menu
“Odamlar ko‘rib ko‘proq xursand bo‘lishyapti” - Toshkentda ayollar avtobus hayday boshladi.
O‘zbekistonda ayol haydovchilarga avtobus boshqarishga ruxsat berilgach, 28 fevral kuni “Toshshahartransxizmat” tizimida ikki ayol avtobus haydashni boshladi. Kun.uz muxbiri ulardan biri Saodat Shermatova bilan suhbatlashdi. U haydovchilik tajribasi, avtobus boshqarishga qiziqishi qayerdan paydo bo‘lgani va yangilikka odamlarning munosabati haqida gapirib berdi.

Asli samarqandlik Saodat Shermatova hozir 49 yoshda. 28 fevral kuni u ilk bor Toshkent ko‘chalarida avtobus boshqara boshladi. “Toshshahartransxizmat” tizimidagi ayol avtobus haydovchilari bir oy davomida amaliyotda bo‘ladi. Amaliyot davri uchun ularga tajribali haydovchilar biriktirilgan. Saodat Shermatovaga avtobus haydashda 40 yillik tajribaga ega Abdumutal Dakibayev ustozlik qilmoqda.

“2005 yilda haydovchilik guvohnomasini olganman, 2019 yilda esa “D” kategoriya oldim. Hozirgi kunda Yunusobod tumanidagi 8-avtobus saroyida faoliyat yuritaman. Shu vaqtgacha bu avtobus saroyida avtobuslarga texnik xizmat ko‘rsatish, tozalash kabi ishlarni qilib yurgandim.

Bugun amaliyotimning birinchi kuni, ustozlarim Zafar aka, Jalol aka va Mutal akaning yordami bilan bemalol yengil mashina boshqargandek avtobusni boshqaryapman. Qiyinroq deb o‘ylagandim, lekin unday emas ekan, deyarli qiyinchilik bo‘lmadi. Faqat “pik” vaqtlarda ehtiyot bo‘lish kerak ekan, boshqa vaqtlari yaxshi”, – deydi Saodat Shermatova.

Uning ta’kidlashicha, 2019 yildan boshlab u “Gazel”da odam tashigan, keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda avtobuslar, katta yuk mashinalarini haydayotganlarga qiziqib, shu sohaga o‘tgan. 

“Qarorimni turmush o‘rtog‘im, farzandlarim qo‘llab-quvvatlagan. Yo‘lovchilardan kimdir yoqtirmayapti, kimdir esa juda xursand. Har xil odam chiqadi, ko‘proq odamlar xursand bo‘lyapti. Bu yangilik-da. Cho‘chigandim ozgina, lekin ishlasa bo‘larkan.

Huquqshunosman, orzuyim notarius bo‘lish edi, hayot yo‘llari meni avtobus boshqarishga olib ketdi. Toshkent ko‘chalarida shunday katta avtobuslar haydab yurganimdan faxrlanib ketyapman”, – deydi u.

Avtobus haydovchilari avvaliga yo‘l qoidalari, keyin avtobus boshqarish bo‘yicha imtihondan o‘tishi kerak. Shundan keyin ular bir oy amaliyotda bo‘ladi, muddat tugagach esa o‘zlari mustaqil avtobus boshqarishi mumkin.

Saodat Shermatovaning turmush o‘rtog‘i ham shofyor.

“Turmush o‘rog‘im qo‘llab-quvvatlagan, yonida olib yurib o‘rgatsa o‘rgatganki, noto‘g‘ri qilyapsan, demagan. U menga ishongan, rulga o‘tqizib, yonida olib yurgan.

Ikki nafar farzandim bor, o‘g‘lim chet elda bakalavrda o‘qiydi, qizim esa maktabda”, – deydi Saodat opa.

BMT rivojlanish dasturi va Transport vazirligi qo‘shma loyihasida gender ekspert sifatida ishlaydigan Azizaxon Xo‘jayevaing aytishicha, shu vaqtgacha O‘zbekistonda ayollar avtobus boshqarishi uchun qonunchilikda cheklov bo‘lgan.

“Bu cheklov olib tashlandi, bizning harakatlarimiz ijobiy natija berdi. Ayollar va erkaklarga sharoitlar teng. Faqat ayollar 8 soatdan ishlaydi, chunki ularga qiyin bo‘lishi mumkin”, – deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 12 fevraldagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ayollarga ham avtobus va yuk mashinalarini haydashiga ruxsat berildi. Tegishli qarorga muvofiq hukumatning 2018 yil 31 maydagi 408-son qarori 2-ilovasi 27-bandi hamda 3-ilovasi 5-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan.

Mazkur normalarda ayollarni “BC” va “D” toifalariga tayyorlashni tashkil qilishda yuk avtomobillarining yuk ko‘tarishi 2,5 tonnadan va avtobuslarning yo‘lovchilar tashish uchun ruxsat etilgan soni 14 kishidan oshmasligi kerakligi belgilangandi. Ya’ni bugungacha ayollar faqatgina yo‘lovchilarning soni 14 kishidan oshmaydigan avtobusni haydovchi sifatida boshqarishi mumkin edi. 

Endilikda ayollarga quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mehnat faoliyatini olib borish uchun huquqiy asos yaratildi:

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev.

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!