qarashlar
Qoʻshimcha funksionallar
O‘zbekiston | 18:17 373 3 daqiqa o‘qiladi Ochiqlik talablarini bajarmagani uchun 2024 yilda 5 nafar mansabdor jarimaga tortildiO‘tgan yili Jomboy, Uychi, Namangan tumanlari va Marg‘ilon shahri hokimlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul o‘rinbosarlari hamda Xalq banki matbuot xizmati rahbari davlat tashkilotlari faoliyatining ochiqligiga oid talablarni buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.
2024 yilda davlat idoralari faoliyati ochiqligi darajasini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi shakllantirilib, unda 103 ta davlat organidan 31 tasi «yashil», 43 tasi «sariq» va 29 tasi «qizil» baholandi. Bu haqda 20 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ma’lum qildi.
2024 yilda davlat idoralarining funksiyalaridagi korrupsiya xavf-xatarlar darajasi baholashdan o‘tkazilib, 101 ta davlat organlari va tashkilotlarining 7 525 ta funksiyalaridan 495 tasi korrupsiya xavf-xatar darajasi «yuqori», 1 541 tasi «o‘rta», 5 489 tasi «past» deb baholandi. Shuningdek, korrupsiyaga moyil munosabatlar elektron reyestri shakllantirildi.
«Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi baholanib, 95 ta tashkilotning 42 tasi «yaxshi», 38 tasi «qoniqarli» va 15 tasi «qoniqarsiz» deb topildi. «Qoniqarsiz» baholangan rahbarlarining hisobotlari eshitilib, tanqidiy muhokama qilindi», – deyiladi brifingda.
Shuningdek, brifingda ochiqlikka oid qonun hujjatlari talablarini buzgan 5 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgani ma’lum qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ma’muriy javobgarlikka tortilgan 5 nafar mansabdor shaxslar: Samarqand viloyati Jomboy tumani, Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri, Namangan viloyatining Uychi va Namangan tumanlarining sohaga mas’ul hokim o‘rinbosarlari. Shuningdek, Xalq banki axborot xizmati rahbari ham ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Ushbu mansabdorlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 215-7-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan.
Ushbu moddada «davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik, jumladan ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtiriladigan, ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan ma’lumotlarni e’lon qilmaganlik yoki to‘liq e’lon qilmaganlik, e’lon qilish muddatlariga va tartibiga rioya etmaganlik yoki ma’lumotlarni buzib ko‘rsatganlik» uchun —mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.
Moddaning 2-qismiga ko‘ra, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil iyun oyida Ochiqlikka doir prezident farmoni e’lon qilingan bo‘lib, unda davlat organlari va tashkilotlari 30 dan ortiq toifadagi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilishi shartligi belgilangan edi.
14:36
10:01 / 17.01.2025
17:21 / 15.01.2025
14:18 / 15.01.2025
“KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.
Comments
0 comment