qarashlar
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida 28-noyabr kuni xonanda Kanizani haqorat qilgan shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi sud ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, buxorolik 32 yoshli M.R. va farg‘onalik 28 yoshli I.M. Instagram’da Kanizani “haromi” va “jinsiy aloqa qilishdan boshqaga yaramaydi” deb haqorat qilgan.
Sud ishida huquqbuzar M.R. xonandadan uzr so‘rashini, bunday holat boshqa takrorlanmasligini, oilada yagona boquvchi ekanligini inobatga olib suddan yengillik berishni iltimos qilgan. Yana bir huquqbuzar I.M. esa sud majlisiga tegishli tartibda chaqirtirilgan bo‘lishiga qaramasdan kelmaganligi sababli ish uning ishtirokisiz ko‘rilgan.
Sud ikkala huquqbuzarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41‑moddasida (haqorat qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topgan va ularga BHMning 20 baravari miqdorida — 6 million 800 ming so‘m jarima jazosi tayinlagan. Jarimani davlat foydasiga undirish belgilangan.
Jabrlanuvchiga kelgusida moddiy va ma’naviy zarar undirish masalasi yuzaga kelgan taqdirda ushbu masala yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Comments
0 comment