qarashlar
Qoʻshimcha funksionallar
O‘zbekiston | 18:14 778 5 daqiqa o‘qiladi Dunyodagi havosi eng iflos shahar – Toshkent havosida PM2,5 zaharli zarrachalari me’yordan 29 marta oshdiBugun, 27 dekabr kuni kun davomida Toshkent shahrida havo sifati o‘ta xavfli darajaga chiqdi. Havo tarkibida PM2,5 zarrachalar 200 mkg/m3 dan baland bo‘lib turibdi. Iqlimshunos kunduz kunlari harorat yuqori ko‘tarilib, pastdan yuqoriga ko‘tariluvchi kuch ta’sirida havoda mayda dispers zarrachalari ko‘payishini taxmin qilgan edi.
Foto: Kun.uz/Muhammadjon G‘aniyev
27 dekabr kuni IQAir stansiyasiga ulangan Toshkent shahridagi 30 ta stansiya havo sifati yomonlashganini ko‘rsatyapti. Havo sifati 8 ta stansiyada qizil - xavfli, 22 tasida esa binafsharang – o‘ta xavfli darajaga chiqqan. Shahar havosida PM2,5 o‘rtacha 219 mkg/m3 ni tashkil qilgan. Bu JSST belgilagan me’yordan 29 marta ko‘p. Bu ko‘rsatkich bilan poytaxt havo iflosligi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqqan. Ayni vaziyat sabablari bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi, O‘zgidromet xizmati va Toshkent shahar hokimligi rasmiy sahifalarida tushuntirish va ogohlantirish berilmadi.
Oldinroq iqlimshunos Erkin Abdulahatov hafta davomida kutilayotgan ob-havo tahlillari haqida yozganida hafta oxirida poytaxt havosida ifloslanish kuzatilishini taxmin qilgan. Unda havo haroratining ko‘tarilib borishi sabab bo‘lishi mumkinligi aytilgan.
“Yakshanba kuni [29 dekabr] O‘zbekistonning katta qismida kutilayotgan kam yog‘in-sochinli ob-havo mayda dispers zarrachalari tarqalishiga imkon bermaydi. Ammo haftaning boshqa kunlari, masalan, dushanba-chorshanba kunlari antitsiklonal jarayonlar bunday zarrachalarning tarqalishi uchun qulay muhitni yuzaga keltiradi. Respublikaning ko‘plab hududlarida antitsiklonal jarayon ta’sirida Quyosh botishi va chiqishidan so‘ng kuzatiladigan inversiya fonida havoda suv bug‘ining to‘yinishi, xiralik (tuman, g‘ubor hodisalari), uning ortidan havoda biroz ifloslanish yuzaga kelishi mumkin.Shanba va yakshanba kunduz kunlari haroratning yuqori ko‘tarilishi pastdan yuqoriga ko‘tariluvchi kuch hisobiga havoda mayda dispers zarrachalari ko‘payishiga zamin yasashi mumkin. Xususan, poytaxtda ham ish haftasi boshida mayda dispers zarrachalari bilan bog‘liq ifloslik biroz ko‘payishini taxmin qilish mumkin”, - deb yozgan iqlimshunos.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida havo sifati yomonlashuvi noyabr oyida ham kuzatilgandi. Unda shahardagi eng yomon holat Yunusobodda o‘rnatilgan Safia pishiriqlar uyi stansiyasida qayd etilgandi. Bunga Yunusobod tumani va unga qo‘shni hududlarda filtrsiz ishlayotgan issiqxonalar asosiy sabab qilib ko‘rsatilgandi.
Umuman shaharda kuz-qish oylarida havo sifati yomonlashuviga bosh rejaning yo‘qligi, avtomashinalarning ko‘paygani va yana boshqa faktorlar sabab bo‘lyapti. Lekin muammoning aynan kuz-qish oylarida rekord darajada tez-tez takrorlanishining bosh sababi – Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxona hamda sanoat zonalaridan chiqayotgan zahar. Obektlar gaz o‘rniga ko‘mir va mazut yoqishga majbur. Bu esa zaharni ko‘paytiryapti. Vaziyatni esa shu obektlarda zaharni tutib qolish uchun filtr o‘rnatilmagani og‘irlashtiryapti.
Havo tarkibida chang zarralari bo‘lganda Sanepidqo‘mita tavsiyalari:
-ko‘chaga iloji boricha kamroq chiqish;
-uy, ishxona va mashina eshiklari va derazalarini zich yopish;
-xona havosi optimal namligini ta’minlash: ho‘l sochiqlarni xonalarga osish, kattaroq sig‘imli idishlarga suv solib qo‘yish;
-ishga, o‘qishga, xarid uchun ko‘chaga chiqqanda tibbiy niqob taqish va har 2 soatda almashtirish;
-ko‘chadan uyga qaytgach dush qabul qilish (soch va yuz-ko‘zlarni yaxshilab yuvish);
-kalit, ko‘zoynak, telefon va sumkani namlangan salfetka bilan yaxshilab artish;
-ko‘chaga kiyib chiqqan kiyimlarni yuvish;
-ustki kiyimlarni (kostyum, plash, palto va boshqalar) maska taqqan holda tashqarida yaxshilab qoqish;
-nim ta’sir etuvchi tuzli suv bilan tomoq va burunlarni tez-tez chayish;
-ko‘proq suyuqlik (iliq) ichish, iloji bo‘lsa ko‘k choy, na’matak damlamasini ichish;
-yog‘li, qovurilgan, dudlangan, tuzlangan, sho‘r, achchiq taomlarni cheklash;
-suyuq sabzavotli taomlar, sut va sut mahsulotlari (qatiq, kefir va boshqalar), ko‘katlar iste’mol qilish.
08:01
19:52 / 26.12.2024
14:55 / 26.12.2024
16:35 / 23.12.2024
“KUN.UZ” saytida eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Guvohnoma: №0987. Berilgan sanasi: 22.06.2015-yil. Muassis: “WEB EXPERT” MCHJ. Tahririyat manzili: 100043, Toshkent shahri, K. Yormatov koʻchasi, 12-uy. Elektron manzil: info@kun.uz.
Saytda eʼlon qilinayotgan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
Ⓣ - maqola va materiallarda qo‘yilgan mazkur belgi ularning tijorat va reklama huquqlari asosida eʼlon qilinganligini bildiradi.
Comments
0 comment