menu
Yana vetoni ishga solgan AQSh, Avdiyivkada asir tushgan ukrainlar va Rossiya bilan aloqani uzayotgan banklar - kun dayjesti.
Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.

Falastindagi vaziyat

AQSh BMTning Xavfsizlik kengashiga Jazoir tomonidan taklif etilgan G‘azodagi sulh haqidagi rezolyutsiyasiga yana veto qo‘ydi. Bu AQShning beshinchi marta Isroilni yoqlab veto qo‘yishi.

Vashingtonning ta’kidlashicha, hujjatning qabul qilinishi «barqaror tinchlikka erishishga imkon bermaydi».

Rezolyutsiyani qo‘llab Xavfsizlik kengashining 10 nafar muvaqqat va 3 nafar doimiy a’zosi ovoz bergan. Birgina AQSh qarshi bo‘lgan, Buyuk Britaniya ikkilangan.

G‘azodagi qirg‘in to‘xtamayotgani sabab kundan kunga qurbonlar soni oshib bormoqda. Isroil agressiyaning 137-kuniga kelib, qamaldagi G‘azoda qurbonlar soni yana 103 taga ko‘paygan va 29 ming 195 kishiga yetgan. So‘nggi sutka ichida 142 kishi yarador qilingan. Yaradorlarning umumiy soni 69 ming 170 kishiga yetgan.

Haagadagi BMT Xalqaro sudi Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga nisbatan Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani buzganlik to‘g‘risidagi da’vo arizasini ko‘rib chiqishda davom etmoqda.

Yanvar oyida xalqaro sud oraliq qaror sifatida Isroil G‘azo sektorini qamal qilishni to‘xtatishi va ko‘proq insonparvarlik yordamini eksklavga kiritishi to‘g‘risida qaror chiqargan edi. Sud qarori bandlari bajarilmayapti.

BMTning butunjahon oziq-ovqat dasturi G‘azo sektorida ommaviy ochlik yuz berayotganini qayd etgan.

YUNISEF va BMT butunjahon oziq-ovqat dasturi tomonidan tayyorlangan hisobotga ko‘ra, G‘azo sektorining shimolida vaziyat tobora og‘irlashmoqda va ikki yoshgacha bo‘lgan har oltinchi bola to‘yib ovqatlana olmayotganlikdan aziyat chekmoqda.

Dastur G‘azo shimolida oziq-ovqat yordamini tarqatishga qiynalmoqda va xavfsiz shart-sharoitlar yaratilgunga qadar uni to‘xtatib turishga majbur bo‘lmoqda. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Husiychilar Adan qo‘ltig‘ida Isroilning MSC Silver kemasiga raketa zarbasi berganini e’lon qildi. Amerika harbiy kemalari bir nechta pilotsiz parvoz qurilmalarini urib tushirgan. Shuningdek, husiychilar Isroilning Eylat shahriga dronlar bilan hujum qilganini ta’kidlagan.

Husiychilar Adan qo‘ltig‘ida Amerikaga tegishli ikkita kemaga ham hujum qilgan.

Eron tomonidan qo‘llab kelinayotgan Yamanning «Ansorulloh» harakatiga a’zo isyonchilar Amerikaning Adan qo‘ltig‘ida suzib yurgan ikkita kemasiga hujum uyushtirgan. Bu haqda harakatning harbiy vakili Yahyo Sariya ma’lum qilgan.

«Yamanning harbiy dengiz kuchlari bizga uyushtirilayotgan bosimlar va G‘azo sektoridagi falastin xalqining qamali hamda AQSh va Buyuk Britaniyaning mamlakatimizga hujumiga javoban AQShning Adan qo‘ltig‘idagi ikkita kemasiga hujum qildi», — degan u.

Sariyaning so‘zlariga ko‘ra, Sea Champion va Navis Fortuna kemalari nishonga olingan.

Tunda AQSh yana Yaman bo‘ylab aviazarbalar bergan. Biroq borgan sari bunday zarbalar bema’ni ko‘rinish olmoqda, chunki zarbalar natijasida husiychilar tiyilish o‘rniga o‘z hujumlari intensivligini tobora oshirmoqda. 

Ukrainadagi vaziyatga nazar

Ukraina bosh vaziri mamlakat iqtisodiyotining uchdan bir qismi yo‘qotilgani va mamlakatni 10 mln fuqarolar tark etganini ta’kidlab o‘tdi.

«Rossiya agressiyasi tufayli biz iqtisodiyotimizning 30 foizidan, hududlarimizning 20 foizidan va 3,5 million ish o‘rinlarimizdan ayrildik», — degan Denis Shmigal. Bundan tashqari, Ukrainada vayron qilingan yo‘llar 8400 kilometrni tashkil etmoqda. Birgina Kiyev oblastida 29 mingdan ortiq binolarga zarar yetkazilgan. Hozirgacha ularning 60 foizi ta’mirlangan xolos.

Shmigal Yevropa Ittifoqiga chiqib ketgan fuqarolar xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar sabab Ukrainaga hozircha qaytmayotganini aytgan.

Dunyoning eng boy odami Ilon Mask Ukrainaning pozitsiyasi kundan kunga yomonlashayotgani, agar sulh kelishuvi bir yil avval imzolanganda minglab odamlarning hayoti saqlanib qolgan bo‘lishini ta’kidladi.

Mask shu yo‘l bilan X ijtimoiy tarmog‘ida Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatib, Rossiya va Ukraina o‘rtasida sulh muzokaralarini boshlash fursati yetgani to‘g‘risidagi postga o‘z munosabatini bildirgan.

Xabarda qayd etilishicha, Ukraina «urushni yutqazib bo‘lgan va endi hech narsa o‘zgarmaydi». Chunki Kiyevda g‘alaba qozonish uchun odam yetarli emas.

Shuningdek Maskning postida Ukraina uchun 60 mlrd dollar Rossiyaning «Qrim va Ukraina sharqini o‘zida saqlab qolish» faktini o‘zgartira olmasligi qayd etilgan.

«Ha. Bu voqelik qabul qilinishidan avval qancha odam o‘lishi kerakligidagi savol ochiq qolmoqda xolos. Sulh kelishuvi bir yil avval imzolanishi kerak edi. O‘shandan buyon minglab yigitlar halok bo‘lishdi, Ukrainaning pozitsiyasi esa kundan kunga yomonlashmoqda», — degan Mask. 

Avdiyivkadan chekinish

Bu orada Avdiyivkadan chekinish asnosida Ukrainaning yuzlab askarlari asirga tushgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqala boshladi. Baholashlarga ko‘ra, 850 dan 1000 nafargacha askarlar asir tushgan.

Bu haqda The New York Times harbiylarning baholashlari va yuqori martabali g‘arblik mulozimlarga tayanib xabar bermoqda.

G‘arblik mulozimlarning fikricha, ukrain qo‘shinlarining Avdiyivkadan olib chiqilishi juda yomon tashkillashtirilgan va juda kech boshlangan. Vaziyat Rossiya qo‘shinlari shaharni har tarafidan qurshab olishi bilan yanada yomonlashgan.

Bundan tashqari, chekinish asnosida aloqa bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgan, shu sababli askarlar asirga tushgan yoki jang maydonida o‘lik va yarador holda qolib ketishgan.

Katta yo‘qotishlar sabab Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivkadan chekinishi Ukraina va uning ittifoqchilari avval hisoblaganidan ko‘ra kattaroq ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Asirdagilar va bedarak yo‘qolganlar soni ko‘pligi armiyaning ruhiy holatiga ta’sir o‘tkazishi va safarbarlikni qiyinlashtirishi mumkin, deyishmoqda amerikalik mulozimlar.

Biroq Ukraina qurolli kuchlarining «Tavriya» guruhi spikeri bu axborotlarni rad etdi. 

Ukrainaga yordam

Ukrainaga AQSh va Yevropa davlatlaridan harbiy yordam depsinib qolgan bir sharoitda Shvetsiya o‘z tashabbusi bilan chiqdi.

Shvetsiya mudofaa vaziri urush boshlangan buyon mamlakatning Ukrainaga eng yirik harbiy yordam paketini e’lon qildi. Uning umumiy qiymati 700 mln AQSh dollariga teng.

Yangi paketga artilleriya snaryadlari, RBS70 havo hujumidan mudofaa tizimlari, tanklarga qarshi raketalar, Carl Gustaf granatomyotlari, shturm katerlari, shuningdek, suv ostidan hujum qilishga imkon beruvchi qurol-yarog‘lar kiritilgan. 

Rossiyaga cheklovlar

AQSh Aleksey Navalniyning qamoqxonada ehtimolli o‘ldirilganiga javoban Rossiyaga nisbatan sanksiyalarning yirik paketi joriy etilishini e’lon qildi.

23 fevral juma kuni AQSh Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgan sanasi va Aleksey Navalning o‘limi tufayli yangi yirik sanksiyalar paketi joriy etadi. Bu xaqda Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha vakili Jon Kirbi ma’lum qilgan, deb yozadi Reuters.

Sanksiyalar «Rossiyani janob Navalniy bilan sodir bo‘lgan holat uchun javobgarlikka tortishi kerak», — degan Kirbi cheklovlar aynan nimalardan iborat bo‘lishiga aniqlik kiritmasdan.

Bu orada Turkiya AQSh sanksiyalari ostiga tushib qolishdan hazir bo‘lib, Rossiyaga mahsulot jo‘natishni qariyb teng yarmiga qisqartirgani ma’lum bo‘ldi.

Shu paytgacha Rossiyaning iqtisodiyotini g‘arb mahsulotlari o‘rnini bosuvchi tovarlar bilan ta’minlab kelgan, aksilsanksiya hablaridan biriga aylangan Turkiya 2024 yilning boshida yetkazib berishni keskin qisqartirgan. Rossiya kompaniyalarining to‘lovlarini ommaviy bloklayotgan turk banklari fonida, Turkiyadan eksport 39 foizga qisqargan, deb yozadi Reuters.

2024 yilning dastlabki oyida turk kompaniyalari Rossiyaga 631 mln dollarlik mahsulotlar yetkazib bergan, holbuki 2023 yilning yanvarida bu ko‘rsatkich 1 mlrd dollar bo‘lgan.

Xitoyning eng yirik banklari — Industrial and Commercial Bank of China (ICBC), China Construction Bank (CCB) va Bank of China Rossiyaning sanksiya ostiga tushgan moliyaviy tashkilotlaridan to‘lovlarni qabul qilishni to‘xtatdi.

ICBC va CCB banklari qaysi banklararo o‘tkazmalar tizimidan foydalanilayotganidan qat’i nazar, sanksiya ostidan banklardan kelayotgan har qanday to‘lovlarni qaytarib yubormoqda. 

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!