qadar mag‘lubiyatga uchrayotgandi, jamoa ikkinchi bo‘lim boshida Ezening jarima zarbasini o‘tkazib yubordi. «Kristal Pelas» mudofaasini Jonson buza oldi, u qanotda to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, Vernerni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqardi. Shundan keyin jarima maydoniga qamalib olgan raqib Romeroni to‘xtata olmadi, u Meddisonning uzatmasini bosh bilan darvoza to‘riga joyladi. Yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketgan Son Xin Min esa yakuniy hisobni o‘rnatdi.

«Luton» — «Aston Villa» 2:3

Gollar: Chong (66), Morris (72) — Uotkins (24, 38), Din (89).

«Luton» – Kaminski, Kabore, Bell (Ogbene, 6), Berk, Menji, Dauti, Taunsend (Hasioka, 53), Barkli, Klark, Chong (Raddok-Mpanzu, 84), Morris.

«Aston Villa» – Martines, Kesh, Langle, Konsa, Moreno (Din, 79), Beyli (Diabi, 79), Remzi (Rojyers, 29; Iroegbunam, 79), Makginn, Duglas Luis, Tilemans (Zaniolo, 79), Uotkins.

Ogohlantirishlar: Berk (38), Duglas Luis (45), Beyli (45), Rojyers (50), Zaniolo (90).

Faqat hali «Aston Villa»ga yetib bo‘lmaydi, lokal inqirozdan chiqib olgan ushbu jamoa qatorasiga uchinchi bor g‘alabaga erishdi. Yilni yorqin boshlagan, ammo oldingi to‘rt uchrashuvda yutqazgan «Luton» bunday formadagi birminghemliklar qarshisida ojiz edi. Uotkinsni umuman to‘xtatib bo‘lmayapti, u bir mavsumda safarda urilgan gollar soni bo‘yicha klub rekordini takrorladi va Duayt Yorkning 1997/98 yillar mavsumidagi natijasi bilan tenglashib oldi (9 tadan). Uning mavsumdagi jami gollari soni esa 16 tani tashkil etmoqda va bir to‘p farqi bilan Erling Holandni ta’qib etmoqda. Shuningdek, unda 10 ta golli pas bor va gol+pas tizimida tengsiz (26).

U yakkama-yakka vaziyatda gol ura olmaganidan keyin ham tushkunlikka tushmadi va keyingi hujumdayoq burchakdan oshirib berilgan to‘pni darvoza to‘riga joyladi. Keyin esa Duglas Luizning ajoyib pasidan keyin, himoyachilardan qochib ketdi, avvaliga hakam xatolik tufayli ofsayd qayd etgan bo‘lsa-da, VAR barchasini to‘g‘riladi. Ikkinchi bo‘limda esa o‘yin asabiy kecha boshladi. O‘z maydonida kuchliroq o‘ynaydigan «shlyapachilar» ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqarishdi va uchinchi golni urishga ham yaqin kelishdi. Dautining jarima zarbalari mehmonlar uchun dahshatga aylandi, lekin Unai Emeri o‘yinchi almashtirishlar orqali baribir o‘yinni o‘z jamoasi foydasiga hal qildi. Diabi olis ustun tomon ajoyib uzatma berdi, Din esa raqib himoyachilari ortida baland sakrab, g‘alaba golini urdi. «Villa» beshinchi o‘rin bilan besh ochkolik farqni saqlab qoldi, qolaversa, zaxirada bir o‘yini ham bor.

Italiya: «Roma» Chempionlar ligasiga intilmoqda

«Monsa» — «Roma» 1:4

Gollar: Karboni (87) — Pellegrini (38), Lukaku (42), Dibala (62), Paredes (82, penalti)

«Monsa» – Di Gregorio, Birindelli, Kaldirola (Donati, 85), Mari, Karboni, Galyardini (Karboni, 22), Pessina, Kolpani (Kiryakopulos, 46), Bondo, Jurich (Akpa-Akpro, 85), Mota (Maldini, 66).

«Roma» – Svilar, Kristensen (Chelik, 27), Manchini (Heysen, 77), Ndika, Anxelino (Smolling, 59), Paredes, Kristante, Pellegrini (Bove, 59), Al-Sha’roviy, Dibala (Baldanzi, 77), Lukaku.

Ogohlantirishlar: Kristensen (25), Anxelino (48), Svilar (58), Bondo (62), Kristante (84).

«Roma» Daniele De Rossi boshqaruvida kuchli o‘ynamoqda. Rimliklar Joze Mourinio ketganidan keyin o‘tkazilgan yetti o‘yindan oltitasida g‘alaba qozonishdi va «Mons» yirik hisobda taslim etildi. Holbuki bu jamoa yil boshida A seriyada quruq o‘yinlar bo‘yicha maksimal natija ko‘rsatgandi (4). Mezbonlar hisobni ochishi mumkin edi, ammo Jurich o‘z imkoniyatini qo‘ldan boy berdi, rimliklar esa Kristantening goli bekor qilinganidan keyin yanada katta kuch bilan oldinga tashlanishdi. Dibala birinchi hujumdagi harakatini takrorlab, to‘pni Lukakuga ham qulay tarzda yetkazib berdi. Bundan oldinroq esa murabbiy almashganidan keyin yana o‘ziga o‘xshay boshlagan Pellegrini hisobni ochgandi. U yana ilhom bilan yengil o‘ynay boshladi va bu himoyachidan qochib ketib, boshqasining ortidan darvozaga aniq zarba berishiga imkon berdi.

Mezbonlar ikkinchi bo‘limni faolroq boshlagani va umuman olganda tanaffusdan keyin qiziqroq o‘ynay boshlagani illyuziya bo‘lib chiqdi. Dibala ijrosidagi jarima zarbasidan keyin amalda o‘yin masalasi hal bo‘ldi. Argentinalik futbolchi va Lukakuning gollari ikki raqamda ifodalanmoqda (11 va 10), «bo‘rilar»da bunday tandem so‘nggi yetti yilda kuzatilmagandi. Jamoada bunaqa samarali hujum juftligi Jyeko va Saloh o‘ynaganida bo‘lgandi. Bu g‘alabadan keyin «Roma» turnir jadvalida «Atalanta»ni quvib o‘tdi va to‘rtinchi o‘rinda borayotgan «Bolonya»ni atigi bir ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda. Lekin bu ikki raqibdan biri (yoki ikkisi ham) bu turda ochko yo‘qotishi aniq, yakshanba kuni ularning o‘zaro o‘yini o‘tkaziladi.

Germaniya: Dortmund to‘rtlikda qoldi

«Union» – «Borussiya» D 0:2

Gollar: 0:1 – 41 Adeyyemi, 0:2 – 90 Matsen.

«Union» – Rennov, Yuranovich, Fogt, Diogu Leyte (Bedia, 81), Duki, Russiyon (Trimmel, 69), Xedira (Aaronson, 69), Tuzar (Xaberer, 61), Shafer, Folland, Xollerbax (Vertessen, 61).

«Borussiya» D – Mayyer, Ryuerson, Zyule, Shlotterbek, Matsen, Zabitser, Jan, Brandt (O‘zjan, 66), Sancho (Bensebayni, 88), Adeyyemi (Bayno-Gittens, 78), Fyullkrug.

Ogohlantirishlar: Ryuerson (45), Xaberer (75), Vertessen (90).

Yilni kuchli boshlagan «Borussiya» qish oxirlariga kelib muvaffaqiyatsiz o‘yinlar o‘tkazdi va oxirgi ikki turda atigi bir ochko oldi. Jamoaning top-4 dagi o‘rni xavf ostida qolgandi, ammo qiyin vaziyatga tushib qolgan «asalarilar» Berlinda diqqatni jamlab o‘ynadi va qariyb bir oy ichidagi ilk g‘alabasini nishonladi. Safga qaytgan Adeyyemining zarbasi g‘alabani ta’minladi, u qanotdan markazga ko‘chib, chap oyog‘i bilan shunday zarba berdiki, «Union» darvozaboni joyidan jila olmadi, to‘p esa to‘sin ostidan kirib ketdi. O‘yin oxirida esa himoyachi Matsen pressingda harakatlanib, hujumga o‘tib ketdi va to‘pni egallab olgach, yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib aniq zarba berdi. Dortmundliklar yilning beshta safar o‘yinida atigi bir gol o‘tkazgan holda klub rekordini o‘rnatdi.

«Bohum» – RB «Leypsig» 1:4

Gollar: 1:0 – 7 Vittek, 1:1 – 30 Olmo, 1:2 – 68 Openda, 1:3 – 71, avtogol Ordets, 1:4 – 72 Poulsen.

«Bohum» – Lyute, Loosli, Ordets, Shlotterbek, Bernardo, Vittek, Losilla, Shteger, Bero (Kvarteng, 72), Asano (Pasiyensiya, 88), Broshinski (Xofmann, 72). RB «Leypsig» – Gulachi, Xenrixs (Simakan, 78), Orban, Lukeba, Raum, Olmo (Elmaz, 65), Aydara, Zayvald, Simons (Bitshiabu, 88), Baumgartner (Poulsen, 65), Sheshko (Openda, 65).

Ogohlantirishlar: Broshinski (38), Aydara (45), Loosli (66), Ordets (77), Simakan (81).

Chetlatish: Kvarteng (86).

«Borussiya»ning muvaffaqiyati jamoaga to‘rtinchi o‘rinni saqlab qolish imkonini berdi, ammo ta’qibchilar uzoqda emas. «Leypsig» ham o‘z o‘yinida g‘alaba qozondi. Bohumda «ho‘kizlar» tezkor gol o‘tkazib yuborishdi, uzoq davolanishdan qaytgan Gulachi uzoq masofadan yo‘llangan jarima zarbasini o‘tkazib yubordi. Ammo maydondagi futbolchilar gollar bilan o‘z darvozabonini qo‘llab-quvvatlashdi. Dani Olmo «to‘qqizlik»ni aniq nishonga olib, muvozanatni tikladi, keyin esa mehmonlar raqibni qarshi hujumlarda jazolashdi.

«Volfsburg» – «Shtutgart» 2:3 (0:1, 2:2)

Gollar: 0:1 – 14 Girassi, 1:1 – 50 Mele, 1:2 – 54, penalti Girassi, 1:3 – 77 Vagnoman, 2:3 – 83 Nmecha.

«Volfsburg» – Kastels, Lakrua, Yyens, Mele, Arnold, Gerhardt (Vranks, 81), Cherni (Tiagu Tomash, 46), Mayer (Sarr, 65), Paredes (Nmecha, 81), Baku, Berens (Vind, 65).

«Shtutgart» – Nyubel, Vagnoman, Anton, Ito, Ruo, Mittelshtedt (Mvumpa, 86), Karazor, Shtiller (Daud, 90), Fyurix (Leveling, 71), Miyo (Undav, 72), Girassi (Jon Vu Yen, 87).

Ogohlantirishlar: Arnold (3), Baku (22), Mele (52), Anton (58), Karazor (83).

«Shtutgart» esa uchinchi o‘rinda o‘zini ancha qulay his qilmoqda. «Shvablar» o‘tgan turda kutilmaganda o‘z uyida «Kyoln»ga ochko bergandi (1:1), ammo bu yo‘qotish Volfsburgdagi yorqin o‘yin bilan kompensatsiya qilindi. Sebastyan Heness jamoasi «bo‘rilar»ning hisobni tenglashtirishiga ajoyib reaksiya qilishdi. Mehmonlar darhol oldinga tashlandi va penalti ishladi, zarbani aniq bajargan Girassi dublni rasmiylashtirdi. Bungacha ushbu jamoaning biror futbolchisi 24 turda 19 gol urmagandi, bunday samaradorlik evaziga «Shtutgart» bu oraliqda ilk bor 50 ochko jamg‘ardi.

Kun statistikasi

·       «Chelsi» Angliya chempionatida so‘nggi 9 turdan faqat 1 o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola olgan.

·       «Serkl Bryugge» darvozaboni Varleson bu mavsumda 3 bor golli uzatmaga mualliflik qildi. Bu Yevropadagi top-10 liga darvozabonlari orasidagi eng yuqori natija.

·       «Sevilya» hujumchisi An-Nosiriy «Real Sosiyedad»ga qarshi 13 o‘yinda 9 gol urgan. Basklar — ushbu marokashlik uchun la ligadagi eng sevimli raqib.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!