menu
20 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar.
Interpol qidiruvga bergan chechenlar, yangi Bojxona kodeksi taklifi, O‘zbekistonga kelayotgan nufuzli mehmonxona brendlari va maktabda qimorxona tashkil qilgan chortoqlik direktor - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Qoʻshimcha funksionallar

  • Tungi ko‘rinish

O‘zbekiston | 21:16 264 6 daqiqa o‘qiladi 20 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Interpol qidiruvga bergan chechenlar, yangi Bojxona kodeksi taklifi, O‘zbekistonga kelayotgan nufuzli mehmonxona brendlari va maktabda qimorxona tashkil qilgan chortoqlik direktor — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Interpol qidirayotgan chechenlar

O‘zbekiston Interpol orqali suiqasd uyushtirganlikda gumon qilinayotgan chechenistonlik shaxslarni qidiruvga berdi.

Rossiya fuqarolari bo‘lgan 36 yoshli Bislan Rasayev va 31 yoshli Shamil Temirxanovga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonov va Istiqbolli loyihalar agentligi direktori Dmitriy Liga qarshi suiqasd uyushtirishda ishtirok etganlik ayblovi qo‘yilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, suiqasd buyurtmasi evaziga mukofot va’da qilingan. Interpol ma’lumotlariga ko‘ra, ular O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, jumladan, kontrabanda va qurol-yarog‘ bilan bog‘liq qonunbuzarliklar uchun ayblanmoqda.

Komil Allamjonovga suiqasd 2024 yilning oktyabr oyida sodir etilgan edi. Uning mashinasiga bir necha bor o‘q uzilgan, ammo u jabrlanmagan.

Tergov davomida 7 kishi qo‘lga olingan, ulardan biri Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov bo‘lgan.

Bu ish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligida xodimlar ishni yopdi-yopdi qilish va tergovga to‘sqinlik qilishga uringanlikda ayblangani ortidan bir qator iste’folar ro‘y bergan.

Yangi Bojxona kodeksi loyihasi ishlab chiqiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025 yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi hamda yetakchi tadbirkorlar bilan muloqoti o‘tkazildi.

«Tadbirkorlikni rivojlantirish – biz uchun strategik vazifa. Shu bois tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash barcha rahbarlarning kundalik ishi bo‘lishi shart», — dedi prezident.

Yig‘ilishda IT, fintex, eksport, turizm va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish kabi dolzarb sohalarga alohida e’tibor qaratildi.

Jahonning eng boy 10 kompaniyasidan 7 tasi IT va fintex sohalariga mansub. O‘zbekistondagi yoshlar salmoqli qismi, 56 foizi ushbu sohalarda katta salohiyat borligini ko‘rsatmoqda. Prezident Uzum va TBC Uzbekistan kabi mlrd dollar qiymatga ega xususiy kompaniyalar yaratilayotganini ta’kidladi.

Bu kabi kompaniyalarni ko‘paytirish uchun laboratoriya jihozlari va texnologik uskunalarni bojsiz olib kirishga ruxsat beriladi.

Oxirgi 3 yilda Bojxona kodeksiga 100 dan ortiq o‘zgartish kiritilganiga qaramay, u Jahon savdo tashkiloti talablariga mos kelmasligi, shu bois, har tomonlama yangilangan Bojxona kodeksi loyihasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Nufuzli mehmonxona brendlari kelmoqda

Prezident raisligidagi yig‘ilishda turizm va savdo sohalaridagi muhim loyihalar ham muhokama qilindi.

Dunyoning 23 ta nufuzli mehmonxona brendlari, jumladan, Swissôtel, Sheraton, Ritz-Carlton, Novotel, Pullman, Marriott va ibis O‘zbekiston bozoriga kirib kelyapti. Bu yil tadbirkorlar 6,5 trillion so‘mlik sarmoya evaziga 24 ming o‘rinli mehmonxonalarni ishga tushirishdi. 2025 yilgacha mehmon o‘rinlari yana 30 mingga oshiriladi.

Bo‘stonliqda qiymati 10 milliard dollarga teng bo‘lgan Sea Breeze markazining qurilishi boshlanadi. Bu markaz yirik turistik va iqtisodiy maskanga aylanishi kutilyapti.

Elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori

Yig‘ilishda prezident elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’molga yetkazib berishda raqobatli bozor yaratishni e’lon qildi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar soni 24 taga yetdi. Bu yil ishga tushgan 6,3 mlrd dollarlik 17 ta yirik energiya loyihasi kelgusi yilda elektr ishlab chiqarish hajmini 90 mld kWhʼga yetkazadi.

2025 yilda 6,4 mlrd dollar qiymatidagi 25 ta yangi loyiha doirasida 4,8 GW quvvatga ega obektlar qurilishi boshlanadi. Bular «yashil» va yangi texnologiyalarga asoslangan energiya quvvatlarini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, ilk bor elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori ishga tushadi. Bu bozor energiya iste’molchilariga tanlov imkoniyati yaratib, bozor mexanizmlarini takomillashtiradi.

Samarqandda ayol o‘smir qizni kaltakladi

Kattaqo‘rg‘on tumanida 13 dekabr kuni 19 yoshli ayol istirohat bog‘ida 16 yoshli maktab o‘quvchisini kaltakladi.

Bolalar ombudsmani xabariga ko‘ra, o‘smir ayol haqida nomaqbul gaplar aytganini eshitgach, uni yerga yotqizib, yuzi va tanasiga musht tushirgan, sochidan tortib yerda sudragan. Bu holatni atrofdagilar kuzatib turgan.

Tergovga qadar tekshiruv Kattaqo‘rg‘on tumani IIB tomonidan olib borilmoqda. Qizga nisbatan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlandi.

Bolalar ombudsmani voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikka qonuniy chora ko‘rish talabini bildirdi. Holat yuzasidan kuzatuv davom ettirilmoqda.

Qimorxona tashkil qilgan maktab direktori

Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi 8-umumta’lim maktabi direktori o‘z xizmat xonasini qimorxonaga aylantirgani aniqlandi.

17 dekabr kuni tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida direktor sheriklari bilan xizmat xonasida qimor o‘ynab o‘tirgan paytida ushlangan. Hozirda holat bo‘yicha tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ichki mehnat qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani sababli direktor ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra ishdan ozod qilindi. Shuningdek, maktabda o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida direktorning harakatlari tanqid qilingan.

20:30 / 19.12.2024

21:10 / 18.12.2024

20:54 / 17.12.2024

21:30 / 16.12.2024

  • “KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
    Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
    Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
    Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.

    Comments

    http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

    0 comment

    Write the first comment for this!