menu
Putin Kim Chen Inga limuzin sovg‘a qildi.
BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalari KXDRga hashamatli buyumlar, jumladan, qimmatbaho avtomobillar olib kirishni taqiqlaydi. Rossiya OAV Aurus Senat limuzinining narxi 400 ming dollardan ortiq ekanini yozmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga tug‘ilgan kuni munosabati bilan limuzin sovg‘a qildi. Shu tariqa, BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan Shimoliy Koreya yadroviy dasturi tufayli Pxenyanga qarshi joriy qilingan sanksiyalar buzildi. Bu haqda 20 fevral, seshanba kuni Bloomberg agentligi xabar berdi. Xavfsizlik kengashi sanksiyalari, xususan, hashamatli buyumlar, jumladan, qimmatbaho avtomobillarni Shimoliy Koreyaga olib kirishni taqiqlaydi. 

Avvalroq Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi 18 fevral kuni Putin Kim Chen Inga «Rossiyada ishlab chiqarilgan shaxsiy avtomobil»ni «hadya qilgani» haqida xabar bergan edi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov gap Aurus avtomobili haqida ketayotganini tushuntirdi. Peskov uning modeliga aniqlik kiritmadi. Biroq, Rossiya OAV yozishicha, bu Putinning o‘zi boshqaradigan Aurus Senat limuzini bo‘lishi mumkin. Aynan shu mashinani Rossiya prezidenti Kimga 2023 yil sentabr oyida, Rossiyaga tashrifi chog‘ida ko‘rsatgan edi. Rossiya manbalariga ko‘ra, Aurus Senat narxi 41 million rubldan (taxminan 440 ming dollar) boshlanadi. Ma’lumki, 8 yanvar kuni Kim Chen In 40 yoshga to‘ldi. 

Shimoliy Koreya qurollarini Rossiyaga yetkazib berish 

Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan 2023 yil avgustidan beri Moskvaga 10 marta qurol yetkazib bergan va Ukrainadagi urushda qo‘llangan jami 1 millionga yaqin artilleriya snaryadlarini yuborgan. Bir qator ekspertlar Amerika sun’iy yo‘ldoshidan olingan suratlarga tayanib, KXDR ballistik raketalarni ham Rossiya harbiylariga topshirganini da’vo qilmoqda. Moskva ham, Pxenyan ham bunday ta’minot bo‘yicha ayblovlarni qat’iyan rad etadi. 

Avvalroq, 2023 yil sentabrida Vladimir Putin Rossiya BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan Shimoliy Koreyaga nisbatan kiritilgan barcha cheklovlarga rioya etishini ma’lum qilgandi. Biroq fevral oyi boshida Amerikaning The New York Times nashri xavfsizlik xizmatlaridagi manbalariga tayanib, Moskva BMT sanksiyalari tufayli muzlatib qo‘yilgan Rossiya bankidagi Shimoliy Koreya aktivlarining bir qismini blokdan chiqargani haqida xabar berdi.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!