menu
FTB sobiq axborotchisi Rossiyadan Baydenlarga nisbatan kompromat olgan.
Aleksandr Smirnov prezident Jo Bayden va uning o‘g‘li haqida Rossiya maxsus xizmatlaridan olingan yolg‘on ma’lumotlarni yetkazgan, deb xabar berdi CNN. 

AQSh prezidenti Jo Bayden va uning o‘g‘li Xanterga qarshi yolg‘on ko‘rsatma berganlikda ayblangan Federal tergov byurosi (FTB) sobiq axborotchisi Aleksandr Smirnov bu ma’lumotni Rossiya razvedkasidan olganini tan oldi, deb xabar berdi Amerikaning CNN telekanali 20 fevral kuni ish materiallariga tayangan holda. Smirnov ishi bo‘yicha prokurorning so‘zlariga ko‘ra, u o‘tgan yil oxirida rus josuslari bilan uchrashgandan so‘ng «AQSh saylovlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yangi yolg‘onlarni faol ravishda tarqatgan», uning Baydenlarga nisbatan soxta poraxo‘rlik ayblovlari oqibatlari esa «hamon sezilmoqda».

Aleksandr Smirnovning ta’kidlashicha, u xorijiy razvedka xizmatlari vakillari bilan «keng va yaqin» aloqada bo‘lgan, deyiladi ish materiallarida. U, shuningdek, avvalroq rossiyalik josuslar, jumladan, yuqori martabali razvedka xodimlari va «chet eldagi rossiyalik qotillar»ga rahbarlik qilganlar bilan uchrashganini tan oldi, deya ish materiallaridan iqtibos keltirgan CNN telekanali. 

Smirnovning yolg‘on guvohlik berish bo‘yicha ishi 

O‘tgan hafta 43 yoshli Aleksandr Smirnov xorijdan AQShga qaytayotganida Las-Vegas aeroportida qo‘lga olingan edi. AQSh maxsus prokurori Devid Vays Federal tergov byurosining sobiq axborotchisini Jo Bayden va uning o‘g‘li Xanterning Burisma Holdings ukrain energetika kompaniyasi bilan bitimlarga aloqadorligi haqida yolg‘on ko‘rsatma berishda aybladi. 

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Smirnov 2020 yilda Xanter Bayden ishi bo‘yicha tergov jarayonida Burisma rahbariyati unga 2015 va 2016 yillarda Jo Baydenning o‘g‘lini kompaniyani «har xil muammolardan» himoya qilish uchun «otasi orqali» yollaganini tan olganini da’vo qilgan. Smirnov, shuningdek, Burisma rahbariyati Ukraina bosh prokurori tashabbusi bilan kompaniyaga oid tergov bilan bog‘liq «barcha masalalarni hal qilish» uchun Jo va Xanter Baydenning har biriga 5 million dollar to‘laganini aytdi. 

Jo Bayden o‘sha yillarda Barak Obama kabinetida vitse-prezident edi. Xanter Bayden 2014 yildan 2019 yilgacha Burisma direktorlar kengashida ishlagan. Kichik Bayden ustidan tergov olib boruvchi maxsus prokurorning ta’kidlashicha, aslida Smirnov Burisma vakillari bilan 2015 va 2016 yillarda emas, faqat 2017 yilda, Bayden Sr vitse-prezident bo‘lmaganida uchrashgan. Vaysning bayonotida ta’kidlanishicha, axborot beruvchi o‘z ko‘rsatmasida poraxo‘rlik ayblovlarini to‘qib chiqargan, chunki u prezidentlikka nomzod sifatida Jo Baydenga nisbatan adovatda bo‘lgan. 

Comments

http://uzun-quloq.uz/assets/images/user-avatar-s.jpg

0 comment

Write the first comment for this!