menu
Putin 13 yil ichida ilk bor Chechenistonga bordi (video)
Qodirov unga Chechenistonning faxriy fuqarosi belgisi va guvohnomasini topshirdi. Grozniyning yangi tumani Putin nomi bilan ataladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 13 yil ichida ilk bor Chechenistonga tashrif buyurdi. Uni 20-avgust kuni Grozniy aeroportda respublika rahbari Ramzan Qodirov kutib oldi.

Putin tashrif davomida Ahmat Qodirov qabrini ziyorat qilgan, Gudermessdagi Rossiya maxsus kuchlari universitetida urushga ketayotgan ko‘ngillilar bilan uchrashgan.

Tashrif dasturining birinchi punkti bo‘lgan Ahmat Qodirov qabrini ziyorat qilish chog‘ida Putin teraktda halok bo‘lgan respublika rahbari uning yaqin do‘sti ekanini aytib, uni “juda iste’dodli va halol” deb ta’riflagan.

Shundan so‘ng Putin maxsus kuchlar universitetida frontga tayyorlanayotgan ko‘ngillilar bilan suhbatlashgan.

Qodirov esa Putinga Chechenistonda bir necha o‘n ming tayyorgarlikdan o‘tgan jangchilardan iborat zaxira tuzilgani va ular buyruq berilishi bilanoq urushga jo‘nashga tayyor ekanini aytgan.

Putin maxsus kuchlar universitetidan so‘ng Grozniydagi Iso payg‘ambar nomidagi yangi masjidga borgan. U yerda Ramzan Qodirov va muftiy Saloh Mejiyev unga Chechenistonning faxriy fuqarosi belgisi va guvohnomasini topshirgan.

Qodirov, shuningdek, Rossiya prezidentiga Putin nomidagi Grozniyning yangi tumani maketini ko‘rsatgan. Unda ko‘p qavatli uy-joylar va ijtimoiy infratuzilma obyektlari bo‘ladi. 2008-yildan beri respublikada Grozniyning markaziy qismidan o‘tgan Putin prospekti mavjud.

Tashrif yakunida Checheniston rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Ukrainada urush boshlanganidan beri Checheniston 47 mingdan ortiq jangchini, shu jumladan, 19 mingga yaqin ko‘ngillilarni jangovar harakatlar zonasiga yubordi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!