qarashlar
O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni podshohligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yilning 20 fevralida o‘rnatilgan. Saudiya Arabistoni podshohligi birinchilar qatorida O‘zbekiston mustaqilligini e’tirof etgan. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning 1992 yil aprelda Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan tashrifi mustaqil O‘zbekiston rahbarining xorijga ilk tashriflaridan bo‘lgan.
O‘ttiz yildan keyin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 17–18 avgust kunlarida ushbu mamlakatga amalga oshirgan tarixiy tashrif va valiahd shahzoda, Vazirlar Mahkamasi raisi Muhammad ibn Salmon bin Abdulaziz bilan o‘tkazilgan muzokaralar ikkitomonlama aloqalar tarixidagi hamkorlikni yuqori darajalarga ko‘tardi va faollashtirdi. Qator bitimlar va hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Saudiya Arabistoni podshohligining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf ibn Solih Al-Gahra Al-Utaybiy O‘zbekiston bo‘yicha taassurotlari katta ekani, bu o‘lka tarixi va farzandlarining turli sohalar rivojiga hissalarini ta’kidlab, mamlakatning turizm sohasidagi imkoniyatlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Podshohlikning «2030 yilga nigoh» strategiyasi va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi o‘rtasida hamohanglik kuzatiladi. Mazkur strategiyalar turli sohalarda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Misol tariqasida Podshoh Saud universiteti rektori va Umm al – Qura universiteti rektori o‘rinbosari O‘zbekistonga, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori podshohlikka tashrif buyurdi. Podshoh Saud universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. U o‘zaro tajriba, o‘qituvchilar va talabalar bilan almashish, arab tilini o‘qitishda hamkorlikni ko‘zda tutadi. Podshoh Salmon nomidagi akademiya O‘zbekistondagi ta’lim dargohlarida arab tili bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etmoqda.
Elchi podshohlikda o‘qishni istagan kishi «Saudiya Arabistonida tahsil ol» platformasiga kirishi va ta’lim olish uchun xohlagan yo‘nalishini tanlashi mumkinligini bildirdi.
Shuningdek, u Saudiya Arabistonining xalqaro maydon va mintaqadagi o‘rniga to‘xtalib, G20 davlatlaridan biri ekani va ushbu guruhning 2020 yildagi sammitiga mezbonlik qilganini ko‘rsatib o‘tdi.
2023 yil iyulida Jidda shahrida Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Podshohlik ko‘plab xalqaro munosabatlarga mezbonlik qilmoqda va qiladi. Jumladan, 2027 yilda futbol bo‘yicha Osiyo birinchiligi, 2030 yilda «EKSPO - 2030», 2034 yilda futbol bo‘yicha jahon birinchiligi hamda boshqa turli anjumanlar, forumlar, konferensiyalar va ko‘rgazmalar o‘tkaziladi.
Elchi bugungi kunda Saudiya Arabistoni podshohligining O‘zbekistondagi investitsiyalari hajmi 20 mlrd dollardan oshgani, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqa sohalarga investitsiya qilish imkoniyatlari kattaligini bildirdi.
Suhbat asnosida elchi ikki mamlakat o‘rtasida investitsiya, iqtisod va savdo sohalarida aloqalarni kengaytirish maqsadida 2023 yil dekabrida saudiya – o‘zbek qo‘shma komissiyasining 6-yig‘ilishi va Ishbilarmonlar kengashining 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tganini qayd etdi.
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi o‘zaro hamkorlikda muhim o‘rin tutadi. Shu kunga qadar jamg‘arma O‘zbekistondagi turli sohalardagi 13 loyihaga 360 million dollar ajratgan.
Bundan tashqari, taraqqiyot jamg‘armasi tuzilib, uning sarmoyasi 100 million dollarni tashkil etadi.
Bugungi kunda o‘zaro faol aviatashuvlar yo‘lga qo‘yilib, haftasiga 25 reys amalga oshirilmoqda. Xususan, Saudiya Arabistonining Fly nas aviakompaniyasi haftasiga 8 reysni ado etmoqda. Mazkur reyslar o‘zbekistonliklarning podshohlikka borishlariga qulaylik tug‘dirib, Umra manosiklari ado etishlari yoki sayohat qilishlarini osonlashtirmoqda. Elchi ikki mamlakat o‘rtasida sayohatchilar soni oshishi va turizm rivojlanishiga intilishlarini ta’kidladi.
Comments
0 comment