qarashlar
Muzokaralar chog‘ida Britaniya muzeyi negizida O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib qilish, ikki mamlakat muzeylari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, 2024 yil sentabridan 2025 yil martigacha Britaniya muzeyida O‘zbekiston muzey eksponatlari namoyish etiladigan «Ipak yo‘li» ko‘rgazmasi yuqori darajada tashkil etishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondagi muzey kolleksiyalaridan ko‘rgazmada namoyish etiladigan noyob eksponatlar tasdiqlandi. Jumladan, mazkur ko‘rgazmada Afrosiyob muzeyidagi elchilar tasvirlangan devoriy surat, Varaxshadagi qizil rangli xonadan olingan devoriy surat, Kofirqal’adan topilgan noyob o‘ymakor panno va So‘g‘d davriga oid eksponatlar namoyish etiladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning ilgari hech qayerda namoyish etilmagan ayrim noyob eksponatlari Britaniya muzeyi ko‘rgazmasining durdonasiga aylanadi va bu o‘z navbatida, mamlakat tarixiy-madaniy merosini dunyoda yanada keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Britaniya muzeyi dunyodagi qadimiy, eng katta va eng ko‘p tomoshabin keladigan muzeylardan biridir. Muzey 1753 yilda qirollik shifokori va san’at kolleksioneri Xans Sloan tomonidan asos solingan va o‘z kolleksiyasini davlatga meros qilib qoldirgan. Umuman olganda, muzey ko‘rgazmalari 94 ta galereyadan iborat, ularning umumiy uzunligi 4 kilometr.
Ayni paytda mazkur madaniy-tarixiy majmua qadimgi dunyoning noyob kolleksiyalariga ega jahondagi eng yirik tarixiy va arxeologik muzey hisoblanadi. Muzeyga har yili butun dunyodan 5,5-6 million kishi keladi.
Comments
0 comment