menu
“G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti 4 oyga yopiladi
Ushbu chegara posti orqali harakatlanayotgan fuqarolar va transport vositalari harakati “Navoiy” chegara bojxona postiga yo‘naltiriladi

Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti 5-fevraldan boshlab 4 oyga yopiladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, cheklov mazkur postdagi ulkan qurilish va rekonstruksiya ishlarini mantiqiy nihoyasiga yetkazish maqsadida amalga oshirilmoqda. Xususan, postda vaqtinchalik binolarni demontaj qilish, hududni obodonlashtirish, postga tutash hududda zarur infratuzilmani tashkil etish nazarda tutilgan.

Ushbu chegara posti orqali harakatlanayotgan fuqarolar va transport vositalarining harakati 5-fevraldan “Navoiy” chegara bojxona postiga yo‘naltiriladi. Yaqinda zamonaviy tarzda bunyod etilib, 27-yanvardan sinov rejimida ish boshlagan “Navoiy” chegara bojxona posti ham Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan bo‘lib, “G‘ishtko‘prik” postiga yaqin hudud hisoblanadi.

Jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar va avtobuslar harakati uchun qulay bo‘lishini ta’minlash maqsadida “Navoiy” chegara bojxona postida yuk avtotransport vositalari harakati cheklanadi.

Prezidentning 2022-yil 27-apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, mazkur chegara bojxona postini qayta rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari olib borilayotgandi.

Qurilish davrida bojxona postida yo‘lovchilar va transport vositalari harakati uzluksiz davom ettirildi. Buning uchun vaqtinchalik inshootlar ishga tushirilgan edi. Endilikda mana shu inshootlar demotaj qilinadi, atrof obodonlashtiriladi, qulay infratuzilma shakllantiriladi.

O‘zbekiston—Qozog‘iston chegarasidagi yana bir post — “Dovud ota” postidan harakatlanish ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilishi sabab 1-fevraldan uch oyga to‘xtatildi. Faqat ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarining ushbu chegara o‘tkazish punkti orqali harakati uzluksiz davom ettiriladi.

2025-yil 1-iyundan davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalarining elektron navbat tizimi joriy etiladi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!