qarashlar
AQSHga Meksika orqali kelgan O‘zbekiston fuqarolari AQSH prezidenti Jo Bayden, Ichki xavfsizlik departamenti kotibi Alexandro Mayorkas, Immigratsiya va bojxona nazorati direktori vazifasini bajaruvchi Patrik Leykxeytner va boshqalar ustidan sudga murojaat qildi. “Daryo” ixtiyorida vatandoshlar tomonidan berilgan tegishli da’vo hujjati mavjud.
Da’vogarlar 35 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, ular hozirda AQSHning turli immigratsiya markazlarida (qamoqxonalarda) saqlanmoqda. Ariza beruvchilarga ko‘ra, “ayblanuvchilar” (da’vo yoki ayblov qo‘yilgan shaxslar) mamlakatda boshpana qidirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini qamoqqa olish bo‘yicha kamsituvchi siyosat, amaliyot va jarayonda faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonliklar o‘z da’volarida millatiga ko‘ra diskriminatsiya qilinganlari sababli ularni qamoqqa olish tartibini noqonuniy deb e’tirof etish, shuningdek, advokatlar uchun xarajatlarini qoplashni so‘ramoqda. Murojaatda tegishli ishni yuritayotgan advokat da’vo odamlarni hibsdan ozod qilishga qaratilganini aytadi.
Shuningdek, hujjatda o‘zbekistonliklar talabga javob bermaydigan tergov izolyatorlarida saqlanayotgani, ularga advokat bilan ko‘rishish cheklangani ta’kidlanadi.
Hibsga olinish holatlari:
“Daryo” manbasiga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari hatto voyaga yetmaganlarni ham hibsga olgan (AQSHda balog‘at yoshi 21 yoshdan boshlanadi).
Bunday holatlardan biri o‘tgan yili sodir bo‘lgan. 2023-yil sentyabr oyida o‘zbekistonlik 19 yoshli ikki yigit chegarani kesib o‘tgan, shundan so‘ng ular Kaliforniyaga yo‘l olgan va u yerda taxminan uch hafta yashagan. Biroz vaqt o‘tgach, federal qidiruv byurosi (FQB) xodimlari ularning uyiga kelib, ularni so‘roq qilish uchun olib ketgan.
Sabablarini faqat taxmin qilish mumkin, deydi AQSHda 20 yildan ortiq yashab kelayotgan o‘zbekistonlik bloger O‘tkur Rahmatullayev.
Ammo CNN FQB terrorchilar va migrantlar o‘tgan yo‘nalishlarni tekshirishni boshlaganini ma’lum qilgandi. O‘shanda ushbu yo‘nalishda chegarani kesib o‘tgan barcha shaxslarni aniqlash ishlari boshlangan.
CNN AQSHning ikki rasmiysiga tayanib yozishicha, “ular bir qator muhojirlarni ehtimoliy kriminal tahdid sifatida sinchkovlik bilan tekshirmoqda”.
Shu bilan birga, shtatlardagi migratsiya xizmatlari hozircha 35 da’vogar va terrorchilar o‘rtasidagi aloqalar haqida hech qanday dalil keltirmagan. Da’voga ko‘ra, ba’zi hibsga olish holatlari dini bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi reydlar va hibsga olinish holatlariga izoh berishdan bosh tortdi.
2023-yili O‘zbekiston Green Card yutuqlari bo‘yicha yetakchi 10 davlat qatoriga kirdi. DV-2024 lotereyasi natijalari 2023-yil may oyida e’lon qilingan. Shu bilan birga, 2022-yilda O‘zbekiston Green Card oluvchi davlatlar orasida uchinchi o‘rinni egallagan edi.
Comments
0 comment