qarashlar
Isroil harbiy-havo kuchlari Suriyadagi 250 dan ortiq harbiy obyektga zarba berdi.
Qayd etilishicha, Isroil armiyasining nishonlari orasida Suriya prezidenti Bashar Asadning armiya bazalari ham bo‘lgan. O‘nlab qiruvchi samolyotlar, o‘nlab yerusti samolyotlari, havo-raketa komplekslari, ishlab chiqarish maydonlari va raketa omborlari zarar ko‘rgan.
Suriyalik huquq himoyachilari Isroilning Latakiyaga zarba berganini ma’lum qildi
Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari kuzatuv kengashi (SOHR) Asad ag‘darilganidan buyon Isroil Suriya hududiga qariyb 250 ta havo zarbasi berganini tasdiqladi. Huquq himoyachilarining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil armiyasi “Suriyadagi eng muhim harbiy obyektlarni yo‘q qilgan”.
SOHR’ning qayd etishicha, zarbalar Suriyaning turli viloyatlarida, xususan, Dayr az-Zor, Hama va Xoms viloyatlarida, Damashqda, hamda Rossiya harbiy bazalari joylashgan Latakiyada amalga oshirilgan. Isroil Latakiya porti yaqinidagi havo mudofaasi obyektiga hujum qilgan, bunda Suriya harbiy-dengiz kuchlari kemalariga zarar yetkazilgan.
AFP 10-dekabr kuni erta tongda Damashqda kuchli portlashlar eshitilgani haqida xabar berdi.
Suriyadagi vaziyat
Noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Halab shahrini, Xama va Xoms viloyatlari hududlarining bir qismini o‘z nazoratiga oldi. Shundan so‘ng Damashqqa kirdi. Prezident Bashar Asad oilasi bilan mamlakatni tark etdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bashar Asad isyonchilar bilan kelishuvga erishib, iste’foga chiqishga rozi bo‘lgani, shundan keyin Suriyani tark etgani haqida ma’lumot berdi. Isyonchilar Asadni qo‘lga olishda yordam beradigan ma’lumot uchun 10 million dollar va’da qilgan.
Siyosatchi mamlakatni tark etganidan keyin isyonchilar Asad qarorgohiga bostirib kirgan, odamlar buyumlarni talon-toroj qilgan. Qarorgohdagi garajda BMW, Audi, Ferrari, Lamborghini Diablo kabi 50 ga yaqin hashamatli va qimmatbaho avtomobillar aniqlangan.
Kechroq Kremldagi manbalar Suriyadan qochgan prezident oilasi bilan Moskvaga kelgani, Putin ularga boshpana berganini ma’lum qildi.
Comments
0 comment