qarashlar
Andijon shahrida o‘quvchilar chiqindilardan yaratilgan kreativ obrazlarda moda namoyishi o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati.
Xabar berilishicha, Andijon shahridagi Prezident maktabida navbatdagi “Eko-fest” tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda 4 ta jamoa (“Bluye”, “Greyen”, “Red”, “White”) o‘zaro bellashdi. Xususan, “Ekologiya har birimizdan boshlanadi” shiori ostida rasmlar tanlovi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan chiqindilardan qayta ishlangan buyumlar va hunarmandchilik mahsulotlari, kreativ va zamonaviy chiqindi qutilari taqdim etildi. Qolaversa, eko notiqlar va eko targ‘ibotchilar tanlovi hamda “eko-fashion” shou namoyishi ham bo‘lib o‘tdi. “Eko-fashion” shouda o‘quvchilar chiqindilardan yaratilgan kreativ obrazlarda namoyon bo‘lishdi.
Maʼlumot uchun, “Eko-fest” loyihasi ikki yildan buyon muntazam o‘tkazilmoqda. Loyiha xalqaro ekspertlarning maʼruzalari, insonning tabiatga taʼsiri to‘g‘risidagi amaliy seminarlar, mustaqil tadqiqotlar, maishiy va issiqxona sharoitlarida “aqlli sug‘orish” orqali suvni tejash bo‘yicha smart-yechimlarni ishlab chiqish, qog‘oz va plastikni qayta ishlash bo‘yicha mahorat saboqlari, suv tozalash obyekti, havoni monitoring qilish stansiyasi, chiqindi poligoniga ekskursiyalar va boshqa tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Tadbirda chiqindilardan qayta ishlangan buyumlar va hunarmandchilik mahsulotlari savdosi tashkil qilindi. Savdodan tushgan mablag‘ maktabda o‘tkazilishi belgilangan “Yashil makon” aksiyasi uchun sarflanadi.
Shuningdek, jamoalar eko-notiqlar bellashuvida tabiatga zarar yetkazuvchi harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatni taʼsirchan usullarda targ‘ib qildi. Tadbir yakunida loyiha davomida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar, jamoalar diplom va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Comments
0 comment