menu
HAMAS va FATH Moskvada. Ular kelisha oladimi?.
G‘arbiy sohildagi rasmiy ma’muriyat (FATH), G‘azo sektoridagi HAMAS harakati va Falastindagi boshqa siyosiy guruhlar yetakchilari 29 fevral kuni Moskvaga yig‘ildi. Bu – Falastinda ichki birlikka erishish uchun yangi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimov Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida bu uchrashuvning muhim jihatlarini sharhlab berdi.

G‘arbiy sohildagi rasmiy ma’muriyat (FATH), G‘azo sektoridagi HAMAS harakati va Falastindagi boshqa siyosiy guruhlar yetakchilari 29 fevral kuni Moskvaga yig‘ildi. Bu – Falastinda ichki birlikka erishish uchun yangi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimov Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida bu uchrashuvning muhim jihatlarini sharhlab berdi.

— Falastin muammosida tarixan Rossiyaning roli qanday bo‘lib kelgan?

— Rossiya emas, Moskva deganimiz ma’qulroq. 1947 yili Falastin va Isroil davlatlarini tuzish haqida BMT rezolyutsiyalari chiqqanda sovet ittifoqi bor edi. Sobiq ittifoq Isroil davlati tashkil topishi bo‘yicha rezolyutsiyani qo‘llagan sanoqli davlatlardan biri bo‘lgan. 1945-1946 yillarda bu masala ko‘tarilganda Stalin rad etgan, keyin esa rozi bo‘lishi ko‘pchilikni hayron qoldirgan.

Stalinning yahudiylarga nisbatan fikri yaxshi bo‘lmagan, lekin shunday bo‘lsa ham, siyosiy vosita sifatida foydalanish uchun rozi bo‘lgan: sababi, bu yerlar asosan Buyuk Britaniya koloniyalari bo‘lib, uning nazoratida edi, sovet ittifoqi esa Isroil davlati tuzilishini qo‘llash orqali u yerga kirib borishni maqsad qilgan. 1917 yildan keyin Quddus atrofida joylasha boshlagan yahudiylar keyinchalik Britaniyaga qarshi chiqadi, bizning davlatimizni tuzib beringlar, degan da’vo bilan. Britaniya esa arablar tomonida edi pozitsion jihatdan. Quddusda yahudiylarning radikal ekstremistik guruhlari paydo bo‘ladi, bu vaziyatdan foydalanib Stalin bu yerga kirib kelmoqchi bo‘ldi. U holokost sabab ma’lum muddat sobiq ittifoqqa ko‘chib kelgan yahudiylar orqali Isroilda o‘ziga xayrixoh hukumat shakllantirmoqchi edi.

1947 yilda BMT Xavfsizlik kengashida bu rezolyutsiya birinchi o‘qilishda qabul qilinmagan, keyingi o‘qishda esa kengashning vaqtinchalik a’zo davlatlari orasidan rezolyutsiyaga qarshi bo‘lganlar Stalinning bosimi bilan yig‘ilishda qatnashib, Isroil davlatini shakllantirish uchun ovoz bergan. Stalinning umidlari katta edi, u Isroilda kommunistik hukumat tuzmoqchi edi. Britaniya Isroil davlatini shakllantirish rezolyutsiyasida betaraf bo‘lgan.

Bugungi rasmiy Moskva Yaqin Sharqdagi asosiy o‘yinchilardan emas. 80-yillar oxiri va 90-yillarda Moskva tarafida bo‘lgan Iroq, Suriya kabi davlatlar bor edi, lekin 1947 yilda bu davlatlar bo‘lmagan, arablarning asosiy geosiyosiy yo‘nalishi G‘arb edi. Shunday vaziyatda yahudiylarni qo‘llash Moskvaga imkoniyat bo‘lib ko‘ringan.

Bugun arab davlatlari Vashington va Londondan uzoqlashgan, mustaqil siyosat yuritmoqchi, G‘arb bosimidan chiqish uchun Xitoy va Rossiyaga qarashyapti, shu sabab Pekin va Moskvaga arablar bilan muloqot qilish qulay.

— Nega Isroil geosiyosiy yo‘nalishini G‘arbga o‘zgartirgan?

— 60-yillardan Isroil G‘arbga yo‘naldi. Chunki ular boshidan kommunizmni xohlashmagan. Ularning liderlari ham buni aytib kelishgan. Stalin esa kommunizmdan umid qilgan, xatosi ham shunda: u yer, xususiy mulk, tadbirkorlik yahudiylarning qon-qoniga singganini inobatga olmagan. Shu sabab Isroil liberalizmni qabul qilib, AQShga yuzlanadi. Stalin buni xoinlik deb qabul qilgan va SSSRdagi yahudiylarga repressiya shundan boshlangan.

Stalin Isroilni qo‘llaganiga yana bir sabab – qurol ishlab chiqaruvchi ko‘plab olimlar, injyenerlar yahudiy bo‘lishgan. Isroil tuzilgan paytda esa hali SSSRda yadro quroli yo‘q edi. Stalin bu borada yahudiy olimlarining yordamidan umid qilib ham ularni qo‘llagan, lekin yahudiylar bu borada sovetlarga yordam bermadi.

— HAMAS va FATH liderlarining Moskvadagi uchrashuvi Falastin birligi uchun qanday imkoniyatlar yaratishi mumkin?

— AQSh HAMAS yo‘q qilingach, G‘azoda AQSh va Isroilga qarshi chiqmaydigan Falastin hukumatini shakllantirishga urinyapti. Falastinda FATHga o‘xshagan tashkilotlar 11 ta. FATH va HAMAS tushunyaptiki, G‘arb tomonidan shakllantiriladigan yangi hukumat bu yerdagi falastinliklardan iborat bo‘lmaydi. Shu sabab birlashib, tayinlanadigan hukumatni o‘zimizning vakillardan iborat texnokratlardan chiqarishimiz kerak, deyishyapti. Ya’ni FATH yoki HAMAS vakili bo‘lishi shart emas, falastinliklarga xizmat qiluvchi Falastin xalqidan chiqishi kerak, deyishyapti.

Moskvada faqat FATH va HAMAS emas, jami 14 ta fraksiya vakillari muhokamalarda qatnashdi. Bu fraksiyalar o‘ziga maydon qidirib yurgandi. Moskva esa bu vaziyatdan foydalandi. Rossiya Yaqin Sharqda asosiy o‘yinchilardan biriga aylanishni istaydi. Shu bilan birga, bu uchrashuv bo‘lib o‘tdi degani fraksiyalarning bir-biri bilan do‘stlashib, kelishib ketdi degani emas. 14 ta tashkilotning ba’zilari Isroil bilan aloqalar o‘rnatgan, ba’zilari Isroilni tan olmagan, umuman, pozitsiyalar turlicha. Lekin umumiy maqsad va qo‘rquv birlashtiryapti ularni. Yangi hokimiyatga Amerikada yo boshqa joyda yashagan falastinlik kelmasin, o‘zimizdan bo‘lsin, degan maqsadda 14 ta tashkilot birlashyapti.

Birlashish degani ham hali muhokamalar qilishyapti, ularning pozitsiyalari aniq emas. Hamma o‘z vakilini taklif etishi tayin. Lekin texnokratik hukumat shakllantirish kerakligini aytishyapti, ya’ni ilm-fanga asoslangan, Falastinni qayta qura oladigan hukumat degani bu. 14 ta tashkilot birlashayotgani umid beradi, lekin bu hali bitta-ikkita uchrashuv bilan hal bo‘lib ketadigan masala emas.

— Agar HAMAS va FATH kelishsa, Isroil bilan mintaqaviy munosabatlar qanday bosqichga o‘tadi?

— FATH va HAMAS Isroil borasida kelisha olmaydi. FATHning pozitsiyasi aniq, HAMAS esa umuman tan olmaydi Isroilni. 2007 yilda HAMAS hammadan ajralib, G‘azoda izolyatsiya bo‘lib olganiga sabab ham pozitsiyalarda kelisha olmagani edi.

HAMASga asosiy qo‘llov ichkaridagi 14 tashkilotdan emas, tashqaridan bo‘ladi. Qaysarlik bilan pozitsiyada turishi oqibatida HAMAS o‘zinikilar bilan ham kelishmovchiliklarga borib qolgan. Moskvadagi uchrashuvlar Isroil davlatiga nisbatan pozitsiyani hal qilmaydi, faqat yangi hukumat tarkibi bo‘yicha masala ketyapti.

— Falastin umumiy birlashuvga kelishsa, xalqaro hamjamiyat reaksiyasi qanday bo‘ladi?

— Ko‘pchilik o‘z ta’sir doirasiga olishga harakat qiladi. Moskva ham bekorga bu uchrashuvlarni tashkil qilib bermayapti. Manfaatlar masalasida do‘stlik bo‘lmaydi, qaysi tomon manfaatiga to‘g‘ri kelsa, o‘sha sub’yekt harakat qiladi. Rossiya yangi Falastin hukumatini o‘ziga hamkor bo‘ladigan hukumat sifatida olib chiqishga harakat qilyapti. Rasmiy Moskvaning birinchi o‘rindagi maqsadi hukumat shakllantirish emas, dastlab shu orqali AQSh va G‘arbga bosim qiladigan bir siyosiy vosita shakllantirmoqchi. Agar shu vosita shakllantirilsa, Rossiya Ukrainadagi vaziyatda o‘zi uchun yengilliklar yaratishi mumkin. G‘arbiy Afrikadagi bir nechta davlatda inqilob bo‘ldi, vagnerchilar paydo bo‘lib qoldi o‘sha yerda, ya’ni bu orqali Rossiya Fransiyaga ta’sir o‘tkazib, Fransiya Ukraina bo‘yicha pozitsiyalarini o‘zgartirgandi. Shu kabi siyosiy richaglar ishlatiladi kuchli davlatlar tomonidan. Moskva Falastinda ham shunday bir richag shakllantirishga urinyapti.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!