menu
Yandex Go naqd shakldagi to‘lovlarda ham chek bera boshladi.
Soliq qo‘mitasining talabi bilan 1 dekabrdan O‘zbekistonda soliq to‘lay boshlagan kompaniya avvaliga faqat karta orqali to‘lovlar uchun chek berishni boshlagan edi. Endilikda taksi uchun naqd pulda to‘lov qilgan yo‘lovchilarga ham elektron fiskal cheklar berila boshlandi.

Davlat soliq qo‘mitasi Yandex Go yo‘lovchilarga naqd puldagi to‘lovi uchun elektron chek berishni boshlaganini ma’lum qildi. Qo‘mitaga ko‘ra, onlayn-taksi agregatorlari soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashganidan keyin yo‘lovchi tashish dinamikasi Soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida aks etmoqda.

“O‘tgan yilning dekabr oyida onlayn-taksi agregatorlari orqali 4,4 mln tashuvlar amalga oshirildi. Yo‘lovchi tashish faoliyati 80,1 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi tomonidan amalga oshirilgan. Joriy yil yanvar oyida qatnovlar soni 5 mlnga yetdi. Tashish xizmatlari 113,5 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi tomonidan ko‘rsatildi.

Soliq qo‘mitasi boshqa onlayn-taksi agregatorlarining soliq organlari bilan integratsiyalashuvini ta’minlash va to‘lov shaklidan qat’i nazar, yo‘lovchilarga chek berish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq Yandex Go xizmati Soliq qo‘mitasining talabi bilan O‘zbekiston rezidentiga aylanib, qonunchilikda belgilangan barcha soliqlarni to‘lay boshlagani, shu bilan bir paytda haydovchilardan oladigan xizmat komissiyasini oshirgani xabar qilingan edi. Soliq qo‘mitasi ushbu kompaniya 1-6 dekabr oralig‘ida 13,5 mlrd so‘mlik 800 483 ta chek shakllantirganini ma’lum qilgandi. Bu paytda Yandex Go faqat karta orqali to‘lovlar uchun chek berardi.

Yil yakunida Raqobat qo‘mitasi Yandex Go'ning bozordagi ustun mavqeyini tan oldi. Aniqlanishicha, O‘zbekistonda taksi agregatorlari va dispetcherlik xizmatlari bozori yuqori darajada konsentratsiyalashgan bo‘lib, bu bozorning 86,3 foiz ulushi birgina Yandex Go hissasiga to‘g‘ri keladi. Shunga ko‘ra, monopoliyaga qarshi organ bu kompaniyaning o‘z ustun mavqeyini suiiste’mol qilmasligini nazorat qilib borishi lozim bo‘ladi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!