qarashlar
AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning alyansga a’zo davlatlarning mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan 5 foizigacha oshirish to‘g‘risidagi taklifiga NATO rozi bo‘lmaydi. Bu haqda alyans rasmiylariga tayanib, Reuters xabar berdi.
Ularning fikricha, iyun oyida bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida 32 ta a’zo davlat mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 3 foizigacha oshirishga rozi bo‘ladi.
Joriy yilning 7-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tramp NATOga a’zo mamlakatlarning harbiy xarajatlarini YIMning 5 foizigacha ko‘tarishga erishmoqchi ekanini aytgan edi.
2024-yilda yalpi ichki mahsulotning eng katta ulushini mudofaaga Polsha sarflagan — 4,12 foiz. Undan keyin Estoniya (3,43%) va AQSH (3,38%) o‘rin olgan. Italiyaning mudofaa xarajatlari yalpi ichki mahsulotning taxminan 1,5 foizini tashkil etadi. Alyansga a’zo yana yettita davlat mudofaa uchun yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan kam mablag‘ sarflamoqda.
A’zo mamlakatlar mudofaa xarajatlarining o‘rtacha ulushi NATO yalpi ichki mahsulotining 2,71 foizini tashkil qiladi. 2024-yilda NATOning mudofaa uchun umumiy xarajatlari 1,474 trillion dollarni tashkil etgan. Shundan 968 milliard dollarga yaqini AQSH hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Mutaxassislarning fikricha, ittifoqning deyarli barcha a’zolari uchun yalpi ichki mahsulotning 5 foizlik ko‘rsatkichiga erishish amalda imkonsiz. Ba’zi mutaxassislar Tramp 3 foizga yaqin raqam ma’qullanishi uchun ataylab amalga oshirib bo‘lmaydigan taklifni ilgari surganini taxmin qilishdi.
Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti mudofaa iqtisodiyoti bo‘yicha mutaxassisi Fenella Makgertining ta’kidlashicha, hatto NATO a’zo davlatlarining 3 foizlik ko‘rsatkichga erishishi uchun ham yillar talab etiladi.
Comments
0 comment