menu
Tojikistonning Konibodomida bir oilaning 6 a’zosi o‘ldirib ketildi.
Voqea haqida hozircha jamoatchilikka rasmiy axborot berilmadi. Xorijiy nashrlarning yozishicha, Konibodomda so‘nggi vaqtlarda oilalarga bosqinchilik va qotillik jinoyatlari tez-tez kuzatilmoqda.

Qoʻshimcha funksionallar

  • Tungi ko‘rinish

Jahon | 19:01 2479 4 daqiqa o‘qiladi Tojikistonning Konibodomida bir oilaning 6 a’zosi o‘ldirib ketildi

Voqea haqida hozircha jamoatchilikka rasmiy axborot berilmadi. Xorijiy nashrlarning yozishicha, Konibodomda so‘nggi vaqtlarda oilalarga bosqinchilik va qotillik jinoyatlari tez-tez kuzatilmoqda.

Tojikistonning Sug‘d viloyati Konibodom tumanida 8 dekabr kuni bir oilaning olti a’zosi — er-xotin va ularning to‘rt nafar farzandi qotillik qurboniga aylandi. Bu haqda Konibodom tumanining qotillik sodir bo‘lgan qishlog‘iga yaqin joyda yashovchi shaxsi sir qolishini istagan Tojikiston fuqarosi Kun.uz’ga xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning barchasi Sho‘rqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Ne’matovlar oilasi a’zolaridir. Oila boshlig‘i — 37 yoshli Naimjon Ne’matovning jasadi uy hovlisida, daraxtga osilgan holda topilgan. Guvohlarning aytishicha, erkakning boshida kaltaklanish izlari bo‘lgan.

Oilaning boshqa a’zolarining jasadlari, jumladan, 33 yoshli Nafisa Ne’matova, 13 yoshli Amina, 10 yoshli Fotima va Zuhra, shuningdek, ikki yoshli Muhammadyusuf uy ichidan bo‘g‘ilish belgilari bilan topilgan.

Jinoyat kim tomonidan sodir etilgani noma’lum. 9 dekabr kuni marhum oilaning xonadoniga borganlar hovlida huquq-tartibot organlari xodimlari va Nafisa Ne’matovaning qarindoshlariga duch kelgan. Marhumaning qarindoshlaridan biri Shirinjon Egamberdiyeva ushbu voqea haqida shu kuni tongda xabar topganini bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra Nafisa, uning eri va bolalarning murdasi Xo‘jand shahriga tibbiy ekspertiza uchun yuborilgan.

Egamberdiyevaning ta’kidlashicha, Ne’matovlar oilasi migratsiya davomida to‘plagan mablag‘lari hisobiga kun kechirib kelgan, Naimjonning o‘zi Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan. Ammo qarindoshlar bir-biri bilan kam muloqotda bo‘lib kelgan — Egamberdiyeva oxirgi marta o‘z jiyanini bahorda ko‘rgan.

Ichki ishlar, Sug‘d viloyati rasmiylari hozircha holat bo‘yicha hech qanday ma’lumot bergani yo‘q. Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda Ne’matovlar oilasining o‘ldirilgani bo‘yicha ma’lumotlar tarqalmoqda.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, «8 dekabr kuni soat 21:00 larda Tojikistonning Konibodom shahridagi IIB navbatchilik qismiga Sho‘rqo‘rg‘on mahallasidagi Ne’matovlar oilasining jasadlari topilgani bo‘yicha telefon qo‘ng‘irog‘i kelib tushgan».

Bir oilaning olti a’zosi jasadi topilishi joriy yilning aprel oyidan beri Konibodom shahrida kamida beshta oilada qotillik sodir etilgani haqida tarqalgan xabarlar fonida kuzatilmoqda. Ushbu voqealarning barchasi mahalliy aholini qo‘rquvda ushlab kelmoqda. Shahar aholisining so‘zlariga ko‘ra, kechasi ko‘chalar bo‘ylab niqob taqib olgan shubhali shaxslarning harakatlanishi kuzatilgan.

Rasmiylar o‘shanda ham o‘ldirilgan oilalar ishiga darhol munosabat bildirmagan edi. Keyinroq ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Abdurahmon Alamshozoda matbuot anjumanida Konibodomda to‘rtta oilaviy qotillik sodir etilgani, ularning ikkitasi maishiy muammolarga bog‘liqligi va gumonlanuvchilar qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, o‘sha vaqtda Konibodom hokimi Abdusalom To‘xtasinzoda OAV va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarini yolg‘on ma’lumotlar tarqatishda ayblagan edi. Tuman hokimining aytishicha, oilalarning o‘ldirilishi bir-biriga bog‘liq emas. «Tergov bilan Bosh prokuraturaning tezkor-tergov guruhi shug‘ullanmoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, qotillikda gumonlanib bir kishi qo‘lga olingan. Men barcha ishlar bilan tanishib chiqdim va o‘ldirilgan oilalarning o‘zaro bog‘liqligi yo‘qligini bilaman. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qora kiyimli odamlar videosi Konibodomda olinmagan. Bunday kadrlar odamlarni qo‘rqitish uchun tarqatiladi», — degandi hokim.

11:00

13:39 / 08.12.2024

12:36 / 06.12.2024

20:58 / 04.12.2024

  • “KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
    Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
    Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
    Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.

    Comments

    http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

    0 comment

    Write the first comment for this!