qarashlar
Yaponiyalik olimlar dunyodagi eng g‘ayrioddiy kosmik apparatni yasadi, u yog‘ochdan qilingan. Material sifatida magnoliya yog‘ochi tanlangan. Xalqaro kosmik stansiyasida (XKS) o‘tkazilgan tajribalar davomida u yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan.
Kichik LignoSat zondi Kioto universiteti tadqiqotchilari tomonidan Sumitomo Forestry o‘rmon xo‘jaligi kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Loyiha mualliflari biologik parchalanadigan materiallardan zamonaviy sun’iy yo‘ldoshlarni tashkil etuvchi metallarga ekologik toza muqobil sifatida foydalanish mumkinligini sinab ko‘rmoqchi.
Qayd qilinishicha, hozirgi sun’iy yo‘ldoshlar xizmat muddati tugatgandan so‘ng, Yer orbitasidan atmosferaga tushadi va yonib ketadi. Oqibatda havoda alyuminiy birikmalarining mayda zarralari aralashmasi qoladi. Sun’iy yo‘ldoshlar soni ortib borayotgan hisobga olinsa, atmosferaga tushgan alyuminiyning bunday massasi jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Dastlab, LignoSat loyihasi koinotning murakkab sharoitlarini o‘z ichiga olgan laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi. Har xil turdagi yog‘och namunalari yaxshi ko‘rsatkichlarga erishdi va sezilarli o‘zgarishlarga duch kelmadi. Keyin ular XKS ichida deyarli bir yil sinab ko‘rildi. Shundan so‘ng, olimlar yog‘ochning ayrim turlari qanchalik yaxshi saqlanib qolganini taqqoslab ko‘rishdi. Yakunda magnoliya daraxti tanlandi.
Loyiha mualliflari uning muvaffaqiyatiga ishonmoqda, chunki koinotda yog‘ochni parchalaydigan kislorod va tirik organizmlar yo‘q. Shuning uchun orbitadagi LignoSat zondiga hech narsa tahdid solmaydi. Qurilma koinotda kamida olti oy bo‘ladi, shundan so‘ng u atmosferaning zich qatlamlarida yonib ketadi. Agar ish paytida hech qanday muammo yuzaga kelmasa, kelajakda yog‘ochdan kattaroq sun’iy yo‘ldoshlar qurilishi mumkin.
Yog‘och sun’iy yo‘ldosh shu yil oxirida koinotga uchiriladi.
Comments
0 comment