qarashlar
Qoʻshimcha funksionallar
Jahon | 20:11 4756 9 daqiqa o‘qiladi 3 ga 90. Isroil va Hamas o‘rtasidagi sulh qanday kechmoqda?G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi boshlangach, Hamas garovdagi uch ayolni qaytardi, ikkinchi kuni Isroil falastinlik 90 mahbusni ozod qildi.
Foto: Dawoud Abu Alkas / Reuters / Scanpix / LETA
19 yanvar kuni garovdagi isroilliklarni falastinlik mahbuslarga almashish jarayoni boshlandi. Hamas uch nafar isroillikni qo‘yib yubordi: Romi Gonen (24 yosh), Emili Damari (28 yosh) va Doron Shteynbreherni (31 yosh).
Ularning uchalasi ham 2023 yil 7 oktyabrda Supernova festivaliga hujum vaqtida garovga olingan. Ular 471 kunni asirlikda o‘tkazishdi. Isroil tomoniga ko‘ra, o‘shanda jami 250 ga yaqin kishi garovga olinib, 1200 kishi halok bo‘lgandi.
Isroil tomoniga ko‘ra, garovga olinganlardan 90 ga yaqini hozirga qadar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanadi, katta ehtimol bilan ulardan faqat 57 nafari tirik qolgan. Bundan tashqari, Hamas urushga qadar yana ikki kishini garovga olgandi.
Guruh mahbuslarni G‘azo shahridagi Saroy maydonida Qizil xoch xodimlariga topshirgan. Bu yerda sulh va almashuvni nishonlash uchun katta olomon yig‘ilgan, falastinliklar bu kelishuvni Isroil ustidan g‘alaba sifatida ko‘rishmoqda. Hamas a’zolari Qizil xoch mashinasi yo‘lini ochib borishiga to‘g‘ri kelgan.
Qizil xoch xodimlari uch ayolni Isroil armiyasining «Reim» bazasiga olib borgan, bu yerda ular Isroil tomoniga topshirilgan va oila a’zolari bilan uchrashishgan. Ular to‘liq tekshiruvdan o‘tkazish uchun bazadan vertolyotda Ramat-Ganedagi «Shiba» tibbiyot markaziga yetkazilgan. Qizil xoch vakilining so‘zlariga ko‘ra, ularning holati qoniqarli. Emili Damari ozod etilganidan keyingi ilk fotosuratlarda chap qo‘lidagi ikki barmog‘i yo‘qligi ko‘ringan. Oila a’zolarining ma’lum qilishicha, u barmoqlarini 2023 yil 7 oktyabrdagi hujum vaqtida yo‘qotgan.
Tel-Avivdagi maydonda ham minglab kishilar to‘plangan; ular garovdagilar ozod etilishini jonli efirda kuzatib borishdi. Garovdan qaytganlar hozircha jurnalistlar bilan muloqot qilmadi — rasmiylar shifokorlar talabi bilan tibbiy va ruhiy holatiga bahol berilmagunicha ularni keng ommadan ihotalamoqda.
Isroil mudofaa armiyasi va Hamas tomonidan tarqatilgan videoga ko‘ra, falastinliklar ushbu isroillik ayollarni sovg‘a berib jo‘natgan, ular mashinaga chiqqanida har biriga harakatning harbiy qanoti logotipi aks etgan qog‘oz paketlar tutqazilgan.
Paketlarda G‘azo sektori xaritasi, ayollarning asirlikdagi fotosuratlari hamda «ozod etilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma» bo‘lgan. The Jerusalem Post hamaschilar garovdagilarni «dalil»ni ko‘rsatgan holda jilmayish va suratga tushishga majburlaganini yozgan.
Videoda Qizil xoch xodimi arab tilidagi, Hamas vakili esa ingliz tilidagi qog‘ozlarga imzo qo‘yganini ko‘rish mumkin.
The Times of Israel bu «sovg‘a» va hujjatlar — Hamasning tinch aholi o‘g‘irlab ketilganiga «qonuniy tus» berishga qaratilgan propaganda kampaniyasining bir qismi bo‘lganini ta’kidlagan. Isroillik mulozimlar bu harakatni «vahshiylar tomonidan ozodlikdan mahrum etilgan ayollarni surbetlarcha psixologik ekspluatatsiya qilish» deb atagan.
20 yanvarga o‘tar kechasi Isroil ham falastinlik 90 nafar mahbusni ozod qildi. Mahbuslar almashuvidan oldin ular Quddus yaqinidagi «Ofer» qamoqxonasiga olib borilgan. Bu yerda Isroil xavfsizlik kuchlari va Qizil xoch vakillari har bir mahbusning shaxsini tekshirgan va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan.
Qamoqxona atrofida o‘nlab falastinlik namoyishchilar to‘plangan. Qatarning «Al-Jazira» telekanaliga ko‘ra, isroillik harbiylar qamoqxona atrofida yig‘ilganlarga ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan, namoyishchilardan kamida yetti nafari yaralangan, ikki nafari qo‘lga olingan.
Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ozod etilganlarning 69 nafari ayollar, ular orasida voyaga yetmagan qiz ham bor, 21 nafari esa o‘smir yigitlar. Times of Israel ma’lumotiga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi, 78 nafari — G‘arbiy sohilga, qolgan 12 kishi — Sharqiy Quddusga yetkazilgan.
Ular mingan avtobuslar G‘arbiy sohildagi Ramallohga mushakbozlik hamrohligida kirib kelgan, ularni kutib olish uchun minglab kishilar ko‘chalarga chiqqan.
Ozod etilganlar orasida — Falastin muxtoriyatining Yevropa kengashidagi vakili, Falastin ozodligi xalq fronti harakatining mahbuslar qo‘mitasi rahbari Xolida Jarar ham bor.
AP xabariga ko‘ra, mahbuslikdan qaytgan tibbiyotchi talaba Baraa Al-Fukha Isroil qamoqxonasidagi saqlash sharoitlari «qo‘rqinchli» bo‘lgani, yegulik va ichimlik suv cheklangan miqdorda berilganini so‘zlab bergan. U jurnalistlar bilan suhbatda o‘z oilasi bag‘riga qaytishdan yengillik va xursandchilik his qilayotganini aytgan.
Agentlik xabarida aytilishicha ozod etilgan mahbuslarning bir qismi Iordanning G‘arbiy sohilida isroillik askarlarga tosh otgani uchun qo‘lga olingan, qolganlari — ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlikni targ‘ib etgani uchun. Shuningdek, suiqasdga urinishni amalga oshirgani uchun qo‘lga olinganlar ham bor.
AQSh prezidenti Jo Bayden Hamas va Isroil o‘rtasida kelishuv amalga oshishi boshlanganini olqishladi. «Bu mening ishtirokimdagi eng qiyin muzokaralardan biri bo‘ldi», — deya qayd etgan kelishuvga erishishda vositachilardan biri bo‘lgan Bayden. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv yakunlariga ko‘ra Hamas G‘azo sektoridagi hokimiyat tepasida qolmaydi, lekin e’lon qilingan kelishuv shartlarida bu haqda hech narsa deyilmagan. O‘t ochishni to‘xtatish rejimini BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham olqishlab, kelishuv G‘azo sektorida o‘ta qiyin ahvolda qolgan aholiga insonparvarlik yordamlari yetkazilishini osonlashtirishi kerakligini ta’kidlagan.
Hamasning harbiy qanoti rasmiysi Abu Ubeyda almashuvdan keyin chiqish qilgan. U agar Isroil kelishuvga amal qilsa, o‘z guruhi ham amal qilishiga ishontirgan. U shuningdek 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga qilingan hujum «Falastin xalqiga ko‘rsatilgan zulmga javob bo‘lgani»ni aytgan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu omma qarshisida chiqish qilmadi. Uning matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u harbiylarning garovdagilar ozod etilgani to‘g‘risidagi hisobotini tinglagani va ulardan «butun Isroil xalqi ularga quchoq ochishi va uylariga baxtiyor holda qaytishini tilashi»ni yetkazishni so‘ragan.
O‘tgan haftada Qatar, AQSh va Misr vositachiligida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bo‘yicha kelishuvga erishilgandi. Kelishuv bir necha bosqichni o‘z ichiga oladi. Almashuv jarayoni bu bosqichlardan birinchisi doirasida o‘tkazilmoqda. Sulh 19 yanvar kuni, mahalliy vaqt bilan soat 11:15 da (Toshkent vaqti bilan 14:15) kuchga kirdi. Bu dastlabki kelishuvda belgilanganidan uch soat kechikib boshlandi. Bunga Hamas kelishilganidek ozod etiladigan isroilliklar ro‘yxatini o‘z vaqtida taqdim etmagani sabab bo‘lgan. Shu tufayli Isroil armiyasi shu kuni tongda G‘azo sektori bo‘ylab zarbalarni davom ettirgan. Mahalliy manbalarga ko‘ra, oxirgi hujumlar tufayli kamida 12 kishi halok bo‘lgan.
Keyingi almashuv 25 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi lozim. Hamas ozod etiladigan isroilliklarning navbatdagi guruhi ro‘yxatini almashuvdan bir kun oldin taqdim etishi kerak bo‘ladi. Sulhning birinchi bosqichidagi olti hafta davomida garovdagi 97 kishidan 33 nafari qo‘yib yuborilishi ko‘zda tutilgan. Isroil garovdagi har bir fuqarosi evaziga 30 nafardan, har bir harbiy uchun — 50 nafardan falastinlikni qaytaradi.
2023 yil 7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi Hamas kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berib, chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil qo‘shinlari G‘azo bo‘lgasiga bostirib kirdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
13:59
07:35
17:47 / 19.01.2025
15:37 / 19.01.2025
“KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.
Comments
0 comment