menu
Toshkentda ikkita firma uy qurib berish aldovi bilan fuqarolarni qariyb 27 mlrd so‘mga chuv tushirdi.
Firmalar egasi go‘yoki 1,2 va 2 sotixli turar joylar qurib sotishni aytib, odamlardan boshlang‘ich to‘lov sifatida 125 mln so‘mdan pul yig‘ib olgan. So‘ngra chet elda ro‘yxatdan o‘tgan valuta birjasida o‘zi va onasi nomiga hisobraqamlar ochib, 1,4 mln AQSh dollarini o‘tkazib yuborgan.

2024 yilning yanvar oyida Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari jarayonida Toshkent shahrida “Arkenstone” va “VescoCottage” MChJlar turar joylar qurib sotish bilan fuqarolarni aldab, milliardlab pullarni o‘zlashtirgani aniqlangan. Bu haqda “O‘zbekiston 24” axborot dasturida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, “Arkenstone” va “VescoCottage” MChJlar Toshkent shahrida kottej turar joylarini qurayotgani bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda turli reklama va e’lonlarni joylashtirgan. MChJ mansabdor shaxslari shu yo‘l bilan yangi uy olish istagida bo‘lgan fuqarolar ishonchiga kirib, go‘yoki kechiktirib to‘lash imkonini berish vaji bilan ularda qiziqish uyg‘otgan. Bir shaxsga tegishli bo‘lgan mazkur ikki firma tomonidan 2022-2023 yillar davomida 125 mln so‘mdan boshlang‘ich to‘lov sifatida fuqarolarning qariyb 27 mlrd so‘m mablag‘i o‘zlashtirilgan.

Idoralararo hamkorlikda olib borilgan o‘rganishlarda MChJlar rahbari Farrux Maxamatov chet elda ro‘yxatdan o‘tgan valuta birjasida o‘zi va onasi nomida hisob raqamlar ochib, 1,4 mln AQSh dollari o‘tkazib yuborganligi hamda birja savdolarida ishtirok etganligi aniqlangan. Bosh prokuratura huzuridagi departament bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Boliyevga ko‘ra, ushbu mablag‘ning 625 ming AQSh dollari O‘zbekistonga qaytarilgan.

Holat bo‘yicha Maxamatov va boshqalarga Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida hozirgi kunda 7,8 mlrd so‘m mablag‘larning harakati to‘xtatib qo‘yilgan.

Ochiq manbalarga ko‘ra, “Arkenstone” MChJ 2022 yil 4 aprel kuni, “VescoCottage” MChJ esa 2023 yil 12 may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Har ikki MChJga Farrux Maxamatov rahbarlik qiladi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!